22.12.2023
Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 22-dekabr kuni Respublika Ma’naviyat va ma’rifat kengashining kengaytirilgan yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Yig‘ilishda ma’naviyat va madaniyat faollari, adabiyot va san’at namoyandalari, shuningdek, Oliy Majlis palatalari, Vazirlar Mahkamasi vakillari, vazirlar va hokimlar ishtirok etdi.
Ma’lumki, respublikamizda ushbu Kengash raisi Prezident, hududlarda esa birinchi rahbarlar hisoblanadi. Chunki ilm-fan, ta’lim va tarbiya, ma’naviyat ustuvor masaladir.
Davlatimiz rahbari buning uchun avvalo mustahkam iqtisodiy asoslar kerakligini ta’kidlab, shu borada amalga oshirilayotgan ishlarni qayd etib o‘tdi. Ushbu iqtisodiy asos natijasida bu yil ijtimoiy sohaga eng ko‘p – 134 trillion so‘m mablag‘ ajratildi. Bu – 2016-yilga solishtirganda 5,6 barobar ziyod demakdir.
Bugun jahon miqyosida taraqqiyot sur’atlari shiddatli tus olgani, o‘ta ziddiyatli jarayonlarning ta’siri mamlakatimizda ham sezilayotgani qayd etildi.
– Tarixdan ma’lum: Vatan va xalq taqdiriga nisbatan tahdidlar kuchaygan vaziyatda aynan millat fidoyilari – uyg‘oq qalbli ziyolilar, shoir va adiblar, san’at namoyandalari, ma’naviyat va ma’rifat sohasi xodimlari jasorat bilan maydonga chiqqanlar. Mamlakatimiz o‘z taraqqiyotining yangi, yuksak bosqichiga kirayotgan hozirgi paytda bizga jadid bobolarimiz kabi g‘arb ilm-fan yutuqlari bilan birga, milliy qadriyatlar ruhida tarbiya topgan yetuk kadrlar suv bilan havodek zarur, – deya ta’kidladi Shavkat Mirziyoyev.
Ma’rifatparvar bobolar g‘oyalarini o‘rganish va rivojlantirish bo‘yicha Prezident qarori qabul qilinishi belgilandi. Shuningdek, Buxorodagi tarixiy maskanda Jadidlar merosi davlat muzeyi ochiladi, “Jadid” nomli yangi gazeta tashkil etiladi.
So‘nggi yillarda ma’naviy-ma’rifiy sohalarda katta ishlar amalga oshirilmoqda. Ma’naviyat va ijodni qo‘llab-quvvatlash maqsadli jamg‘armasi hamda Ijtimoiy-ma’naviy tadqiqotlar instituti tashkil etildi. Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi tizimidagi xodimlar soni ikki karra oshirildi, ularni moddiy rag‘batlantirish choralari ko‘rildi.
“Madaniy faoliyat va madaniyat tashkilotlari to‘g‘risida”gi qonun qabul qilingani soha rivojida muhim ahamiyatga ega bo‘ldi. Milliy an’analarimizni asrab-avaylash va boyitish maqsadida Maqom, Baxshichilik va Askiya san’ati markazlari tashkil etildi. Shuningdek, “Bahor” raqs ansambli, Davlat filarmoniyasi, Davlat simfonik orkestri kabi 20 dan ortiq muassasalar faoliyati yo‘lga qo‘yildi. 11 ta yangi muzey, 2 ta teatr, 28 ta bolalar musiqa va san’at maktabi, 5 ta oliy ta’lim muassasasi tashkil etildi.
Umuman, madaniyat va san’at sohasini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash hajmi 2017-yilga nisbatan 5 karra oshib, 2023-yilda bu maqsadlar uchun 712 milliard so‘mdan ortiq mablag‘ yo‘naltirildi.
“Maqom”, “Baxshichilik”, Hunarmandchilik, “Lazgi” kabi xalqaro festivallar an’anaga aylandi. 24 ta xorijiy mamlakatda, jumladan, qo‘shni davlatlarda “O‘zbekiston madaniyati kunlari” yuqori saviyada o‘tkazildi.
