29.06.2017
Davlatimiz rahbari O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi akademiyasida bo‘lib, u yerda yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan joriy yil 9-fevral kuni ichki ishlar organlari faoliyati, sohadagi mavjud muammo va kamchiliklar, istiqboldagi vazifalarga bag‘ishlab o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida ichki ishlar idoralari faoliyati samaradorligini oshirish, mahalliy hokimliklar, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari bilan hamkorligini yanada takomillashtirish, profilaktika inspektorlari turmush sharoitini yaxshilash, sohani malakali kadrlar bilan ta’minlashga alohida e’tibor qaratildi.
Ichki ishlar tizimini tubdan isloh qilishning huquqiy asoslari takomillashtirildi. Prezidentimiz tomonidan tizim xodimlariga yangi vazifalar yuklatildi. Davlatimiz rahbarining 2017-yil 10-apreldagi «Ichki ishlar organlarining faoliyati samaradorligini tubdan oshirish, jamoat tartibini, fuqarolar huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilishni ta’minlashda ularning mas’uliyatini kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmoni hamda 12-apreldagi “Ichki ishlar organlari faoliyatini yanada takomillashtirishga doir tashkiliy chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi akademiyasi Markaziy Osiyoda huquqni muhofaza qilish organlari uchun kadrlar tayyorlash bo‘yicha eng yirik oliy ta’lim muassasalaridan biri hisoblanadi. Akademiya O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1994-yil 2-sentabrdagi qarori asosida tashkil etilgan.
Akademiyaning to‘rtta zamonaviy o‘quv binosi, tinglovchilar uchun ikkita yotoqxona, mehmonxona va boshqa zarur inshootlari bor. Tinglovchilar bilan o‘quv mashg‘ulotlari o‘tkazish uchun 18 ma’ruza zali, 150 o‘quv auditoriyasi va o‘quv-metodik kabinet, uchta sport zali va suv havzasiga ega bo‘lgan sport majmuasi, tennis korti va atletik tayyorgarlik bilan shug‘ullanish uchun sport maydonchalari, ikki galereyali o‘q otish tiri, kriminalistik poligon, yopiq televideniye tizimiga ega bo‘lgan telemarkaz, eng zamonaviy komputerlar bilan jihozlangan 20 komputer sinfi va boshqalar mavjud.
Tinglovchilar 500 mingdan ortiq nusxadagi o‘quv, ilmiy, ijtimoiy-siyosiy, maxsus va badiiy adabiyotni, davriy nashrlarni o‘z ichiga olgan 4 kutubxona xizmatidan foydalanadi. Bu yerda zamonaviy komputer va matbaa uskunalari bilan jihozlangan bosmaxona faoliyat ko‘rsatmoqda.
Haqiqiy vaziyatga yaqinlashtirilgan sharoitlarda amaliy mashg‘ulotlar o‘tkazish uchun akademiyaning shahardan tashqaridagi harbiy- dala o‘quv markazi mavjud. Bu yerda 600 kishiga mo‘ljallangan ma’ruza zali, o‘quv sinflari, taktik shaharcha, ommaviy qirg‘in qurolidan saqlanish shaharchasi, havo kemasida qurollangan jinoyatchilarni qo‘lga olish operatsiyalarini o‘rganish uchun «YaK–40» samolyoti, «SXRON» yer osti majmuasi – avtomat, karabin, snayperlar miltig‘i va to‘pponchadan o‘q otish maydoni mavjud.
Bu yerda tinglovchilar va xodimlarning salomatligini tiklashi va dam olishiga alohida e’tibor qaratiladi. Akademiya hududida 30 o‘ringa mo‘ljallangan tinglovchilar «minipoliklinikasi» faoliyat ko‘rsatmoqda. Butun hudud ko‘kalamzorlashtirilgan, gulzorlar yaratilgan, 10 favvora ishlab turibdi.
Ayni paytda mavjud bino va inshootlarni qurish va ta’mirlash ishlari olib borilmoqda.
Davlatimiz rahbari 2017-2021-yillarda IIV akademiyasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha loyihalar bilan tanishdi.
Prezidentimiz sohada yuqori malakali, professional kadrlar tayyorlashni yo‘lga qo‘yish, shaxsiy tarkibning kasb mahorati, ma’naviy-ma’rifiy, huquqiy bilimini puxta shakllantirish borasida tegishli ko‘rsatmalar berdi.