18.04.2024
O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Tojikiston Prezidenti Emomali Rahmon oliy darajadagi muzokaralardan so‘ng ommaviy axborot vositalari vakillari uchun bayonot bilan chiqdilar.
O‘zbekiston Prezidenti Tojikiston Prezidenti va xalqiga har doimgidek iliq va samimiy qabul uchun dildan minnatdorlik bildirdi.
Tomonlar do‘stlik va ishonch muhitida o‘tgan oliy darajadagi uchrashuvlar yakunlarini yuksak baholadilar.
- Yana bir bor ta’kidlayman, Tojikiston O‘zbekiston uchun eng yaqin, ishonchli, asrlar bilan sinalgan strategik sherikdir. Birodar o‘zbek va tojik xalqlari ko‘p asrlik do‘stlik rishtalari bilan chambarchas bog‘langan. Bizni umumiy tarix, madaniy va ma’naviy qadriyatlar, an’ana va urf-odatlar birlashtirib turadi, - dedi Shavkat Mirziyoyev.
Qardosh xalqlarimizning tub manfaatlariga to‘liq mos bo‘lgan Ittifoqchilik munosabatlari to‘g‘risidagi shartnomaning imzolanishi ushbu tashrifning chinakam tarixiy natijasi bo‘lgani qayd etildi:
- Bu qadam bilan O‘zbekiston va Tojikiston o‘rtasidagi ko‘p qirrali strategik sheriklik va ittifoqchilikni chuqurlashtirish bo‘yicha ortga qaytmas yo‘ldan yurishga qat’iy intilishimizni tasdiqladik. Ushbu muhim hujjat, hech mubolag‘asiz, ikki tomonlama munosabatlarda yangi tarixiy davrni anglatadi.
Savdo va sanoat kooperatsiyasini kengaytirish hamkorlikning ustuvor yo‘nalishi etib belgilandi.
Keyingi yillarda bir necha o‘n karra ko‘paygan tovar ayirboshlash barqaror o‘sib borayotgani katta mamnuniyat bilan qayd etildi.
Ikki mamlakat hukumatlari oldiga tovar ayirboshlashni, shu jumladan uchinchi mamlakatlardan importning o‘rinini faol to‘ldirish orqali 2 milliard dollarga yetkazish vazifasi qo‘yildi.
Kuni kecha o‘tgan biznes forumida salmoqli shartnomalar va bitimlar to‘plami imzolangani ushbu maqsadga xizmat qiladi.
Shuningdek, “Oybek-Fotexobod” chegaraoldi erkin savdo zonasi va “Andarxon” savdo-logistika markazini tashkil etish ishlarini jadallashtirish muhimligi ta’kidlandi.
Oliy darajadagi uchrashuvlar chog‘ida sanoat kooperatsiyasida, eng avvalo, ikki mamlakat bir-birini to‘ldirib turgan an’anaviy tarmoqlarda yangi o‘sish nuqtalari belgilab olindi.
Mashinasozlik, energetika, elektrotexnika, metallurgiya, qazib chiqarish, to‘qimachilik, farmatsevtika, agrosanoat va boshqa ustuvor tarmoqlardagi qo‘shma loyihalar shular jumlasidan.
Bunday muhim loyihalarni qo‘llab-quvvatlash uchun O‘zbekiston-Tojikiston investitsiya kompaniyasining salohiyatidan samarali foydalaniladi.
Suv-energetika sohasidagi hamkorlikka alohida e’tibor qaratildi. Transchegaraviy suv resurslaridan birgalikda foydalanish sohasida konstruktiv hamkorlikni davom ettirishga tayyorlik bildirildi.
Hamkorlikning yana bir strategik yo‘nalishi – ikki mamlakat transport-tranzit salohiyatini oshirish uchun qulay sharoitlar yaratish.
Yo‘lovchi va yuklar tashish hajmini oshirish, zamonaviy chegaraoldi va bojxona infratuzilmasini yaratish bo‘yicha qo‘shma choralar ko‘riladi.
Hududlararo hamkorlik salohiyatini faol ishga solish zarurligi qayd etildi.
Ko‘rgazmalar, teatrlarning ijodiy safarlari, yoshlar va ta’lim forumlarini muntazam o‘tkazish, sport dasturlarini amalga oshirish, turizm xizmatlarini kengaytirish orqali madaniy-gumanitar almashinuvni chuqurlashtirish masalalari muzokaralardan muhim o‘rin egalladi.
Tomonlar ushbu tarixiy tashrif, uning samarali natijalari va imzolangan muhim hujjatlar ikki mamlakatning jadal taraqqiyotiga xizmat qilishi, birodar O‘zbekiston va Tojikiston xalqlarining umumiy farovonligini ta’minlashiga ishonch bildirdilar.