13.05.2024
Prezident Shavkat Mirziyoyev 13-may kuni ko‘mir qazib chiqarishni oshirish rejalari taqdimoti bilan tanishdi.
Aholi va iqtisodiyotning o‘sib borayotgan ehtiyojini ta’minlash uchun energetikaning barcha yo‘nalishlari rivojlantirilmoqda. Jumladan, muayyan tarmoqlarda ko‘mirdan foydalanish qo‘l keladi. Hisob-kitoblarga ko‘ra, yurtimizdagi ko‘mir zaxiralari qariyb 2 milliard tonnani tashkil etadi.
Bu imkoniyat ishga solinib, ko‘mir qazib olish hajmi izchil oshirib kelinmoqda. Xususan, 2016-yilda bu ko‘rsatkich yiliga 4 million tonnadan kam bo‘lgan bo‘lsa, 2023-yilda 6 million 550 ming tonnaga yetdi.
Davlatimiz rahbari konlarga investorlarni jalb qilib, yangi loyihalarni amalga oshirish zarurligini aytgan edi. O‘tgan yili bu borada sezilarli siljish bo‘lib, tadbirkorlar tomonidan 369 ming tonna ko‘mir qazib chiqarildi.
Taqdimotda sohadagi rejalar haqida ham axborot berildi. Qayd etilganidek, bu yil ko‘mir qazib chiqarish 8 million tonnaga yetkaziladi. Shundan 900 ming tonnasi tadbirkorlar tomonidan olinadi. “Sharg‘unko‘mir” aksiyadorlik jamiyatida yiliga 500 ming tonna ko‘mirni boyitish uskunasi ishga tushiriladi.
Surxondaryo, Qashqadaryo va Toshkent viloyatlaridagi to‘rtta maydonda geologiya ishlari olib borilmoqda va kelgusi yilda qazib chiqarishga yo‘naltiriladi.
Shu bilan birga, ilg‘or xorijiy tajribani qo‘llagan holda ko‘mir qatlamlarini baholash va burg‘ilash ishlari davom ettirilmoqda. Bularning natijasida 2025 yilda ko‘mir qazib chiqarish hajmini 10 million tonnaga yetkazish rejalashtirilgan.
Mutasaddilarga sohada xalqaro standartlarni joriy etib, ko‘mir sifatini oshirish, investitsiya loyihalarini jadallashtirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.