YUNЕSKOning Insoniyat nomoddiy madaniy merosi ro‘yxatiga yana 9 ta milliy merosimiz namunasi, Buxoro shahri “Ijodkor shaharlar tarmog‘i”ga kiritildi. Shu yil sentyabrda YUNЕSKO Bosh qarorgohida buyuk bobomiz Abu Rayhon Beruniy tavalludi keng nishonlandi.
Kino san’atida ham yangi asarlar paydo bo‘layapti. Buyuk sarkarda va ulug‘ allomalar haqida tarixiy filmlar yaratildi. Qariyb chorak asrdan keyin Toshkent xalqaro kinofestivali qayta tiklandi.
Poytaxtimizda Adiblar xiyoboni, Yozuvchilar uyushmasining muhtasham binosi, hududlarda yangi ijod uylari qurildi. Samarali ijod qilayotgan adiblar imtiyozli asosda uy-joylar bilan ta’minlandi. Atoqli ijodkorlarimizning tavallud sanalari nishonlandi. Yosh iste’dodlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash maqsadida Zomin seminari qayta tiklandi.
Birinchi marta nashr etilgan 100 jildlik “Turkiy adabiyot durdonalari”, 30 jilddan iborat “Mustaqillik davri navoiyshunosligi”, “Qoraqalpoq adabiyoti durdonalari”, “Mard askarga sovg‘a” singari adabiy majmualar ma’naviy hayotimizda muhim voqea bo‘ldi.
Yig‘ilishda bu sohalar oldidagi ustuvor vazifalar muhokama qilindi. Davlatimiz rahbari 9 ta yo‘nalishda o‘z fikrlarini bildirib, muhim tashabbuslarni ilgari surdi.
Avvalo, ma’naviyat va madaniyat sohasi uchun metodik asos bo‘lib xizmat qiladigan milliy g‘oyamizni rivojlantirish bo‘yicha alohida dasturiy hujjat ishlab chiqish lozimligi ta’kidlandi.
Ba’zi guruhlar orasida diniy qarashlarni Konstitutsiya va qonunlarimizga qarshi qo‘yish, dunyoviy qadriyatlarni harom deb bilish holatlari afsus bilan qayd etildi. Prezident bu o‘rinda Ibrat domlaning “Ulamo g‘ayrat etkanda millat, albatta, isloh topur”, degan hikmatli so‘zlarini yodga oldi. Ziyolilar, nuroniylar, haj va umraga borib kelgan yurtdoshlarimiz ma’naviyat targ‘ibotchisi bo‘lishi, odamlarni yaxshilikka boshlashi kerakligi aytildi.
Ta’lim tizimiga qaratilayotgan e’tibor izchil davom ettiriladi. Bu borada ham tenglik ta’minlanishi, xususan, qiz bolalarning o‘qishi va kasb-hunar egallashi jamiyat rivojida muhim ekani alohida ta’kidlandi.
Ikkinchidan, madaniy-ma’rifiy sohadagi ishlarda hokimlarning mas’uliyati oshiriladi. Tuman va shaharlarda Ma’naviyat va ma’rifat maskanlari ishga tushiriladi.
– Bugun ma’naviyat boshqa sohalardan o‘n qadam oldinda yurishi, ma’naviyat yangi kuchga, yangi harakatga aylanishi kerak, – dedi Prezident.
Shu maqsadda, Surxondaryo viloyatida bildirilgan taklif asosida hududlardagi 4 ta sektorga qo‘shimcha ravishda ma’naviyat sektori tashkil etilishi ma’lum qilindi. Ular joylardagi Ma’naviyat va ma’rifat kengashlarining ishchi tuzilmasi sifatida faoliyat ko‘rsatadi.
Uchinchidan, teatr san’atini rivojlantirish bo‘yicha dastur ishlab chiqiladi. Unda eng yaxshi pyesalar uchun ijodiy buyurtma berish, ijodiy va yordamchi xodimlarning chet el teatrlarida mahoratini oshirish, yosh rejissyorlarni qo‘llab-quvvatlash uchun Mannon Uyg‘ur nomidagi mukofot ta’sis etish kabilar nazarda tutiladi.
