18.03.2024
Prezident Shavkat Mirziyoyev 18-mart kuni O‘simliklar karantini va himoyasi agentligida bo‘lib, sohadagi rejalar taqdimoti bilan tanishdi.
Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi bu agentlik o‘simliklar karantini, himoyasi va agrokimyo sohalarida davlat boshqaruvi organi hisoblanadi. Shunga muvofiq, tuproq, o‘g‘itlar va qishloq xo‘jaligi mahsulotlari tarkibini tahlil qiladi, zararli organizmlar kirib kelishi va tarqalishiga qarshi kurashib, fitosanitar toza mahsulotlar yetishtirilishini ta’minlaydi.
So‘nggi yillarda sohada 7 ta yangi axborot tizimi joriy qilinib, 40 ta yo‘nalish raqamlashtirildi. Xalqaro tashkilotlar va moliya institutlarining 20 million dollarga yaqin grant mablag‘lari jalb etilib, laboratoriya va uskunalar yangilandi. Hududlardagi statsionar va mobil laboratoriyalar orqali 1 million 40 ming gektar yerning tuproq tahlili o‘tkazilib, mineral o‘g‘itlarni qo‘llash me’yorlari ilmiy asosda belgilandi va “uzagrolab.uz” dasturiga kiritildi. Undagi ma’lumot va tavsiyalar orqali fermerlar dala va bog‘larga aniq ishlov bermoqda.
Bunday chora-tadbirlar meva-sabzavotlarimiz sifati va xavfsizligida muhim omil bo‘lmoqda. Bugungi kunda 80 ta davlatga qishloq xo‘jaligi mahsulotlari eksporti uchun 620 ta fitosanitar ruxsatlar olingan. “GSP+” tizimi doirasida 200 ming gektar maydon xalqaro talablarga moslashtirilgan. 2023-yilda qishloq xo‘jaligi sohasidagi eksport qariyb 2 milliard dollarni tashkil etgan. Lekin aslida eksport salohiyati bundan ancha ko‘p.
Shu yil 18-yanvar kuni eksport va sanoat masalalari bo‘yicha bo‘lib o‘tgan videoselektor yig‘ilishida meva-sabzavotchilik sohasidagi chora-tadbirlar ham belgilangan edi. Xususan, O‘simliklar karantini va himoyasi agentligiga eksportbop mahsulotlar ekilishini tashkillashtirish hamda yangi salohiyatli bozorlar topish bo‘yicha vazifa qo‘yilgandi.
Taqdimotda shu borada qilinayotgan ishlar va rejalar haqida axborot berildi.
Loyihalardan biri “Agroko‘makchi” mobil ilovasi bo‘lib, unda o‘simliklar himoyasi, bu sohadagi xizmatlar, foydali ma’lumotlar, eksport bo‘yicha maslahatlar bilan tanishish mumkin.
Asiaexport.se platformasi esa yurtimizdagi eksportchilar bilan chet eldagi xaridorlarni o‘zaro bog‘laydi. Unda nafaqat meva-sabzavotlar va quritilgan mevalar, balki sharbatlar, uy-ro‘zg‘or buyumlari, qandolatchilik, to‘qimachilik, charmdo‘zlik va farmatsevtika mahsulotlari kabi keng turdagi tovarlarlar haqida ma’lumotlar joylashtiriladi.
Agentlikning xalqaro ePhyto solution innovatsion tizimi doirasidagi hamkorligi haqida ham axborot berildi. Bu tizim orqali 119 ta mamlakat bilan fitosanitar sertifikatlar elektron shaklda almashilmoqda. Joriy yilda yana 8 ta davlatga 25 turdagi mahsulot bo‘yicha fitosanitar ruxsatnoma olinadi.
Shu kabi chora-tadbirlar natijasida bu yil qishloq xo‘jaligi mahsulotlari eksportini 3,5 milliard dollarga yetkazish mo‘ljallangan.
Davlatimiz rahbari buning uchun, avvalo, eksportbop mahsulotlarni ko‘paytirish, fermer va dehqonlarning xabardorligini oshirish zarurligini ta’kidladi.
– Bu sohada huquqiy zamin bor, ko‘p davlatlar bilan kelishuvlarga erishganmiz. Lekin eksportchilar mahsulotini qiyinchilik bilan sotayapti. Shuning uchun eksportchilar bilan doimiy “muloqot maydoni”ni tashkil etish kerak. Hokimlar hududda yetishtirilayotgan mahsulotlar, elchilar tashqi bozordagi talab va narxlar bilan eksportchilarni tanishtirib borishi zarur, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Prezidentimiz meva-sabzavotlarni qadoqlash masalasiga alohida e’tibor qaratdi.
– Qadoqlar xalqaro standartlarga mos, zamonaviy dizaynda, sanoatlashgan tarzda bo‘lishi kerak. O‘shanda sifat bo‘ladi, milliy brend yaratiladi, qo‘shilgan qiymat ham baland bo‘ladi. Shuning uchun eksportchilarga to‘g‘ri, tartibli va chiroyli qadoqlashni o‘rgatish kerak, – dedi davlatimiz rahbari.
Mahsulotlar yaroqsiz bo‘lib qolmasligi, eksportga sifatsiz mahsulot qo‘shilib ketmasligi uchun tizimli ishlash muhimligi aytildi.
– Bu borada ham klaster tizimi bo‘lishi kerak. Ta’limdan boshlab, mahsulotlarni ekish, o‘g‘itlash, terib olib, saralashgacha bo‘lgan hamma bosqichlarni o‘zaro muvofiq va yuqori sifatda yo‘lga qo‘yish zarur, – dedi Prezident.
Vazirlar Mahkamasiga ushbu tizimni takomillashtirish va eksportni rejali tashkil etish uchun 3 yillik dastur ishlab chiqish vazifasi qo‘yildi. Xalqaro hamkorlikni kengaytirish orqali eksport hajmlari nisbatan qimmat bozorlarga yo‘naltirish muhimligi aytildi.
Davlatimiz rahbari agentlikning zamonaviy laboratoriyasi bilan tanishdi. Laboratoriyaning ilmiy salohiyatini oshirish, jahondagi ilmiy yutuqlarni o‘zlashtirib, sohaga tegishli idoralarda tezkor tatbiq etish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.
Shu yerda agrokimyo tizimida qo‘llanayotgan texnika va uskunalar ham namoyish qilindi.
Qayd etilganidek, chet eldan yuqori samarali entomofaglar olib kelinib, zararkunanda hasharotlarga qarshi yangi turda kurash yo‘lga qo‘yilgan. Tajribali ekspertlarni jalb etgan holda har bir mahsulotni yetishtirish, saqlash, qadoqlash va yetkazib berish bo‘yicha qo‘llanmalar ishlab chiqilgan. 10 ta ko‘chma laboratoriya tashkil etilgan.
Bu yil hududlarda 10 ta ko‘chma laboratoriya tashkil qilinadi. 6 mingta bog‘, 3 mingdan ziyod tokzor va dala maydonlari, 344 ta qadoqlash korxonasi xorijiy fitosanitariya talablariga muvofiqlashtiriladi. Pestitsidlar muomalasidagi barcha jarayonlar raqamlashtirilib, sifatsiz pestitsidlarning yurtimizga olib kelinishi va noqonuniy savdosiga barham beriladi.
Prezident tizimdagi mutaxassislar malakasini oshirish, har bir fermer va tomorqa egalariga yetib borish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.