08.05.2024
Shu kunlarda yurtimizda 9-may – Xotira va qadrlash kuni keng nishonlanmoqda. Prezident farmoniga muvofiq, Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari va nogironlariga bir martalik pul mukofoti topshirilmoqda. Ularning holidan xabar olinib, mehr-ehtirom ko‘rsatilayotir.
Yuz yosh bilan yuzlashib, hayotning barcha achchiq-chuchugini ko‘rgan bu insonlar uchun eng muhimi sog‘lik. Shuning uchun ularning salomatligini mustahkamlashga doimiy e’tibor qaratilmoqda. Ayni kunlarda ham bir guruh urush faxriylari gospital va sanatoriylarda davolanmoqda.
Prezident Shavkat Mirziyoyev 8 may kuni Mudofaa vazirligining Markaziy harbiy klinik gospitaliga borib, urush qatnashchilari holidan xabar oldi.
Uskan ota Xadjimanov Boyovut tumanidan, Fayzulla ota Nurmatov Oqqo‘rg‘on tumanidan, Anarboy ota Jalilov Parkent tumanidan, Muhiddin ota Dusanbayev O‘rtachirchiq tumanidan kelib davolanmoqda. Ular hayotidan rozi ekani, davlatimizning va odamlarning hurmatidan xursand ekanini aytishdi. Salomatliklari tuman tibbiyot birlashmasining doimiy nazoratida, bepul dori-darmon va har yili sanatoriylarga yo‘llanmalar beriladi.
Nuroniylar Prezidentimizga nevara-chevaralarining o‘qish va ishlari, yutuqlari haqida so‘zlab berishdi. Ular ta’lim, qurilish, ichki ishlar, qishloq xo‘jaligi kabi turli sohalarda samarali mehnat qilib, yurtimiz ravnaqiga hissa qo‘shmoqda. Yoshlar zamonaviy bilim olib, chet ellarga o‘qishga ketmoqda. Bobolar ularni tinchlikning qadriga yetish, vatanparvarlik, mehnatsevarlikka da’vat etib keladi.
– Hamma harakatlarimiz xalqimizni rozi qilish uchun, – dedi Shavkat Mirziyoyev. – Islohotlar natijasi eng quyiga, har bir xonadonga kirib borishini istaymiz. Rejalarimiz ham katta. Hamma jipslashsa, birgalikda harakat qilsa, o‘ylagan niyatlarimizga tezroq yetishamiz. Sizdek nuroniylarning duolari bunda bizga madadkor bo‘ladi. Sizlarning hayotingiz iroda, jasorat maktabi, gaplaringiz yoshlarga ibrat.
Otaxonlar mehr-e’tibor uchun davlatimiz rahbariga rahmatlar aytdi. Dunyoning tinchligi, yoshlarning porloq kelajagini so‘rab duolar qildi.
Gospitalda Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari munosib parvarish qilinmoqda. Bu muassasa mukammal ta’mirlanib va yangi binolar qurilib, 2022-yil foydalanishga topshirilgan edi. Gospital jami 700 o‘ringa mo‘ljallangan bo‘lib, bu yerda harbiy xizmatchilar, ularning oila a’zolari, soha faxriylari bepul davolanadi. Buning uchun 286 xil diagnostik tekshiruv, 600 dan ortiq amaliyotlar yo‘lga qo‘yilgan, 30 ga yaqin ixtisoslashgan bo‘limlar tashkil etilgan.