10.05.2024
Prezident Shavkat Mirziyoyev 10-may kuni qishloq xo‘jaligini iqlim o‘zgarishiga moslashtirish, yerlardan samarali foydalanish va sohani ilmiy rivojlantirishga qaratilgan takliflar taqdimoti bilan tanishdi.
Mamlakatimizda 3 million gektar yaylov va ekin yerlari degradatsiyaga uchragan, 2 million gektarga yaqini turli darajada sho‘rlangan. Xorijiy ekspertlar iqlim o‘zgarishi sababli 2030-yilga borib, mintaqamizda suv resurslari qariyb 6 foizga qisqarishini aytmoqda. Buning choralarini hozirdan ko‘rish zarur.
Shu bois qishloq xo‘jaligida iqlim o‘zgarishiga moslashish va sohaning iqlimga salbiy ta’sirini yumshatish bo‘yicha 52 banddan iborat milliy dastur ishlab chiqildi. Dastur doirasidagi chora-tadbirlarga 294 million dollardan ortiq grant mablag‘lari jalb qilish nazarda tutilgan.
Jumladan, Orolbo‘yida 1 million gektardagi agroekologik landshaftlar hamda degradatsiyaga uchragan yaylovlar holati yaxshilanadi. Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Xorazm, Buxoro va Qashqadaryo viloyatlarida ihotazorlar barpo qilinadi. Suv ta’minoti og‘ir yerlarda qizilmiya, na’matak, kunjut, artemiya yetishtirish yo‘lga qo‘yiladi.
Iqlim o‘zgarishini tahlil va bashorat qilish bo‘yicha markaz tuzilib, 5 ta viloyatda agrometeorologiya stansiyalari o‘rnatiladi. Shuningdek, Italiya bilan hamkorlikda Intensiv urug‘chilik va ko‘chatchilik xalqaro markazi, sho‘rga va suvsizlikka chidamli ekinlar bo‘yicha urug‘chilik xo‘jaligi tashkil etiladi.
Suvni tejash masalasi, ayniqsa, Amudaryoning quyi mintaqasida dolzarb. Shu bois, yana bir hujjatga ko‘ra, Qoraqalpog‘istonda yerni lazerli tekislash xarajatlari uchun subsidiya ajratish rejalashtirilmoqda. Ya’ni, paxta, boshoqli don va sholi yetishtiruvchilarga lazerli tekislangan har bir gektar maydonga sarflangan yoqilg‘i-moylash materiallari xarajati 100 foizgacha qismini qoplash uchun Davlat budjetidan subsidiya beriladi.
Birinchi bosqichda bu To‘rtko‘l, Beruniy va Amudaryo tumanlarida amalga oshiriladi. Bunday maydonlarda hosildorlik o‘rtacha 5-7 sentnerga oshadi va suv sarfi 15-20 foiz tejaladi.
Akademik M.Mirzayev nomidagi bog‘dorchilik, uzumchilik va vinochilik ilmiy-tadqiqot institutining yer maydonlaridan samarali foydalanish rejalari ham bayon qilindi.
Xususan, institutning Bandixon ilmiy-tajriba stansiyasidagi 142 gektar yer qaytadan foydalanishga kiritiladi. 300 gektar maydonda suv tejaydigan zamonaviy texnologiyalar o‘rnatilib, eksportbop meva va uzumzorlar barpo etiladi.
Qiziltepa tumanidagi Navoiy ilmiy-tajriba stansiyasida uzum ko‘chatchiligi bo‘yicha tajriba xo‘jaligi tashkil etilib, Fransiya va boshqa davlatlarning eksportbop navlari ko‘chati olib kelinadi. Har ikki stansiyada suv ta’minotini yaxshilash uchun energiya tejamkor nasos agregati va transformator o‘rnatiladi.
Qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining uzluksizligida issiqxonalarning alohida o‘rni bor. So‘nggi yillarda ularning maydoni 2,6 baravar, mahsulot yetishtirish hajmi 3 baravardan ziyod oshgan. Ushbu tarmoqda 80 ming aholi doimiy va 70 ming nafari mavsumiy ish bilan band.
Issiqxona xo‘jaliklarining samardorligini oshirish maqsadida xorijdan malakali agronom, entomolog va laboratoriya mutaxassislarini jalb qilish xarajatlarining 50 foizini, ko‘mir qozoni sotib olish xarajatlarining 20 foizgacha qismini qoplash taklif etilmoqda.
Davlatimiz rahbari har doim sohani ilmiy rivojlantirish talabini qo‘yadi. Shu maqsadda Tolali ekinlar ilmiy-tadqiqot instituti faoliyatini tashkil etish taklifi bildirildi.
Institutda yangi yo‘nalishdagi tolali ekinlar bo‘yicha tadqiqot ishlari yo‘lga qo‘yiladi. Tarmoqda ilmiy natijalarga asoslangan yangi texnologiyalar, asbob-uskunalar joriy etiladi. Fan va ishlab chiqarish samarali bog‘lanib, paxta-to‘qimachilik korxonalari rentabelligi ortadi. Paxta, kanop va zig‘ir homashyolaridan olinadigan mahsulotlarning xalqaro standart talablariga mosligi ta’minlanadi.
Prezidentimiz bu takliflarni takomillashtirib, manzilliligi va natijadorligini ta’minlash bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.