14.05.2024
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 14-may kuni Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibining o‘rinbosari, "BMT-ayollar" tuzilmasi ijrochi direktori Sima Sami Baxus boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi.
BMT delegatsiyasi shu kunlarda Samarqand shahrida bo‘lib o‘tgan Osiyo xotin-qizlar forumi dasturi doirasida mamlakatimizda bo‘lib turibdi.
Birlashgan Millatlar Tashkilotining gender tenglik masalalari bo‘yicha yetakchi instituti rahbari Prezidentimizga Bosh kotib Antoniu Guterrishning samimiy salomi va eng ezgu tilaklarini yetkazdi.
O‘zbekistonda xotin-qizlarning mavqeini tubdan yaxshilash va jamiyatdagi maqomini oshirishga qaratilgan samarali islohotlarga yuksak baho berildi.
Uchrashuvda mamlakatimizning "BMT-ayollar" tuzilmasi bilan konstruktiv hamkorligini yanada rivojlantirish masalalari ko‘rib chiqildi.
Ta’kidlash joizki, O‘zbekiston xotin-qizlar huquqlarini himoya qilish va manfaatlarini ilgari surish sohasidagi barcha asosiy xalqaro konvensiyalarga qo‘shilgan, BMTning tegishli komissiyasi ishida faol ishtirok etmoqda.
Osiyo xotin-qizlari forumining samarali yakunlari yuqori baholandi. Ushbu forumni Osiyo mintaqasida ayollar huquqlarini kengaytirish masalalari bo‘yicha doimiy muloqot platformasiga aylantirish muhimligi ta’kidlandi.
O‘zaro hamkorlik bo‘yicha, shu jumladan mintaqaviy darajadagi aniq loyiha va dasturlarni o‘z ichiga olgan o‘rta muddatli istiqbolga mo‘ljallangan dasturni qabul qilish zarurligi qayd etildi.
"BMT-ayollar" tuzilmasining mamlakatimizda vakolatxonasini ochish masalasi qo‘llab-quvvatlandi.