05.02.2024
Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 5-fevral kuni ijtimoiy sohalardagi ustuvor vazifalar muhokamasi yuzasidan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi.
O‘zbekistonda ijtimoiy davlat qurish strategik maqsad etib belgilangan. Aholi turmushi uchun munosib sharoitlar yaratish, ta’lim, sog‘liqni saqlash, madaniyat va sport sohalarini rivojlantirish bo‘yicha barcha choralar ko‘rilmoqda.
Oxirgi yetti yilda maktabgacha ta’limda qamrov 27 foizdan 74 foizga yetdi. Yangi maktablar qurilib, qo‘shimcha 700 mingta o‘quvchi o‘rni yaratildi. Prezident maktablari tashkil etildi, ixtisoslashtirilgan maktablar ko‘paydi. Oliy o‘quv yurtlari soni 200 tadan oshib, qamrovi 42 foizga yetdi. Ta’lim va tibbiyotda xususiy sektorga keng yo‘l ochilib, sifatga intilish paydo bo‘ldi.
Shu bilan birga, bu sohalarda aholi bilan ishlash, standartlarni yangilash va raqamlashtirish borasida kamchiliklar bor. Yig‘ilishda shu kabi muammolar tahlil qilinib, joriy yilgi vazifalar belgilandi.
Barcha maktabgacha ta’lim muassasalarini milliy qadriyatlarimizga mos o‘quv-metodik materiallar bilan ta’minlash, ovqat ta’minoti, davomat, badal puli kabi jarayonlarni to‘liq raqamlashtirish zarurligi ta’kidlandi. Bog‘cha mudiraligiga nomzodlarni saralash va lavozimga tayinlash, tarbiyachilar malakasini oshirish masalalariga ham to‘xtalib o‘tildi.
Ta’lim sohasida vazifalar juda ko‘p. Shu bois o‘tgan haftada Loyiha ofisi tashkil qilindi va unga katta ilmiy-amaliy tajribasi bor mutaxassislar jamlandi. Endi mazkur ofis Ta’limni rivojlantirish ilmiy-metodik markazi bilan birgalikda maktablarda matematika, fizika, kimyo, biologiya va xorijiy tillar bo‘yicha o‘quv reja va dasturlarini xalqaro standartlar asosida yangilaydi. O‘quvchi va muallimlar bilimini baholashda xalqaro tajribalar (PISA, TIMSS, PIRLS) bosqichma-bosqich joriy etiladi.
Prezident maktablari ta’lim dasturi yana 1 mingta maktabda qo‘llanadi. Ularning moddiy-texnik bazasi shunga muvofiq yaxshilanadi. Maktablarga “til egalari”ni olib kelish amaliyoti kengaytiriladi.
Yoshlar maktab davridayoq, hech bo‘lmasa, bitta hunarni egallab, katta hayotga qadam qo‘ysa, o‘z yo‘lini topadi. Shu maqsadda 50 ta kasb-hunar ro‘yxati tuzilib, ular bo‘yicha o‘quv va amaliyot dasturlari ishlab chiqiladi. Maktablarda ustaxonalar, tadbirkorlar va mutaxassislarni jalb qilgan holda to‘garaklar tashkil etiladi, “Kasbiy ta’lim ustasi” lavozimi ochiladi. Maktabdagi bo‘sh joylar tadbirkorlarga o‘quvchilarni kasb-hunarga o‘qitish uchun tekin foydalanishga beriladi. O‘quv kursini tamomlab, imtihondan o‘tgan o‘g‘il-qizlarga malaka sertifikati beriladi.
Davlatimiz rahbari maktablardagi tarbiya va ma’naviyat masalasiga alohida to‘xtaldi. O‘quvchilarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash orqali ularda “huquqbuzarlikka qarshi immunitet” hosil qilish zarurligi ta’kidlandi. Maktablardagi 2 mingta inspektor-psixolog shtati Ichki ishlar vazirligidan Milliy gvardiya tizimiga o‘tkazilishi belgilandi.
Darslardagi davomatga, tarbiyasi og‘ir o‘quvchilarga alohida e’tibor qaratiladi. Ota-onalar va mahalla raislarining bu boradagi mas’uliyati oshiriladi. “Maktab – ota-ona – mahalla” zanjiri asosida elektron muloqot platformasini ishga tushiriladi.
