15.02.2024
Davlatimiz rahbari “Andijon sanoat xabi”da viloyatda ishlab chiqarilayotgan mebellar ko‘rgazmasi bilan tanishdi.
Andijon viloyatida 377 ta mebelsozlik korxonasi faoliyat yuritmoqda. So‘nggi 5 yil davomida mazkur yo‘nalishda 35 million dollarlik 84 ta investitsiya loyihasi amalga oshirilib, 3 mingdan ziyod ish o‘rni yaratilgan. Mebel ishlab chiqarish hajmi 2016-yilga nisbatan 15 barobarga ortgan.
Mebelsozlar uchun soliq, bojxona to‘lovlari bo‘yicha qator imtiyozlar joriy etilganligi, eksportdagi xarajatlar hamda xorijdan jalb etilgan mutaxassislar ish haqining qisman qoplab berilishi soha vakillariga katta rag‘bat bo‘lmoqda.
Bugungi kunda yiliga 300 milliard so‘mlik mahsulotlar tayyorlanib, mintaqa mamlakatlariga eksport qilinmoqda.
Prezidentimiz shunday korxonalar ta’sischilari bilan suhbatlashdi.
- O‘tgan yillardagi eng katta yutuqlardan biri tadbirkorlarimizda ong o‘zgardi, ishonch ortdi. Bugun raqobatdosh bo‘lib, dunyoga chiqyapti. Bular ham faoliyatini oddiy ishdan, mahalladan boshlagan. Boshqalar ham shunday qilsa bo‘ladi, - dedi Shavkat Mirziyoyev.
Shu yerda aholi tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash, bandligini ta’minlash chora-tadbirlari muhokama qilindi.
Andijon viloyatida 41 ta mahalla mebelsozlikka ixtisoslashgan. Masalan, Oltinko‘l tumanidagi Ijtimoyat mahallasida 490 ta xonadonda mebel tayyorlash kooperatsiya usulida yo‘lga qo‘yilgan.
Bundan tashqari, yakka tartibda ro‘yxatdan o‘tgan va o‘zini o‘zi band qilgan hunarmandlar ham ko‘p. Minglab yoshlar “Ustoz-shogird” an’anasi asosida hunar o‘rganmoqda.
Shu bois mebelchilikni yanada rivojlantirish bo‘yicha ish olib borilmoqda. Andijon va Oltinko‘l tumanlarida bunga ixtisoslashgan 2 ta sanoat zonasi tashkil etilmoqda.
Ushbu tajriba asosida viloyatdagi 909 ta mahallaning imkoniyatlarini o‘rganib, serdaromad yo‘nalishlarga ixtisoslashtirish choralari muhokama qilindi. Buning uchun davlat tomonidan infratuzilma yaratilib, moddiy-tashkiliy jihatdan ko‘mak beriladi. Maqsad - Andijon viloyatini ishsizlik va kambag‘allikdan xoli hududga aylantirishga intilish.