13.02.2024
Prezident Shavkat Mirziyoyev 13-fevral kuni joriy yilda amalga oshirish mo‘ljallangan asosiy strategik islohotlar bo‘yicha taqdimot bilan tanishdi.
“O‘zbekiston – 2030” strategiyasida 2030-yilga borib, mamlakatimiz yalpi ichki mahsuloti hajmini 160 milliard dollarga, aholi jon boshiga daromadni 4 ming dollarga yetkazib, bu borada o‘rtachadan yuqori davlatlar qatoriga kirish maqsadi belgilangan. Buning uchun iqtisodiyotda transformatsiya jarayonlarini izchil davom ettirish, investitsiya va biznes muhitini yanada yaxshilash, qishloq xo‘jaligida yuqori qo‘shilgan qiymatni ta’minlash zarur.
Taqdimotda shu boradagi 5 ta muhim soha – transport, urbanizatsiya va shaharsozlik, tadbirkorlik, qishloq xo‘jaligi va energetikadagi islohotlar ko‘rib chiqildi.
Iqtisodiyot rivoji uchun bosh omillardan biri bu – transport imkoniyatlari. Mamlakatimiz dengiz yo‘llaridan uzoqligi sababli avia va temir yo‘llarni diversifikatsiya qilishga urg‘u berilmoqda. O‘tgan yili 6 ta aviakompaniya tashkil qilindi, 28 ta yangi samolyot olib kelindi. Samarqand xalqaro aeroportiga xususiy sektor jalb etildi.
Bu ishlarni davom ettirib, “Uzbekistan Airports” va “Uzbekistan airways” kompaniyalari transformatsiyasini jadallashtirish, aeroportlar boshqaruvini xususiy sektorga berishni kengaytirish zarur.
Hududlarda moliyaviy xizmatlar, elektron tijorat, masofaviy ta’lim va tibbiyot xizmatlari rivojlanishi uchun sifatli internet ham muhim.
Kelgusi yetti yilda yurtimizda aholisi 300 mingdan ko‘p bo‘lgan shahar va tumanlar soni hozirgi 13 tadan 28 taga yetadi. Ayrim shahar va shaharchalarning bosh rejalari yo‘qligi sababli faqat eniga kengaymoqda. Bu infratuzilma xarajatlari oshishiga va qishloq xo‘jaligi yerlari kamayishiga olib kelmoqda. Shu bois urbanizatsiya jarayonlarini tartibga solish bo‘yicha konsepsiya va qonun ishlab chiqishga ehtiyoj bor.
Biznesga yanada qulay muhit yaratish uchun yo‘l, ichimlik suvi, ta’lim, tibbiyot kabi sohalarda xususiy sheriklik qoidalarini aniq belgilash zarur. Ayni paytda tarmoq va hudud rahbarlari bilan birga bunday loyihalar dasturini ham shakllantirib borish joiz.
Davlatning ayrim funksiyalarini, jumladan, hududlarni obodonlashtirish, erkin iqtisodiy zonalarni boshqarishni xususiy sektorga berish masalasiga alohida e’tibor qaratildi.
Qishloq xo‘jaligi aholini oziq-ovqat va ish bilan ta’minlashda katta o‘rin tutadi. Lekin uning ayrim tarmoqlarida ish tartibi haliyam eskicha. Shu bois hosildorlikni oshirish va tannarxni kamaytirish, sohaga innovatsiyalarni olib kirish bo‘yicha aniq yechimlar kerak.
Iqtisodiy o‘sish sur’atlarini saqlab qolish uchun, eng avvalo, barqaror energiya ta’minoti zarur. Bu yil jami 50 milliard dollarlik 122 ta yangi yirik investitsiya loyihalari boshlanadi. Shu bilan birga, aholi soni va korxonalar ham ko‘payib bormoqda. Yaqin yillarda energiyaga ehtiyoj kamida 1,5 barobar oshadi. Buning ustiga, ayrim tarmoqlarda energiya sarfi hamon yuqori.
Davlatimiz rahbari ushbu sohalarga oid takliflar bilan tanishib, ular bo‘yicha huquqiy asos va investorlar uchun mustahkam kafolatlar yaratish zarurligini ta’kidladi.
– 2024-yilda bozor iqtisodiyoti poydevorini qurishning barcha jarayonlarini yakunlab, 2025-yilda milliy iqtisodiyotimizni sifat jihatidan mutlaqo yangi darajaga olib chiqishimiz shart, – dedi Prezident.
Islohotlar jarayoniga mamlakatimizning barcha ilmiy-tadqiqot institutlarini jalb qilib, keng qamrovli “yo‘l xaritasi” tayyorlash vazifasi qo‘yildi.