30.04.2024
Aziz farzandlarim!
Shu kunlarda Qatar davlatida futbol bo‘yicha yoshlar o‘rtasida bo‘lib o‘tayotgan Osiyo kubogida muvaffaqiyatli ishtirok etib, biryo‘la final yo‘llanmasi hamda shu yil yozda Parijda o‘tkaziladigan Olimpiya o‘yinlari yo‘llanmasini qo‘lga kiritganingiz bilan chin qalbimdan samimiy muborakbod etaman.
Jonajon O‘zbekistonimizning futbol tarixida birinchi marta erishilgan bunday yorqin g‘alabani, hech shubhasiz, mamlakatimizdagi barcha sport muxlislari, ko‘pmillatli butun xalqimiz cheksiz quvonch va g‘urur bilan kutib oldi.
Zero, bu el-yurtimizning necha yillik buyuk orzusi edi.
Bu orzuni amalga oshirish aynan sizlarga – Yangi O‘zbekistonning navqiron farzandlariga nasib etgani bilan har qancha faxrlansangiz, arziydi.
Albatta, sizlar erishgan bu tarixiy g‘alaba zamirida keyingi yillarda mamlakatimizda sport sohasini, jumladan, futbolni rivojlantirishga berilayotgan ulkan e’tibor va amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli amaliy ishlar mujassam, desak, ayni haqiqatni aytgan bo‘lamiz.
Shu bilan birga, sizdek azmu shijoatli yoshlarimizning tajribali murabbiy va mutaxassislar rahbarligida mazkur musobaqaga puxta tayyorgarlik ko‘rib, har bir o‘yinda chinakam mahorat, jasorat va matonat namunasini ko‘rsatganingiz albatta yuksak tahsinga munosibdir.
Osiyo qit’asidagi eng kuchli jamoalar bilan qizg‘in kurashlar ostida bo‘lib o‘tgan 5 ta o‘yinda ham jamoamiz darvozasini daxlsiz saqlab, raqiblar darvozasiga 14 ta javobsiz to‘p kiritganingiz ham futbolimiz tarixida misli ko‘rilmagan natijadir.
Ishonchim komilki, sizlar bu yutuqdan yanada ruhlanib, final bellashuvida “Osiyo chempioni” degan sharafli nom uchun munosib kurash olib borasiz.
Fursatdan foydalanib, barchangizga, sizlarning mehribon ota-onalaringiz, ustoz-murabbiylaringizga ham chin qalbimdan minnatdorchilik bildiraman.
Butun O‘zbekiston xalqi sizlarga hamisha baxt va omadlar, porloq g‘alabalar tilaydi, aziz bolalarim!
Shavkat Mirziyoyev,
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti