29.02.2024
Prezident Shavkat Mirziyoyev 29-fevral kuni Xorazm viloyatiga tashrif buyurdi.
Davlatimiz rahbari dastlab Qoraqalpog‘iston Respublikasi Amudaryo tumaniga borib, yangi ko‘prikning ochilish marosimida ishtirok etdi.
Bu ulkan iqtisodiy va ijtimoiy ahamiyatga ega strategik inshootdir. Prezidentimiz bu haqdagi tashabbusni 2020-yil 13-dekabr kuni Xorazm viloyati faollari bilan uchrashuvda ilgari surgan edi. Shundan so‘ng puxta loyiha ishlab chiqilib, katta bunyodkorlik ishlari amalga oshirildi. Davlatimiz rahbari uning qurilishini ikki bor kelib ko‘rdi.
Bugun Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyati faollari ishtirokida yangi ko‘prikning tantanali ochilish marosimi bo‘ldi.
Prezident dastlab poyezdda va avtomobilda yurib, ko‘prik sifatini ko‘zdan kechirdi. Jamoatchilik ishtirokidagi yig‘ilishda bu loyihaning samaradorligi, aholi hayotidagi ahamiyatini ta’kidladi.
– Orolbo‘yi mintaqasini, xususan, Qoraqalpog‘iston Respublikasini rivojlantirish, avvalo, ekologik inqiroz oqibatlarini yumshatib, murakkab vaziyatda yashayotgan aholimizga qulay sharoitlar yaratish mamlakatimiz taraqqiyot strategiyasining bosh maqsadlaridan biridir. Ilgari ham aytganimdek, Qoraqalpog‘istonning taqdiri – bu O‘zbekistonning taqdiri, qoraqalpoq xalqining baxti va farovonligi – bu butun O‘zbekiston xalqining baxti va farovonligidir. Bugun mana shu ezgu maqsadni amalga oshirish yo‘lida yana bir ulkan qadam qo‘ymoqdamiz, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Ko‘prik qurilgan joy yurtimizning eng chekka hududlaridan biri. Shu paytgacha odamlar o‘tgan asrning elliginchi yillarida olib kelingan eski ponton ko‘prikdan foydalanib kelar edi. Har bahorda muz erib, daryoda suv ko‘payishi bilan u jiddiy shikastlanardi. Bu daryoning ikki tomonidagi aholiga juda ko‘p qiyinchiliklar tug‘dirardi.
Masalan, Amudaryo tumani aholisi avtomobilda Nukusga borish uchun Urganch va Beruniy orqali yurishga majbur edi. Buning uchun qo‘shimcha 180 kilometr yo‘l yurishga to‘g‘ri kelardi. Poyezdda esa Xorazmning sharq tomonidagi Xazorasp ko‘prigidan o‘tib kelinardi.
Yangi ko‘prik tufayli bu qiyinchiliklar barham topadi, xalqning uzog‘i yaqin bo‘ladi. U orqali Qoraqalpog‘iston bilan Xorazmni bog‘laydigan eng yaqin avtomobil va temir yo‘l qatnovi yo‘lga qo‘yiladi.
Ko‘prikning uzunligi 423 metr. U bilan birga Shovot-Qorao‘zak bekatlarini bog‘laydigan 85 kilometrlik temir yo‘l hamda 3 ta vokzal ham barpo etildi.
Bu inshoot samarasida yo‘lning o‘tkazish qobiliyati 4 barobarga oshib, bir kecha-kunduzda 12 ming avtomobil harakatlanadi. Natijada 48 ming yo‘lovchining 2 soat vaqti tejaladi va daryodan xavfsiz o‘tishi ta’minlanadi.
Ko‘prik ikki tarafga qarab 24 juft poyezdni o‘tkazish imkoniyatiga ega bo‘lib, bu orqali temir yo‘l masofasi 180 kilometrga, yuk tashish tezligi esa 6 soatgacha qisqaradi. Bu esa mahalliy yuklarni tashish hajmini yiliga 2 barobarga oshirish, tashish tannarxini 2 barobarga kamaytirish imkonini beradi. Ushbu temir yo‘l orqali Qozog‘iston va Rossiyaga ham yangi yo‘nalishlar ochiladi.
Shuningdek, Qorao‘zak konlaridan tosh endi poyezdlarda tashilishi hisobiga Orobo‘yi mintaqasidagi 4 million aholi va turistlarga xizmat ko‘rsatuvchi avtomobil yo‘llari sifatli saqlanadi. Bundan ham aholi, ham tadbirkor va turistlar katta manfaat topadi.
– Biz birgalikda bunyod etgan bu muhtasham ko‘prik shunchaki navbatdagi infratuzilma inshooti emas. Bu ko‘prik avvalo o‘zbek va qoraqalpoq xalqlari o‘rtasidagi mustahkam ishonch va do‘stlik, og‘zibirlik va hamkorlik ko‘prigidir. Bu yo‘l jahonga ochilayotgan Yangi O‘zbekiston, Yangi Qoraqalpog‘istonning taraqqiyot va farovonlik yo‘llaridir. Mana shu azim daryoning ikki sohilida, shunday yorug‘ kunlarni orzu qilib yashab kelayotgan ming-minglab yurtdoshlarimizning umidlari ro‘yobga chiqqan tarixiy kun barchamizga muborak bo‘lsin, – dedi Prezident.
Davlatimiz rahbari og‘ir iqlim sharoitida fidokorona mehnat qilgan mohir quruvchilarga, loyihachi va muhandislarga, ko‘prikni barpo etishga munosib hissa qo‘shgan barcha insonlarga minnatdorlik bildirdi. Aholiga qulaylik yaratishga qaratilgan ishlar izchil davom ettirilishi ta’kidlandi.
Xususan, bu yil Buxoro – Urganch – Xiva, kelgusi yildan Miskin – Nukus temir yo‘li elektrlashtiriladi. Natijada Xiva hamda Nukus shaharlariga tezyurar poyezdlar qatnovi yo‘lga qo‘yiladi. Ushbu hududlardagi aholining mamlakatimizning boshqa shaharlariga borib-kelishi osonlashadi. Bu loyihalar hisobidan transport xarajatlari 2 barobar qisqarib, yo‘lovchi tashish 30 foizga oshadi.
Umuman, bunday yirik loyihalar Qoraqalpog‘iston va Xorazmning iqtisodiy salohiyati oshishi, investitsiyalar oqimi va ish o‘rinlari ko‘payishi, aholi daromadlari o‘sishiga xizmat qiladi.
Marosimda so‘zga chiqqanlar mamlakatimiz hayotidagi ushbu tarixiy bir voqea munosabati bilan barchani tabriklab, Orolbo‘yi rivojiga e’tibori uchun davlatimiz rahbariga minnatdorlik bildirdi.