Rossiya Federatsiyasi Prezidenti davlat tashrifi bilan Oʼzbekistonga keldi
26.05.2024
Oʼzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevning taklifiga binoan Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin 26-may kuni davlat tashrifi bilan mamlakatimizga keldi.
Toshkent xalqaro aeroportida Rossiya Prezidentini davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoev kutib oldi.
Oliy martabali mehmon sharafiga ikki mamlakat davlat bayroqlari koʼtarildi va faxriy qorovul saf tortdi.
Tashrifning asosiy tadbirlari ertaga, 27-may kuni boʼlib oʼtadi.
Oliy darajadagi muzokaralar davomida rahbarlar Oʼzbekiston bilan Rossiya oʼrtasidagi keng qamrovli strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini yanada rivojlantirish va chuqurlashtirish masalalarini koʼrib chiqadilar.