18.12.2023
Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 18-dekabr kuni hududlarda ishlab chiqarishni yanada kengaytirish va xizmatlarni rivojlantirish masalalari muhokamasi yuzasidan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi.
Jahonda ro‘y berayotgan voqealar oqibatida mamlakatimiz iqtisodiyoti uchun zarur bo‘lgan xomashyo va mahsulotlar narxi, ularni yetkazib berish xarajatlari oshmoqda. Shuning uchun, eng avvalo, o‘zimizdagi xomashyoni chuqur qayta ishlab, raqobatbardosh mahsulotlarni ko‘paytirish kerak.
Yig‘ilishda bu boradagi tizimni takomillashtirish choralari belgilandi. Unga ko‘ra, endi hududlarda ishlab chiqarish, sanoat zonalari va eksport bilan Savdo-sanoat palatasi shug‘ullanadi. Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligining viloyat boshqarmalari va tuman bo‘limlari tugatiladi. Eksport agentligi va jamg‘armasi, “O‘zbekekspertiza” tashkiloti ham Savdo-sanoat palatasi tizimiga o‘tadi.
– Loyiha va eksport qilish tizimini davlatdan tadbirkorlarning o‘zi boshqaradigan tashkilotga olib berayapmiz. Bu tadbirkorlarni eshitish, talab va istaklarini amalga oshirish uchun kerak, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Davlatimiz rahbari ishlab chiqarish va eksportni ko‘paytirish bo‘yicha yangi imkoniyatlarni ko‘rsatib o‘tdi.
Bugungi kunda to‘qimachilik sanoatida qo‘llaniladigan ayrim mato va sintetik ip-kalava chetdan olib kelinmoqda. Shu bois mahalliylashtirish va eksportni oshirishga qaratilgan ko‘plab loyihalar boshlangan.
Masalan, Yuqori Chirchiq tumanida gazlama ishlab chiqarish va bo‘yoqxonalar tashkil qilish bo‘yicha 350 million dollarlik, Nukus shahrida sun’iy tola, gazlama-mato va bo‘yoqxona yo‘nalishida 60 million dollarlik loyihalar rejalashtirilgan. Andijon va Samarqand shaharlarida sun’iy toladan parda va mebel matolari ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yiladi. Paxtaobod tumanida to‘qimachilik sanoat zonasi tashkil qilinadi. Qoraqalpog‘iston va 6 ta viloyatda sun’iy toladan ip-kalava tayyorlaydigan 15 ta loyiha ishga tushiriladi.
Umuman, kelgusi yilda to‘qimachilikda yana 700 million dollar qo‘shilgan qiymat yaratish mumkinligi qayd etildi. Shu bois, bu tarmoq korxonalarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha yangi tartib joriy qilinadi. Buning uchun yuqori qiymat yaratadigan yangi loyihalarga 200 million dollar resurs sifatida ajratiladi. Matoni bo‘yash korxonalariga suv tozalash inshootlari xarajatlari davlat hisobidan qoplab beriladi. Sanitariya bo‘yicha xalqaro standartlarni joriy qilgan to‘qimachilik korxonalariga 100 million so‘mgacha subsidiya ajratiladi.
Mahsulotlarning sifatini ta’minlash maqsadida xorijdan dizayner, marketolog va konstruktorlar jalb etish kerakligi aytildi.
Ma’lumki, jahonga chiqish uchun eng muhim jihatlardan biri – brend. “O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan” degan yorliqli mahsulotlarimiz brendga aylanmagani sababli tashqi bozorda arzon sotilayapti.
Shu bois Prezident mamlakatimiz mahsulotlarining faqat sotilishi emas, balki tashqi bozorlarda brend sifatida tanilishi uchun ham ko‘maklashish zarurligini ta’kidladi.
Savdo-sanoat palatasiga mato, kiyim, gilam, poyabzal, charm, oziq-ovqat, uy buyumlari va qurilish materiallari ishlab chiqaruvchi mahalliy korxonalarni brendlar talablariga to‘liq moslashtirib, buyurtmalarni joylashtiruvchi “sorsing” kompaniyalari bilan bog‘lash vazifasi qo‘yildi.
Mahalliy korxonalarimizning xalqaro ko‘rgazmalarda ishtirokini ko‘paytirish, Yevropa va Osiyo shaharlarida savdo uylarini ochish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.
Shuningdek, mashhur nomdagi mahsulotlarni yurtimizda ishlab chiqarish ham mumkin. Misol uchun, kelgusi yil Chirchiqda Germaniya texnologiyasi asosida yiliga 2,5 million dona alyumin qadoqlash korxonasi ishga tushadi. Bu nafaqat salqin ichimliklar, balki kosmetika, maishiy kimyo, oziq-ovqat yo‘nalishidagi korxonalar uchun ham qulaylik. Bunday imkoniyatlardan foydalanib, nufuzli brendlarni O‘zbekistonga olib kelish zarurligi aytildi.
Qayd etilganidek, buning uchun yangicha yondashuvlar joriy qilinadi:
- brendlar ostida ishlab chiqarishni boshlayotgan korxonalarga xalqaro standartlarni joriy qilish, ekologiya va sertifikatlash xarajatlari qoplab beriladi;
- mahalliylashtirishni kamida 60 foizga yetkazish sharti bilan ular uchun zarur barcha xomashyolar bojxona to‘lovlaridan ozod qilinadi;
- kamida 30 foiz mahsulotini brend ostida ishlab chiqaradigan tadbirkorlarga xorijiy investitsiya ishtirokidagi korxonalar uchun nazarda tutilgan imtiyoz va yengilliklar beriladi;
- yirik brendlardan jalb qilingan texnolog, dizayner, marketolog kabi mutaxassislardan O‘zbekistonda ishlaganlik uchun to‘lovlar undirilmaydi.
