20.02.2024
Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 20-fevral kuni ijtimoiy himoya sohasidagi ustuvor vazifalar muhokamasi yuzasidan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi.
Mamlakatimiz Konstitutsiyasining 1-moddasida O‘zbekiston ijtimoiy davlat ekani belgilangan. Shunga muvofiq, 2023-yil 1-iyunda aholiga sifatli ijtimoiy xizmat va yordam ko‘rsatish bo‘yicha farmon qabul qilinib, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzurida Ijtimoiy himoya milliy agentligi tashkil etildi.
O‘tgan vaqt mobaynida o‘ndan ortiq davlatning tajribasi chuqur o‘rganildi, malakali ekspertlar jalb qilindi. Shu asosda olib borilgan tahlillarga ko‘ra, bu soha 30 yil oldingi tizimda qolib ketgan, faqat davlat ajratgan pulni tarqatish bilan shug‘ullangan. Bu ayrim odamlarni o‘zini o‘nglab olishga emas, yordam kutib yashashga o‘rgatib qo‘ygan.
Misol uchun, mehnatga layoqatli kishilarga ham nafaqa to‘lab kelingan. Nogironligi borlarni tibbiy va ijtimoiy reabilitatsiya qilish, kasbga o‘rgatish orqali hayotga qaytarishga yetarlicha e’tibor berilmagan.
Davlatimiz rahbari bu tizimni tubdan isloh qilish, ijtimoiy yordamning manzilliligi va natijadorligini ta’minlash zarurligini ta’kidladi.
– Bu sohada umumiy ishlab bo‘lmaydi. Har bir oila va inson taqdiriga alohida, professional yondashish lozim. Ijtimoiy xizmat to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilsa, ehtiyojmand fuqarolar jamiyatda o‘z o‘rnini topadi, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Yig‘ilishda shu boradagi ustuvor vazifalar belgilandi. Avvalo, ijtimoiy xizmat va yordamni mahalla darajasida tashkil etish masalalari ko‘rib chiqildi.
So‘nggi oylarda kam ta’minlangan oilalar manzilli o‘rganilgani hamda tizim shaffof qilingani natijasida doimiy daromadga ega oilalar bunday toifadan chiqarilgan. Aksincha, o‘zgalar parvarishiga muhtoj, yolg‘iz yashayotgan 2 ming kishiga yordam ko‘rsatish yo‘lga qo‘yilgan.
Umuman, ijtimoiy himoya tizimi bilan 250 ta xizmat qamrab olingan bo‘lsa-da, mahalladagi aholi ularning yarmini ham bilmaydi.
Shu bois 1-iyundan ijtimoiy himoyaga muhtoj aholini aniqlash tartibi va ular bilan ishlash tizimi o‘zgaradi. Bunda ehtiyojmand toifani aniqlash bo‘yicha mezonlar ishlab chiqiladi va ularning aynan qanday yordamga muhtojligi aniq belgilab beriladi. Muhtojlarning har biri bo‘yicha individual ijtimoiy xizmatlar dasturi bo‘ladi.
Bu borada yagona savolnoma joriy qilinadi. Xonadonga “mahalla yettiligi”ning qaysi vakili kirishidan qat’iy nazar, oiladagi muammo va imkoniyatlar aniqlanib, “ijtimoiy portreti” chiziladi. Yordamdan so‘ng xonadonda nima o‘zgargani monitoring qilib boriladi.
Bu yerda gap mablag‘ni qisqartirish haqida emas, uni o‘z egasiga – haqiqiy muhtojlarga berish va jamiyatga integratsiya qilish haqida ketmoqda.
Yana bir muhim jihati, mahalladagi barcha ijtimoiy xizmatlarni bosqichma-bosqich ijtimoiy xizmat ko‘rsatish shartnomasi orqali taqdim etish yo‘lga qo‘yiladi. Bunda xizmat ko‘rsatuvchi ham, yordam oluvchi ham o‘ziga majburiyat oladi.
Endi nafaqa oluvchilar ro‘yxatiga, birinchi navbatda, nogironligi bor, ota-onasi yo‘q, boquvchisini yo‘qotgan, kasalligi va boshqa sababga ko‘ra uzoq muddat ishlay olmaydiganlarning oilalari kiritiladi. Boshqa fuqarolarni “ijtimoiy reyestr”ga kiritishda ularning faqat daromadi emas, balki xarajatlari ham baholanadi.
Shu yil 1-oktabrdan aholiga ko‘rsatiladigan barcha ijtimoiy yordamlar “ijtimoiy karta” orqali moliyalashtiriladi. Kelgusi yildan 40 ta tumanda reabilitatsiya, sog‘lomlashtirish va nogironligi borlarga qarovchilarni o‘qitish bo‘yicha ko‘p tarmoqli ijtimoiy xizmatlar markazlari ishga tushiriladi.
Yig‘ilishda nogironligi bo‘lgan insonlar manfaatlariga alohida e’tibor qaratildi.
O‘zbekiston 2021-yilda Nogironligi bo‘lgan shaxslar huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyaga qo‘shilgan. Bunday shaxslarni ishga olgan korxona va tashkilotlar uchun bir qator imtiyozlar berilgan.
Lekin ko‘p muassasalar, ko‘chalar va bekatlar imkoniyati cheklangan shaxslar harakatlanishi uchun moslashmagan. Maktab va kollejlarda sharoit yo‘qligi sababli ota-onalar nogironligi bor farzandini uzoqdagi maxsus internatga joylashtirishga majbur. Bu oila uchun, ayniqsa, bola uchun juda og‘ir.
