01.04.2024
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 1-aprel kuni joriy yilning yanvar oyida o‘tgan oliy darajadagi uchrashuvdagi kelishuvlar doirasida mamlakatimizga kelgan Xitoy Xalq Respublikasi Davlat kengashi a’zosi, jamoat xavfsizligi vaziri Van Syaoxun boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi.
Yuqori martabali mehmon O‘zbekiston yetakchisiga ko‘rsatilayotgan mehmondo‘stlik uchun chuqur minnatdorlik bildirib, Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpinning salomi va eng ezgu tilaklarini yetkazdi.
Uchrashuvda xavfsizlikka nisbatan zamonaviy xatar va tahdidlarga qarshi kurashishda amaliy hamkorlikni yanada kengaytirish va birgalikdagi sa’y-harakatlarni muvofiqlashtirish masalalari ko‘rib chiqildi.
Davlatimiz rahbari O‘zbekiston bilan Xitoy o‘rtasidagi do‘stlik va barcha sharoitlarda strategik sheriklik munosabatlari bugun yuksak darajaga ko‘tarilganini alohida mamnuniyat bilan ta’kidladi. Huquqni muhofaza qilish sohasida samarali idoralararo hamkorlik uchun mavjud salohiyat va imkoniyatlar qayd etildi.
Ustuvor yo‘nalishlar sifatida jamoat xavfsizligining asosiy yo‘nalishlari bo‘yicha tajriba almashish va qo‘shma tadbirlar o‘tkazish, zamonaviy axborot texnologiyalari va innovatsion usullarni joriy qilish, kiberjinoyatchilikka qarshi kurashish, malakali mutaxassislarni tayyorlash va boshqalar ko‘rsatib o‘tildi.
Mintaqaviy hamkorlik masalalari yuzasidan ham fikr almashildi.