27.06.2017
Qadrli do‘stlar!
Avvalo, siz, azizlarni – yurtimizdagi barcha jurnalistlar, gazeta va jurnallar, tele-radiokanallar, nashriyot va matbaa korxonalari fidoyilarini, muhtaram faxriylarni Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni bilan chin qalbimdan samimiy muborakbod etib, sizlarga o‘zimning chuqur hurmat-ehtiromim, ezgu tilaklarimni izhor etishga ruxsat bergaysiz.
Kundalik hayotimizning ajralmas qismi bo‘lgan ommaviy axborot vositalari haqida so‘z yuritganda, biz, avvalo, doimo yangilik izlab, yangilikka intilib, hayotning qaynoq nuqtalariga kirib boradigan, xolislik va haqqoniylik, Vatan va xalq manfaatlarini birinchi o‘ringa qo‘yadigan olijanob va mas’uliyatli kasb egalarini tasavvur qilamiz.
Hurmatli yurtdoshlar!
Butun mamlakatimiz qatori O‘zbekiston ommaviy axborot vositalari ham mustaqillik yillarida katta rivojlanish yo‘lini bosib o‘tganini barchamiz yaxshi bilamiz va bunday yutuqlar bilan haqli ravishda faxrlanamiz.
Hozirgi kunda respublikamizda 1500 dan ziyod ommaviy axborot vositasi faoliyat ko‘rsatmoqda. Birgina O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi tarkibidagi telekanallarning bir sutka davomidagi umumiy efir vaqti 616 soatni tashkil etmoqda. Holbuki, mustaqillikdan oldin bu raqam bor-yo‘g‘i 48 soatga teng edi, xolos.
E’tiborga molik jihati shundaki, ommaviy axborot vositalarining tarkibi ham tubdan o‘zgarib bormoqda. Buni yurtimizdagi barcha telekanallarning qariyb 53 foizi, radiokanallarning esa 85 foizi nodavlat ommaviy axborot vositalari ekani ham tasdiqlaydi. Yaqin kunlarda ish boshlaydigan, kechayu kunduz uzluksiz faoliyat olib boradigan “O`zbekiston – 24” telekanali milliy axborot makonida o‘z munosib o‘rnini va o‘z tomoshabinlarini topadi, deb ishonamiz.
Bu haqda so‘z yuritganda, eng tezkor axborot vositasi – Internet hayotimizga tobora chuqur kirib borayotganini alohida qayd etish lozim. Hozirgi vaqtda global tarmoqda Uz domenli veb-saytlar, axborot portallari soni 400 dan oshib ketgani, ularning aksariyati xorijiy tillarda faoliyat ko‘rsatayotgani, ushbu yo‘nalishda yangi ijodiy avlod – Internet jurnalistlari shakllanib borayotgani e’tiborga sazovordir.
Albatta, bunday natijalarga erishishda ommaviy axborot vositalarini rivojlantirish masalasi davlatimiz va jamiyatimizning doimiy diqqat markazida bo‘lib kelayotgani hal qiluvchi rol o‘ynamoqda. Ana shunday e’tibor tufayli o‘tgan davrda jurnalistlarimiz uchun faoliyat maydonini kengaytirish, ularning huquq va manfaatlarini ta’minlash maqsadida ko‘p ishlar qilindi. Jumladan, matbuot va ommaviy axborot vositalarini liberallashtirish va rivojlantirish, so‘z erkinligini ta’minlashga qaratilgan, demokratik talab va standartlarga to‘la javob beradigan 10 ga yaqin qonun hujjati qabul qilinib, bu borada mustahkam huquqiy baza yaratildi.
O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi, Milliy matbuot markazi, Elektron ommaviy axborot vositalari milliy assotsiatsiyasi, Mustaqil bosma ommaviy axborot vositalari va axborot agentliklarini qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi kabi tashkilotlar muvaffaqiyatli faoliyat ko‘rsatmoqda. Keyingi paytda ularning qatoriga Xalqaro press-klub ham qo‘shildi.
Siz, azizlarga yaxshi ma’lum, bugungi kunda mamlakatimizda kitob mahsulotlarini nashr qilish va tarqatish tizimi samaradorligini oshirish, kitobxonlik madaniyatini yuksaltirish masalasiga katta ahamiyat berilmoqda. Bunday muhim vazifani amalga oshirish uchun yurtimizda 118 ta nashriyot, 1 ming 760 ta matbaa korxonasi, minglab ijodiy va texnik xodimlar faoliyat olib bormoqda. Ularning sa’y-harakatlari bilan har yili 7 tilda 60 million nusxadan ortiq kitob chop etilmoqda.
Albatta, bu haqda ko‘p gapirish mumkin. Lekin ana shu miqdor ko‘rsatkichlarini sifat ko‘rsatkichlariga aylantirish, shu asosda ommaviy axborot vositalarining haqiqiy to‘rtinchi hokimiyat bo‘lib maydonga chiqishiga erishish, milliy media maydonimizda fikrlar va qarashlar rang-barangligini ta’minlash bugungi kunda dolzarb vazifa bo‘lib qolayotganini barchamiz yaxshi tushunamiz.