Shu bois endi nogironligi bo‘lgan shaxslarni o‘qitish, ishga joylash va sportga jalb qilish bo‘yicha milliy tizim bo‘ladi. Nogironligi bo‘lgan shaxslarga ishlash va kasb-hunarga o‘qishda to‘siqsiz muhit yaratish uchun ularning “mehnatga layoqatini belgilash” amaliyotidan voz kechiladi. Bunda nogironlik kasallikka qarab emas, balki shaxsning mustaqil harakati, muloqot qobiliyati va ijtimoiy hayotdagi ishtirokiga qarab belgilanadi.
Tuman markaziy shifoxonalarida tibbiy reabilitatsiya xonalari tashkil etiladi. Protez vositalari 18 turdan 30 turga, ajratilayotgan mablag‘ esa 1,5 barobar oshirilib, ular bilan ta’minlash elektron shaklda bo‘ladi. Bunday vositalarni uydan turib, vaucher orqali onlayn yoki “Inson” markazi yordamida istalgan ishlab chiqaruvchidan olish mumkin bo‘ladi.
Bino va inshootlarni qurish loyihaci nogironligi bo‘lganlar uchun qulay muhit yaratilganligi bo‘yicha ham majburiy ekspertizadan o‘tkaziladi. Jamoat transporti, bekatlar va chorrahalarda ular uchun to‘siqsiz muhit yaratish choralari ko‘riladi.
Xodimlarining 50 foizida nogironlik bo‘lgan tadbirkorlarga davlat buyurtmachilari bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri shartnoma tuzish imkoniyati beriladi. Bunday shaxslarni kasbga tayyorlaydigan 4 ta ixtisoslashgan maktab sanoat tarmoqlariga biriktiriladi. Nogironligi borlar kasanachilik va hunarmandchilik asosida yaratgan mahsulotlarni elektron platforma orqali sotish yo‘lga qo‘yiladi.
Sportni rivojlantirish assotsiatsiyasi tashkil etilib, nogironligi bor shaxslar mahalladan boshlab ommaviy sportga jalb qilinadi. Ijtimoiy himoyaga muhtoj insonlarda umid va o‘ziga ishonch uyg‘otadigan badiiy asarlar yaratiladi.
Ota-ona mehriga muhtoj bolalarni tarbiyalash bo‘yicha ham vazifalar belgilandi.
Endi joylarda vasiylik va homiylik masalalari, ota-ona qaramog‘idan mahrum bolalar bilan mahalladagi ijtimoiy xodimlar shug‘ullanadi. Buning uchun hokimliklar huzuridagi Vasiylik va homiylik komissiyalari tugatilib, 1-avgustdan ularning vakolati “Inson” markazlariga o‘tkaziladi.
Yetim va nazoratsiz qolgan bolalarni qaramoqqa olish bo‘yicha “ixtisoslashgan tutingan oila” tizimi joriy etiladi. Ixtisoslashgan 160 ta ta’lim muassasasida bosqichma-bosqich “g‘amxo‘rlik” guruhlari tashkil qilinadi.
Ota-onasidan ayrilgan yigit-qizlarga ko‘maklashish tizimi ham o‘zgaradi. Endi “Yoshlarga hamrohlik” dasturi asosida ularni qo‘llab-quvvatlash 23 yoshgacha etib belgilanadi.
Ichki ishlar tizimidagi Voyaga yetmaganlarga ijtimoiy-huquqiy yordam ko‘rsatish markazlari “Hayot maktabi” sifatida qayta tashkil qilinadi. Ular tarbiyasi og‘ir bolalarni ijtimoiy hayotga moslashtirish bo‘yicha kompleks xizmat ko‘rsatadigan maskanga aylantiriladi.
Yetim va ota-ona qaramog‘isiz qolgan bolalarga uy-joy berish tizimi ham qayta ko‘rib chiqiladi. Bunda “Inson” markazlari tomonidan haqiqatda uy-joyga muhtoj yoshlar ro‘yxati shakllantiriladi. Ularga beriladigan uy-joyning narxi bozor bahosidan kelib chiqib, hududlar kesimida belgilanadi.
Mutasaddilarga hozirda navbatda turgan yetim bolalarni uy-joy bilan ta’minlash bo‘yicha ko‘rsatma berildi.
Zo‘ravonlikka uchragan xotin-qizlar va bolalar reabilitatsiya bilan yetarlicha qamrab olinmagani qayd etildi. Shu bois bu borada mahalla darajasida alohida tizim yaratiladi. Qiyin vaziyatdagi yosh onalarni qo‘llab-quvvatlash, go‘daklar yetim qolishining oldini olish uchun “Onalar maskani” xizmati tashkil etiladi. Shuningdek, tuman shifoxonalarida zo‘ravonlikka uchraganlarga tibbiy va ruhiy yordam ko‘rsatish uchun tunu kun ishlaydigan xonalar ochiladi.
Yig‘ilishda Bosh vazir, soha mutasaddilari va hokimlar ishni tashkil etish rejalari yuzasidan axborot berdi.
– Jamiyatimizda ijtimoiy adolat va inson qadrini ta’minlaymiz desak, bu yangi tizimni joylarda samarali ishlatib, muhtoj insonlarga madad va umid bag‘ishlashimiz kerak, – dedi Prezident.