08.05.2024
Prezident Shavkat Mirziyoyev 9-may – Xotira va qadrlash kuni hamda Ikkinchi jahon urushida qozonilgan buyuk g‘alabaning 79 yilligiga bag‘ishlangan marosimda ishtirok etdi.
Yangi O‘zbekistonda “Inson qadri uchun” degan ezgu tamoyil barcha sohalarda amalga oshirilayotgan islohotlarning bosh g‘oyasini tashkil etadi.
Bu jihatlar Ikkinchi jahon urushi yillarida Vatan va xalq ozodligi yo‘lida mardlik va jasorat namunasini ko‘rsatib, jang maydonlarida jonini fido qilgan ota-bobolarimiz, mustaqillik yillarida xalqimizning tinchligi va osoyishtaligini himoya qilish hamda o‘z xizmat burchini ado etish yo‘lida halok bo‘lgan jasur harbiylarimiz xotirasini abadiylashtirish, urush yillarida katta qiyinchiliklarni sabr-bardosh bilan yengib o‘tgan, front ortida fidokorona mehnat qilgan faxriylarimizga g‘amxo‘rlik va e’tibor ko‘rsatish borasidagi ishlarda ham namoyon bo‘lmoqda.
Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan Toshkent shahrida xalqimiz jasoratining yorqin ramzi sifatida bunyod qilingan muhtasham G‘alaba bog‘i yodgorlik majmuasi qisqa vaqt ichida qutlug‘ ziyoratgohga aylandi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev G‘alaba bog‘iga tashrif buyurib, xotira marosimida ishtirok etdi. “Matonat madhiyasi” yodgorligi poyiga gulchambar qo‘ydi.
Ushbu majmuadagi har bir ekspozitsiya, timsol va bitiklar mudhish urush haqiqatlarini ifoda etadi. “Matonat madhiyasi” yodgorligi urushda o‘z bolasidan, yoridan judo bo‘lgan barcha ayollar sharafiga o‘rnatilgan muazzam obidadir. Bog‘ bo‘ylab taralayotgan mungli kuy xalqimizning yo‘qotishlari, halok bo‘lgan insonlar taqdirini yodga soladi.
– Bu sanani biz ham xursandchilik, ham iztirob bilan nishonlaymiz. Urushning xalqimiz boshiga solgan og‘ir kulfatlari, oradan shuncha yillar o‘tsa-da, unutilmaydi. O‘sha paytda respublikamiz aholisi 6,5 million kishi bo‘lgan bo‘lsa, shundan 1 million 950 mingdan ortig‘i urushda qatnashgan. Ularning 538 mingdan ziyodi qonli janglarda halok bo‘lgani, 158 mingdan ko‘prog‘i bedarak ketgani biz uchun hech qachon o‘rnini to‘ldirib bo‘lmaydigan og‘ir yo‘qotishdir. So‘nggi yillarda mana shunday xotira majmualari va muzeylar tashkil qilib, bu haqiqatni muhrlab qo‘ydik. Bu ishlarimiz xalqimiz, ayniqsa, yoshlarimiz tarbiyasida ulkan ahamiyatga ega, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Bugungi kunda G‘alaba bog‘i yurtdoshlarimiz, yoshlar uchun o‘ziga xos vatanparvarlik, tinchliksevarlik maktabi bo‘lib xizmat qilmoqda. Bu yerda “uch avlod uchrashuvlari”, xotira tadbirlari, tarix darslari o‘tkazilmoqda. Shu kungacha majmuaga 2 million 200 ming nafardan ziyod kishi tashrif buyurib, Ikkinchi jahon urushida ko‘pmillatli O‘zbekiston xalqi ko‘rsatgan jasorat va matonat tafsilotlari bilan yaqindan tanishgan.
Majmua jamoasi tomonidan 50 ga yaqin kitob-albom va monografiyalar yaratilgani, ilgari noma’lum bo‘lgan yuzlab tarixiy dalillar ilmiy muomalaga kiritilgani, 2 million nafarga yaqin urush qatnashchilari ro‘yxati shakllantirilgani, aholi murojaatlari bo‘yicha bedarak ketgan jangchilar taqdiriga oid ma’lumotlar to‘planganini alohida ta’kidlash lozim.
Mamlakatimizda xotira marosimlari, urush va mehnat faxriylari, mustaqillik yillarida xizmat burchini bajarish chog‘ida halok bo‘lgan harbiy xizmatchilar va huquq-tartibot idoralari xodimlarining xotirasini ulug‘lashga qaratilgan katta ishlar muntazam amalga oshirilmoqda. Jumladan, davlatimiz rahbarining 2024-yil 16-aprelda qabul qilingan “Ikkinchi jahon urushi qatnashchilarini rag‘batlantirish to‘g‘risida”gi farmoni ana shunday hurmat va e’tiborning yana bir amaliy ifodasidir. Mazkur farmonga muvofiq, urush qatnashchilari va nogironlariga pul mukofotlari tantanali ravishda topshirildi.
Yolg‘iz yashayotgan urush va mehnat faxriylari, istiqlolimiz himoyasi yo‘lida halok bo‘lgan harbiy xizmatchilar oilalarining uy-joylari ta’mirlanib, obod qilinmoqda.
Tadbirda O‘zbekiston Qurolli Kuchlari, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, mahalla faollari va nuroniylar ham ishtirok etib, “Matonat madhiyasi” yodgorligi poyiga gullar qo‘yishdi.
Prezidentimiz tashabbusi bilan G‘alaba bog‘i hududida yana bir majmua – Mustaqillik fidoyilari xiyobonini tashkil etish rejalashtirilgan. Tashrif chog‘ida ushbu majmua loyihasi taqdimot qilindi.
– Inson xotirasi va qadrini ulug‘lash borasidagi ishlarimizning uzviy davomi sifatida G‘alaba bog‘i tarkibida mana shu xiyobonni barpo etsak va unga Mustaqillik fidoyilari xiyoboni, deb nom bersak, o‘ylaymanki, el-yurtimiz qalbidagi orzu-armon va ezgu intilishlarni ro‘yobga chiqargan bo‘lamiz, – dedi davlatimiz rahbari. – Istiqlol yillarida O‘zbekiston Respublikasini, xalqimizning tinch va osoyishta hayotini himoya qilish yo‘lida halok bo‘lgan mard va jasur o‘g‘lonlarimizning aziz xotirasiga ehtirom ko‘rsatish barchamiz uchun ham farz, ham qarzdir. Vatanga fidoyilik namunasini ko‘rsatgan, yurt tinchligi va kelajagi uchun kerak bo‘lganda jonini qurbon qilgan bu bahodir farzandlarimizning qahramonligi xalqimiz, yosh avlodimiz uchun doimo o‘rnak va namuna bo‘lib xizmat qiladi.
Mamlakatimiz va chet ellik mutaxassislar hamkorligida har tomonlama puxta ishlab chiqilgan betakror loyihaga ko‘ra, Mustaqillik fidoyilari xiyobonida ona yurtimizga uyushtirilgan terrorchilik xurujlariga qarshi kurashda, shuningdek, o‘z harbiy burchini ado etish chog‘ida halok bo‘lgan askar va ofitserlarning qutlug‘ nomlari va o‘chmas xotirasi abadiylashtiriladi.
Davlatimiz rahbari majmua g‘oyasi va qurilishi bo‘yicha mutasaddilarga tegishli ko‘rsatmalar berdi.