Bu borada 2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini yanada rivojlantirish bo‘yicha Harakatlar strategiyasida eng muhim ustuvor yo‘nalishlar belgilab berilgani sizlarga yaxshi ma’lum, albatta.
Xalq bilan muloqot, odamlarning orzu-intilishlari, dardu tashvishlari bilan yashash davlat siyosati darajasiga ko‘tarilayotgan bugungi kunda har bir ommaviy axborot vositasi chinakam muloqot maydonchasiga, erkin fikr minbariga aylangan taqdirdagina biz o‘z oldimizga qo‘ygan maqsadlarga erisha olamiz.
Ayniqsa, hayotimizdagi mavjud muammolarni, joylarda tashkil etilgan Prezidentning Xalq qabulxonalari va Virtual qabulxonada aholi tomonidan ko‘tarilayotgan o‘tkir va dolzarb masalalarni, ularning sabab va omillarini ochib berish, jamiyatimizda tanqid va o‘zini o‘zi tanqid ruhini kuchaytirish, afsuski, ommaviy axborot vositalari faoliyatida hali to‘la o‘z ifodasini topgani yo‘q.
Bugun zamon shiddat bilan o‘zgarmoqda. Hayot barchamizdan dadil harakatlarni, faol tashabbuslarni, hamma sohada haqqoniy va odil munosabatni talab etmoqda. Ko‘pni ko‘rgan, sabr-toqatli, mehnatkash va olijanob xalqimiz amalga oshirilayotgan ana shunday muhim o‘zgarishlarning natijasini kutmoqda.
El-yurtimizning ezgu orzu-istaklarini ro‘yobga chiqarish, bu yo‘lda g‘ov bo‘lib turgan turli to‘siqlarni, byurokratizm, loqaydlik, ta’magirlik, korrupsiya kabi salbiy illatlarni dadillik bilan ko‘tarib chiqib, ularga qarshi murosasiz jamoatchilik fikrini shakllantirishni o‘z kasbi, o‘z hayotining ma’no-mazmuni deb biladigan jurnalistlarni men haqiqiy jurnalist deb hisoblayman.
Albatta, barchamiz yaxshi tushunamiz, buning uchun ommaviy axborot vositalari vakillaridan nafaqat professional bilim va malaka, hayotiy tajriba, o‘z so‘zi uchun mas’uliyat hissi, ayni vaqtda yuksak grajdanlik pozitsiyasi, ma’naviy jasorat ham talab etiladi. Bunday maqsadga erishish uchun ommaviy axborot vositalariga qonunchilik nuqtai nazaridan, moddiy-texnik, o‘quv-uslubiy ta’minot nuqtai nazaridan yanada keng imkoniyatlar yaratib berishimiz kerak.
Zamonaviy milliy jurnalistika maktabini yaratish ko‘p jihatdan, avvalo, yuksak ma’naviy-intellektual salohiyatga ega bo‘lgan, bugungi kun talablariga javob beradigan malakali kadrlarni tarbiyalash bilan chambarchas bog‘liqdir. Bu muhim vazifani amalga oshirish uchun biz avvalo tegishli oliy o‘quv yurtlarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, ta’lim standartlari va o‘quv dasturlarini takomillashtirish, professor-o‘qituvchilarning saviyasi va malakasini oshirish, sohaga axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etish, davlat tashkilotlari va fuqarolik institutlari, ekspertlar hamjamiyati, xorijiy va xalqaro ijodiy tashkilotlar bilan hamkorlikni yanada kuchaytirishimiz zarur.
Bugun O‘zbekiston barcha sohalarda taraqqiyotning yangi bosqichiga qadam qo‘ymoqda. Oldimizda turgan, bir-biridan muhim va dolzarb vazifalarni hal etishda, yurtimizda tinchlik-osoyishtalik, o‘zaro hamjihatlik muhitini yanada mustahkamlash, xalqimizning bunyodkorlik salohiyatini, uning o‘z kuchiga, ertangi kunga bo‘lgan ishonchini oshirish, hayotimizda qonun va adolat ustuvorligini ta’minlash, davlat idoralari faoliyati ustidan jamoatchilik nazoratini amalga oshirish, bir so‘z bilan aytganda, xalq manfaatining chinakam himoyachisi bo‘lishda ommaviy axborot vositalari bundan buyon ham faol harakat olib boradilar, deb ishonaman.
Men siz, muhtaram matbuot ahlining hayotimizni yanada erkin, obod va farovon etish uchun doimo fidoyilik ko‘rsatib yashashingizni yaxshi bilaman va sizlarni shu yo‘lda o‘zimning eng yaqin hamkorlarim va yordamchilarim deb hisoblayman. Sizlarning mashaqqatli va mas’uliyatli mehnatingiz o‘z munosib bahosini topishi, yanada samarali bo‘lishi uchun biz davlatimiz va jamiyatimizning barcha kuch va imkoniyatlarini albatta safarbar etamiz.
Aziz va muhtaram do‘stlar!
Barchangizni bugungi kasb bayramingiz bilan yana bir bor samimiy qutlab, sizlarga sihat-salomatlik, olijanob faoliyatingizda omad va yutuqlar, xonadonlaringizga fayzu baraka tilayman.
Doimo sog‘-omon bo‘ling, azizlar!