Korxona va muassasalarda oyning bir kuni “Teatr kuni” deb belgilanib, xodimlarning teatrlarga borishi yo‘lga qo‘yiladi.
To‘rtinchidan, aholining bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazishda 837 ta madaniyat markazining faoliyati juda muhim. Ularda 4 mingga yaqin to‘garak faoliyat ko‘rsatmoqda, 120 mingdan ortiq yoshlar shug‘ullanmoqda.
Lekin ayrim markazlar o‘z binosiga ega emas, jami 8 mingta musiqa anjomiga ehtiyoj bor. Bu borada hokimlarga ko‘rsatmalar berildi.
Shuningdek, kelgusi yildan har bir tumanda sahnali zal, kutubxona, kinozal va to‘garak xonalari bo‘lgan bittadan madaniyat markazi faoliyati yo‘lga qo‘yiladi. Joylardagi 600 dan ziyod badiiy havaskorlik jamoalarining moddiy-texnik bazasini yaxshilash bo‘yicha dastur qabul qilinib, bunga 100 milliard so‘m yo‘naltiriladi.
Beshinchidan, maqom va baxshichilik san’atini ilmiy asosda o‘rganish va rivojlantirish kuchaytiriladi.
Hozirgacha 120 ta maqom, baxshichilik dostonlari, xalq kuyi va qo‘shiqlari “oltin fond”ga yozib olindi. Kuni kecha O‘zbekiston Prezidentining nomoddiy madaniy merosni muhofaza qilish, ilmiy o‘rganish va targ‘ib etishga doir qarori imzolandi. Unda, jumladan, Madaniyatshunoslik va nomoddiy madaniy meros institutini tashkil etish, qadim musiqa asarlarini tadqiq qilish, mamlakatimiz fondlarida saqlanayotgan 3 mingdan ziyod doston, maqom va folklor asarlarini zamonaviy formatga o‘tkazish ko‘zda tutilgan.
Yana bir muhim yangilik – maqom, katta ashula, baxshichilik, atlas va adras, kulolchilik va zargarlik kabi an’analarni davom ettiradigan maktablar yaratiladi.
Oltinchidan, musiqa va raqs san’ati rivoji qo‘llab-quvvatlanadi. Jumladan, “Bahor” raqs ansambli ilgari Filarmoniya joylashgan mashhur san’at saroyida faoliyat yuritadi. Taniqli ashula va raqs ansambllarining xorijga gastrol safarlari ko‘paytiriladi. Musiqa va raqs san’ati masalalarini ilmiy o‘rganish, sohada ilmiy kadrlarni ko‘paytirish maqsadida ilmiy tadqiqotlar uchun grantlar joriy qilinadi.
Shuningdek, Toshkent davlat sirki binosi ta’mirdan chiqariladi.
Yettinchidan, xalqaro maydonda o‘zbek madaniy diplomatiyasi kengaytiriladi. Kelgusi yili Toshkentda jahon kreativ iqtisodiyotiga bag‘ishlangan konferensiya, Nukusda esa “Orol madaniyati” xalqaro ilmiy anjumani o‘tkaziladi.
Muzeylar faoliyatini takomillashtirish bo‘yicha yetti yillik dastur qabul qilinadi. Tarix muzeyi hamda San’at muzeyining yangi binolari barpo etiladi. Temuriylar tarixi hamda Tabiat muzeylarining ekspozitsiyasi yangilanadi. Alisher Navoiy nomidagi Adabiyot muzeyi kapital ta’mirlanadi.
Bundan tashqari, muzeylarimizda, xususan, Islom sivilizatsiyasi markazida Birinchi va Ikkinchi Renessans, davlatchilik tarixi va buyuk allomalar faoliyati bo‘yicha yangi ekspozitsiyalar tashkil qilinadi.
Fransiya bilan hamkorlikda Milliy restavratsiya markazi faoliyati yo‘lga qo‘yiladi. Muqaddas kitob – Usmon Qur’oni sahifalari konservatsiya qilinadi.
