31.05.2024
Prezident Shavkat Mirziyoyev Qorako‘l tumanidagi “Yangi O‘zbekiston” massivini borib ko‘rdi.
Hududda ilgari bunchalik keng ko‘lamli qurilish bo‘lmagan edi. Davlatimiz rahbarining 2021-yil 13-avgustdagi qaroriga muvofiq “Qorako‘l” erkin iqtisodiy zonasi tashkil etilganidan keyin sanoat jadal sur’atga kirdi. Undagi zavodlarda kelgusida minglab odamlar ish bilan ta’minlanadi. Qolaversa, yurtimizning boshqa hududlaridan ham mutaxassislar kelib ishlaydi. Ularga qulaylik, oilalariga munosib turmush sharoiti yaratish maqsadida mazkur iqtisodiy zona yaqinida yangi massiv bunyod etilmoqda.
Loyiha ikki bosqichli bo‘lib, 1 ming 380 xonadonli 71 ta ko‘p qavatli uy, ta’lim va tibbiyot muassasalari, mahalla markazi hamda xizmat ko‘rsatish obyektlari qurilishi ko‘zda tutilgan.
Hozirda birinchi bosqichda 12 ta ko‘p qavatli uy, maktab, bolalar bog‘chasi, poliklinika foydalanishga topshirilgan.
Prezidentimiz shu yerda mahalla vakillari bilan suhbatlashdi.
- Mahallada “yettilik” hamfikr va hamjihat bo‘lsa, ishsizlik, jinoyat bo‘lmaydi. Buning uchun ularda yetarli vakolat bor. Mutasaddi tashkilotlarni jalb etib, odamlarning daromad topishiga yordam berish kerak. Maktabda ta’lim sifatidan xabardor bo‘lish, bitiruvchilarni oliy ta’limga, daromadli hunarlarga yo‘naltirish zarur, - dedi davlatimiz rahbari.
Atrofni, yo‘l bo‘ylarini obodonlashtirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi. Kelgusida hududda istirohat bog‘i va suzish havzalari tashkil etiladi. Bo‘sh maydonlarga daraxtlar ekilib, xiyobonga aylantiriladi.