Yoshlar o‘rtasida ommalashgan ijtimoiy tarmoqlar tahlil qilinib, ularning zararli ta’siridan himoyalanish va ijobiy tomonidan foydalanish choralari ko‘riladi. Shuningdek, ota-onalar uchun farzand ta’lim-tarbiyasi bo‘yicha xalqchil tilda qo‘llanmalar tayyorlanadi.
– Bu tashabbuslar yo‘lga qo‘yilsa, maktab ta’limi bo‘yicha ota-onada mas’uliyat, o‘qituvchida majburiyat, o‘quvchida ishonch, ta’lim va tarbiyada sifat, mahallada esa nazorat bo‘ladi, – dedi Prezident.
Professional va oliy ta’limdagi ayrim yo‘nalishlar hozirgi mehnat bozoriga, texnologik yangilanishlarga mos emasligi ko‘rsatib o‘tildi. Ish beruvchilarda katta ehtiyoj, talabalarda salohiyat va xohish bor. Lekin ularni bog‘laydigan uzviy tizim yo‘q.
Shu bois endi Kasbiy bilim va malakalarni rivojlantirish respublika kengashi hamda Mehnat tadqiqotlari instituti ta’lim sohasidagi Loyiha ofisiga biriktiriladi.
Talab yuqori bo‘lgan 100 ta kasb standartlari Germaniya, Shveysariya va Buyuk Britaniya tajribasi asosida yangilanadi. Bunda malaka talabi ish beruvchi ehtiyojiga moslashadi. Professional ta’lim ustozlariga yangi standartlar bo‘yicha o‘qitish talablari qo‘yiladi.
Yangi o‘quv yilidan boshlab, texnikumlarda o‘qitish “akademik” va “ishchi kasb” komponentlarining uzviyligini ta’minlaydigan yangi tizim asosida yo‘lga qo‘yiladi. Bunda kollej-texnikumning 1-2 kursidagi ta’lim dasturlari, darsliklar, bilimni baholash mezonlari va muallimlarga talablar oliygohlar bilan bir xil bo‘ladi.
Texnikumlarda ham “kredit tizimi” joriy qilinib, fanni o‘zlashtirish bo‘yicha to‘plangan “kreditlar” oliygohlarda tan olinadigan tizim bo‘ladi. Ya’ni, kollej-texnikumda ikki yil davomida yetarli “kredit” to‘plagan o‘quvchilar “2+2” yoki “2+3” dasturlari asosida oliygohlarning ikkinchi yoki uchinchi kurslarida ta’limni davom ettirish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Kollej-texnikumda o‘qib, faoliyatini ishlab chiqarishda davom ettirmoqchi bo‘lganlarni sohadagi mavqeini oshirish bo‘yicha ham yangi tizim yo‘lga qo‘yiladi. Endi kollej-texnikumda “ishchi kasb” yo‘nalishida o‘qiganlar ikki yoki uch yil ishlab, tajriba orttirganidan keyin, imtihon topshirib, bakalavrga teng malaka darajasini olishi mumkin.
Mutasaddilarga xorijiy tajriba asosida oliygoh, texnikum va kollejni bir-biriga bog‘lash shartlari va tartibini ishlab chiqish topshirildi. Oliy ta’lim muassasalariga maqom berishning aniq mezonlarini belgilash, bakalavr yo‘nalishlarini maqbullashtirish, ta’lim dasturlarini dunyodagi 300 ta eng yaxshi oliygoh dasturi asosida yangilash vazifasi qo‘yildi.
“El-yurt umidi” jamg‘armasi Prezident Administratsiyasi huzuriga o‘tkazilib, xorijda o‘qish bo‘yicha yangi tizim joriy etilishi belgilandi.
Aholi hayotida katta o‘rin tutadigan sohalardan biri bu sog‘liqni saqlash. Yig‘ilishda bu boradagi dolzarb masalalarga alohida e’tibor qaratildi.