Yurtimizning ko‘hna tarixiga bag‘ishlangan 18 ta arxeologiya yodgorligi ochiq osmon ostidagi muzeyga aylantiriladi. Samarqandda Sohibqiron Amir Temur bog‘lari qayta tiklanadi, “Buyuk ipak yo‘li” muzeyi barpo etilib, Bibixonim majmuasi restavratsiya qilinadi.
Sakkizinchidan, kino sohasi rivojlantiriladi. Bu borada “Tirik tarix” seriyasida Vatanimizning shonli o‘tmishiga bag‘ishlangan filmlar yaratish dasturi ishlab chiqiladi. Bunga xorijiy ijodkorlar, kinokompaniyalar hamda investorlar ham jalb etiladi. Shuningdek, bolalar uchun buyuk ajdodlarimizning ibratli hayot yo‘li haqida ko‘p qismli animatsion filmlar yaratish zarurligi ta’kidlandi.
Kinoni iqtisodiyot bilan uyg‘un rivojlantirish maqsadida Buxoro, Samarqand va Toshkent viloyatlarida “erkin iqtisodiy kinohududlar” barpo etish vazifasi qo‘yildi.
Milliy seriallar bo‘yicha mavjud tizimni tubdan isloh etish, ularni g‘oyaviy-badiiy va texnik jihatdan jozibali darajaga yetkazish zarurligi ta’kidlandi. Buning uchun IT-park kabi erkin iqtisodiy zona – “Cinema park” tashkil qilish tashabbusi ilgari surildi.
To‘qqizinchidan, tasviriy va amaliy san’at sohasini rivojlantirish bo‘yicha dastur qabul qilinadi. Jumladan, Markaziy ko‘rgazmalar zali rekonstruksiya qilinib, jihozlanadi. Badiiy fond hududida zamonaviy galereya binosi quriladi hamda 40 ta ijodiy ustaxonadan iborat Yosh rassomlar markazi tashkil etiladi. Xattotlik va miniatyura san’ati ta’limini amaliyot bilan bog‘lash maqsadida milliy usulda qog‘oz tayyorlash ustaxonasi tashkil etiladi.
Sohada ta’lim sifatini yaxshilash, musiqa va san’at maktablari muallimlarining oyligini oshirish, ushbu maktablarning kommunal xarajatlarini budjetdan qoplash bo‘yicha takliflar bildirildi.
Davlatimiz rahbari o‘zbek tilini o‘qitish samarasini oshirish masalasiga ham alohida e’tibor qaratdi. Milliy sertifikatga ega bo‘lgan “O‘zbek tili va adabiyoti” fani o‘qituvchilariga kelgusi o‘quv yilidan boshlab 50 foiz ustama to‘lanishi qayd etildi.
Shuningdek, boshqa tillarda ta’lim olgan hamyurtlarimizni davlat tilini o‘rganishga rag‘batlantirish choralari ko‘riladi. Boshqa tillarga ixtisoslashgan maktablarda davlat tilini o‘qitish soatlari ko‘paytiriladi. O‘zbek tili bo‘yicha xalqaro fan olimpiadasi tashkil etiladi.
Jamiyatimizda kitobxonlik madaniyatini oshirish qo‘llab-quvvatlanadi. Ijodiy buyurtmalar, muallif va tarjimonlarga qalam haqi ko‘paytiriladi. Nashriyot va matbaa korxonalarining moliyaviy imkoniyatlarini kengaytirish maqsadida 5 yilga soliqlardan ozod qilinadi.
Prezidentimiz tarjima san’atining ahamiyatiga to‘xtalib, bunday mehnatni munosib rag‘batlantirish uchun Ogahiy nomidagi xalqaro mukofotni ta’sis etish tashabbusini ilgari surdi.
Internet adabiyotini rivojlantirish ham muhimligi ta’kidlanib, shu maqsadda adabiyot, kino, tarix, san’at, folklor namunalarini qamrab olgan “O‘zbek madaniyati” portalini yaratish vazifasi qo‘yildi.
Yig‘ilishda shoir va yozuvchilar, madaniyat va san’at namoyandalari, soha mutasaddilari o‘z fikr va takliflarini bildirdi.