15.04.2024
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 15-aprel kuni Ko‘rfaz arab davlatlari hamkorlik kengashi bosh kotibi Jasim bin Muhammad al-Budayviyni qabul qildi.
O‘zbekiston bilan Kengash o‘rtasidagi konstruktiv muloqotni yanada rivojlantirish va hamkorlikni mustahkamlash masalalari ko‘rib chiqildi.
Davlatimiz rahbari mintaqalar o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlikning bugungi sur’atidan mamnunligini bildirdi hamda Toshkent shahrida o‘tgan tashqi ishlar vazirlari ikkinchi uchrashuvining samarali yakunlarini yuqori baholadi.
O‘tgan yili Jidda shahrida o‘tgan Markaziy Osiyo mamlakatlari va Ko‘rfaz arab davlatlari birinchi sammitida erishilgan kelishuvlar ijrosining borishi muhokama qilindi.
O‘zbekiston tomonidan investitsiya, savdo, yuqori texnologiyalar, turizm va boshqa yo‘nalishlarda ilgari surilgan tashabbus va takliflarni amalga oshirishga alohida e’tibor qaratildi.
2025-yilda Samarqand shahrida o‘tadigan ikkinchi sammit kun tartibini tayyorlash bilan bog‘liq masalalar ko‘rib chiqildi.