24.06.2024
24-iyun kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putinning telefon orqali muloqoti bo‘lib o‘tdi.
Davlatimiz rahbari Dog‘istonda sodir etilgan terrorchilik harakatlari munosabati bilan chuqur hamdardlik bildirdi, halok bo‘lganlarning oilalariga hamdardlik va dalda so‘zlarini bildirdi.
O‘zbekiston Prezidenti bu g‘ayriinsoniy zo‘ravonlikni qat’iy qoraladi hamda xavfsizlik sohasidagi umumiy tahdidlarga qarshi kurashda tegishli tuzilmalar o‘rtasidagi faol hamkorlikni davom ettirishga tayyorligini bildirdi.
Shuningdek, 26-28-may kunlari Rossiya Federatsiyasi Prezidentining O‘zbekistonga tarixiy tashrifi chog‘ida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish masalalari ham muhokama qilindi.
Kelgusidagi, shu jumladan ko‘p tomonlama tashkilotlar doirasidagi tadbirlar rejasi ham ko‘rib chiqildi.