23.04.2024
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 23-aprel kuni Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qasim-Jomart Toqayev bilan telefon orqali muloqot qildi.
Davlatimiz rahbari qardosh Qozog‘iston yetakchisi va xalqiga ushbu mamlakat hududidagi keng miqyosli toshqinlar natijasida insonlar qurbon bo‘lgani munosabati bilan hamdardlik izhor etdi.
Bunday tabiiy ofatlar keyingi paytlarda mintaqamizda kuzatilayotgan iqlimning salbiy o‘zgarishlari oqibati ekani qayd etildi.
Bu borada yaqin amaliy hamkorlikni davom ettirishga kelishib olindi.
Prezidentlar yaqinda Xiva shahrida bo‘lib o‘tgan uchrashuvdagi kelishuvlarni amalga oshirish doirasida O‘zbekiston bilan Qozog‘iston o‘rtasidagi yaxshi qo‘shnichilik, strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini yanada kengaytirishning dolzarb masalalarini muhokama qildilar.
Mintaqaviy ahamiyatga molik masalalar va bo‘lajak oliy darajadagi uchrashuvlar rejasi ham ko‘rib chiqildi.