Birlamchi tibbiyot tizimida sifat va mutaxassislar yetishmasligi qayd etilar ekan, Sog‘liqni saqlash vazirligiga sohadagi barcha vakansiyalarni onlayn platformaga joylashtirib, kadrlarni ishga olish bo‘yicha shaffof tizim yaratish topshirildi.
Ixtisoslashtirilgan ilmiy-amaliy tibbiyot markazlari, avvalo, qishloqlar aholisiga xizmat qilishi kerakligi ta’kidlandi. Ularni birlamchi bo‘g‘in bilan bog‘lash, ish tizimini raqamlashtirish bo‘yicha topshiriqlar berildi.
Kasalliklarni erta aniqlash maqsadida endilikda xavf guruhiga kiruvchi aholini yurak qon-tomir, onkologiya va endokrin kasalliklari skriningidan o‘tkazish tizimi o‘zgartiriladi. Buning uchun respublika kardiologiya, endokrinologiya, onkologiya markazlari mas’ul bo‘ladi.
Shuningdek, onkologiya bo‘yicha har bir erta aniqlangan holat uchun tibbiyot brigadalariga mukofot berish joriy qilinadi. Bu tajriba 1 maydan Qashqadaryoda boshlanadi va kelgusi yildan boshqa hududlarda yo‘lga qo‘yiladi.
Xorijiy ekspertlarni jalb qilinib, eskirgan klinik protokol va standartlar xalqaro mezonlarga moslashtiriladi. Kasalligi yengil bemorlarni dori bilan emas, immunitetni ko‘taradigan tabiiy vositalar, jismoniy mashq va fitoterapiya bilan davolash kengaytiriladi.
Tibbiyot sohasidagi 23 ta markaz, 12 ta oliygoh, 2 ta malaka oshirish markaziga zamonaviy menejerlarni ishga olinib, xalqaro akkreditatsiyadan o‘tkaziladi. Buning natijasida shifokor va hamshiralar yangicha o‘qitiladi, davolash sifati oshadi, dori yozish kamayadi, eng muhimi – rivojlangan klinikalar muhiti kirib keladi.
So‘nggi ikki yilda tibbiyot sohasini raqamlashtirishga budjetdan 90 milliard so‘m yo‘naltirildi. Buning natijasida aholiga ko‘plab qulayliklar yaratildi. Endi “Elektron poliklinika”, “Elektron shifoxona” va “Elektron tibbiy karta” tizimlari ishga tushiriladi. Kafolatlangan paketga kirgan dorilarni elektron retsept asosida berish yo‘lga qo‘yiladi. Viloyat shifoxonalari ham elektron yo‘llanma tizimiga ulanadi.
Davlatimiz rahbari har bir ona va bola o‘limiga “favqulodda holat”, deb qarash kerakligini aytdi. Tug‘ruqxonalarni zamonaviy uskunalar bilan jihozlash, homilador va tug‘ruq yoshidagi ayollar salomatligini mustahkamlash, doya va hamshiralarni qo‘shimcha o‘qitish bo‘yicha topshiriqlar berildi.
Madaniyat sohasida avval belgilangan vazifalar ijrosi tahlil qilindi. Har bir tumanda kinozali, kutubxonasi va to‘garak xonalari bo‘lgan madaniyat markazi barpo etish, hududlarda madaniy tadbirlar o‘tkazish va yoshlarni san’atga jalb qilish masalalari ko‘rsatib o‘tildi.
Shuningdek, mahallalarni ommaviy turidan biriga ixtisoslashtirish, hududlar va respublika miqyosida musobaqalar tashkil etish bo‘yicha vazifalar qo‘yildi.
Shu yil Parijda bo‘lib o‘tadigan yozgi Olimpiya va Paralimpiya o‘yinlariga tayyorgarlik masalalari ham ko‘rib chiqildi. Sportchilarning yo‘llanmalarni qo‘lga kiritishi va musobaqalarga yaxshi tayyorgarlik ko‘rishi uchun barcha sharoitlar yaratilishi aytildi. Ularni chuqurlashgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish, farmakologiya va diyetologiya jihatidan sifatli ta’minlash muhimligi ta’kidlandi.
Yig‘ilishda muhokama qilingan masalalar yuzasidan mutasaddilarning axboroti eshitildi.