10.01.2024
Prezident Shavkat Mirziyoyev 10-yanvar kuni Qoraqalpog‘iston Respublikasini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish borasidagi ishlar tahlili va kelgusi vazifalar muhokamasi bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazdi.
Davlatimiz tomonidan Qoraqalpog‘iston iqtisodiyotini ko‘tarishga, odamlarning turmush sifatini yaxshilashga alohida e’tibor qaratib kelinmoqda. So‘nggi yetti yilda hududda misli ko‘rilmagan o‘zgarishlar ro‘y berdi. Avvallari 15 ta tumandan 12 tasi dotatsiyada bo‘lgan Qoraqalpog‘iston bugungi kunga kelib, o‘z daromadiga ega bo‘lgan hududga aylandi. Xususan, 15 trillion so‘m investitsiya hisobiga 5 ming 300 dan ziyod loyiha amalga oshirildi. Orol dengizining qurigan hududi o‘rnida 1 million 800 ming gektar yashil o‘rmonzor barpo etildi. 51 ming oilaning uy-joy sharoiti yaxshilandi, 401 ta mahallada qurilish-ta’mirlash ishlari bajarildi. Aholining turmush darajasi oshdi.
Qoraqalpog‘istonda biznes yuritish uchun boshqa hech bir hududga berilmagan imtiyozu imkoniyatlar taqdim etilgan. Xususan, jozibador biznes muhiti va hudud aholisiga qo‘shimcha qulaylik yaratish maqsadida foyda, aylanmadan soliq, yer va mol-mulk soliqlari 2 baravar pasaytirilgan, ijtimoiy soliq 1 foiz qilib belgilangan. Natijada tadbirkorlar ixtiyorida yiliga 500 milliard so‘m qolmoqda.
Bu ishlarni yangi bosqichga ko‘tarish maqsadida so‘nggi ikki yilda Qoraqalpog‘istonda sanoat, qishloq xo‘jaligi va tadbirkorlikni rivojlantirish, mahallalar infratuzilmasini yaxshilashga doir 7 ta farmon va qaror qabul qilindi. Bu maqsadlar uchun 400 million AQSH dollari va 250 milliard so‘m ajratildi.
Iqtisodiyot tarmoqlari va viloyatlar bilan hamkorlikda Orolbo‘yining shahar va tumanlarida ko‘plab loyihalar amalga oshirilmoqda.
Yig‘ilishda 2023-yilda qilingan ishlar ko‘rib chiqilib, 2024-yilga mo‘ljallangan vazifalar muhokama qilindi.
Bugungi kunda Qoraqalpog‘iston aholisi 2 million nafardan oshdi. Har yili mehnat bozoriga 50 ming aholi kirib keladi. Davlatimiz rahbari ularni zamonaviy kasb-hunarlarga o‘qitib, daromadli ish va munosib yashash sharoitlari bilan ta’minlash kerakligiga e’tibor qaratdi.
Shu maqsadda joriy yilda ham keng ko‘lamli ishlar ko‘zda tutilgan. Xususan, sanoat hajmi 23 trillion so‘mga yetkazilib, 2 trillion so‘mlik yangi quvvatlar yaratiladi. To‘qimachilik, elektrotexnika, farmatsevtika, qurilish materiallari tarmoqlarida 5 trillion so‘mlik 24 ta yirik loyiha ishga tushiriladi.
2024-yilda hududga 2 milliard 100 million dollar xorijiy investitsiya jalb etilishi mo‘ljallangan. Buning evaziga sanoatda 206 ta, xizmat ko‘rsatish sohasida 240 ta, qishloq xo‘jaligida 34 ta investitsiya loyihasi amalga oshiriladi. Ularda 13 mingga yaqin yuqori daromadli ish o‘rni ochiladi.
Qoraqalpog‘istonda ishlab chiqarish, qishloq xo‘jaligi, turizm va boshqa xizmatlar izchil rivojlanmoqda. Imkoniyatlardan samarali foydalanib, joriy yilda eksport hajmini 160 million dollarga yetkazish maqsad qilingan.
Qishloq xo‘jaligida yer unumdorligini oshirish uchun xorijiy grant jalb qilinadi. 6 ming gektar yerga suv tejovchi texnologiya joriy qilinib, 31 ming gektar lazerli tekislanadi.
Mahallalar infratuzilmasi va xonadonlar ta’mirlanadi. Yuqori texnologik tibbiy xizmatga muhtoj bemorlar davolanishiga 2,3 milliard so‘m yo‘naltiriladi.
Shu bilan birga, fuqarolar tashabbusi asosidagi loyihalarga 182 milliard so‘m, yil davomida mahalliy budjetdan yana 40 milliard so‘m ajratiladi. Kichik va o‘rta biznesni qo‘llab-quvvatlash dasturlari doirasidagi loyihalarga 10 trillion so‘m beriladi.
Prezidentimiz yangi ish o‘rinlari yaratish bo‘yicha rejalar mavjud salohiyatga mos emasligini ta’kidlab, bu boradagi qo‘shimcha imkoniyatlarni ko‘rsatib o‘tdi.
Masalan, 51 ta sanoat zonasida 775 milliard so‘mlik 71 ta loyihani boshlab, 1 mingta ish o‘rni yaratsa bo‘ladi. Yoki 10 ming gektar bo‘sh yerni savdoga chiqarib, 20 mingta tadbirkorni jalb qilish mumkin. Bu 50 ming ish o‘rni, degani. Shuningdek, noruda konlarga sanoatni olib kirib, 7,5 trillion so‘mlik loyihalar hisobiga 10 ming aholini band qilish mumkin.
Davlatimiz rahbari bu boradagi katta imkoniyatlardan biri turizm ekanini ta’kidladi. Qoraqalpog‘istonda turizmni, ayniqsa, uning eko, etno, ziyorat yo‘nalishlarini rivojlantirish bo‘yicha dastur ishlab chiqish, turizm klasteri tashkil etish va sohaga xorijiy ekspertlarni jalb qilish yuzasidan topshiriq berildi. Nukus aeroportini rivojlantirish va aviaqatnovlarni ko‘paytirish, yangi mehmonxonalar qurish, muzeylarni modernizatsiya qilish, yo‘l bo‘yi xizmatlarini kengaytirish vazifalari ko‘rsatib o‘tildi.
Germaniya, Janubiy Koreya, Yaponiya va Turkiyadan mutaxassislarni taklif etib, yoshlarni chet tili, axborot texnologiyalari, dizayn, mehmonxona xizmati kabi 17 turdagi zamonaviy kasblarga o‘qitish muhimligi ta’kidlandi.
Mutasaddilar Qoraqalpog‘istonni ishsizlikdan xoli hududga aylantirish uchun barcha imkoniyatlar borligini qayd etib, bu boradagi chora-tadbirlarni belgilab oldi.