Yurtimizda kimyo sanoati uchun ham ko‘p xomashyo mavjud. Hozirgi kunda jami 3 milliard dollarlik loyihalar shakllantirilgan.
Elektrotexnika sanoatida 2 milliard dollarlik loyihalar uchun imkoniyat ham, katta bozor ham bor. Masalan, yurtimizda qurilayotgan 27 gigavatt quvvatli quyosh va shamol stansiyalari uchun 500 million dollarlik kabelga ehtiyoj bor. Xuddi shunday, maishiy texnika, transformator kabi uskunalarga ham talab yuqori.
Kelgusi yilda Ohangaron sanoat zonasida ishga tushiriladigan 120 million dollarlik 5 ta loyiha hamda Buxoro shahrida tashkil etiladigan 120 million dollarlik texnopark bu mahsulotlarni mahalliylashtirishga yo‘naltirilgan.
Mazkur tarmoqlarda ham ishlab chiqarishni ko‘paytirish bo‘yicha topshiriqlar berildi.
Davlatimiz rahbari Qoraqalpog‘iston tumanlari va Nukus shahrida sanoatni rivojlantirish masalasiga alohida e’tibor qaratdi. Bu hududda ishlab chiqarishni kengaytirishga past foizda kredit berish uchun 100 million dollar ajratilgan. 23 ta istiqbolli loyiha shakllantirilib, viloyatlar va tijorat banklari biriktirilgan. Mutasaddilar ushbu loyihalarning ijrosi yuzasidan axborot berdi.
Yig‘ilishda xizmat ko‘rsatish va turizm imkoniyatlarini yanada kengaytirish masalalari ham muhokama qilindi.
Joriy yilning 11 oyida 421 trillion so‘mlik xizmatlar ko‘rsatilgan. Bu o‘tgan yilga nisbatan 13,6 foiz ko‘p. Yil yakuni bilan iqtisodiyotda xizmatlar ulushi 43 foizdan oshishi kutilmoqda. Lekin bu ko‘rsatkichlar yetarli emas. Moliya, transport, turizm, ta’lim, tibbiyot va axborot texnologiyalari sohalarida hali imkoniyatlar ko‘p.
Yaqinda Biznesni rivojlantirish banki hamda Tadbirkorlikni rivojlantirish kompaniyasi tashkil qilindi. 2024 yil 1 yanvardan bazaviy bank xizmatlarini ko‘rsatuvchi mikromoliya banklari ishga tushadi. Shularga asosan, kelgusi yilda moliyaviy xizmatlar hajmi 30 foiz oshishi kutilmoqda.
Xalqaro kapital bozorlarida 500 million dollarlik “yevrobond” joylashtirish bo‘yicha ish olib borilmoqda.
“Oilaviy tadbirkorlik” dasturi doirasida o‘z kichik biznesini ochgan va ijobiy kredit tarixiga ega aholiga 50 million so‘mgacha, tadbirkorlik faoliyatini kengaytirish istagidagi aholiga 100 million so‘mgacha garovsiz kreditlar berish yo‘lga qo‘yiladi. Shuningdek, o‘zini o‘zi band qilganlarga biznesga birinchi qadam uchun kredit berish taklifi ma’qullandi.
Yurtimizda jami xizmatlarning to‘rtdan bir qismi transport sohasiga to‘g‘ri keladi. Bu yil 1 ming 500 ga yaqin avtobus, 25 ta yangi samolyot olib kelindi. Xususiy aviakompaniyalar ish boshladi, 17 ta yo‘nalish ochildi.
Bu ishlarni davom ettirib, viloyatlar va qo‘shni davlatlarga avtobus yo‘nalishlarini, mamlakatimiz shaharlari o‘rtasida aviaqatnovlarni ko‘paytirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.
Temiryo‘l sohasida ham tariflar qayta ko‘rib chiqildi, keraksiz imtiyozlar bekor qilindi. 6 ta tezyurar va 30 ta elektr poyezd olib kelinmoqda. Bu kelgusi yilda 20 foiz o‘sishni ta’minlash imkonini beradi.
Yurtimizda xususiy ta’lim va tibbiyot xizmatlari tez o‘sib bormoqda. Bunga qo‘shimcha imkoniyat yaratish uchun bo‘sh yerlarni shu ixtisoslik bo‘yicha auksionga chiqarish mumkinligi aytildi.
Bugungi kunda IT xizmatlarining yalpi ichki mahsulotimizdagi ulushi 3-3,5 foizga teng. Kelgusi yilda kamida 30 foiz o‘sishni ta’minlab, bu tarmoqda xizmatlar hajmini 41 trillion so‘mga yetkazish, eksportni 2 karra oshirish muhimligi ta’kidlandi.
Mamlakatimizda turizm salohiyati katta. Buni samarali ishga solish uchun mehmonxona va mehmon uylarini ko‘paytirish lozimligi ta’kidlandi.
Tarixiy va xushmanzara turizm maskanlarining master rejasi tayyorlanishi, ularning infratuzilmasiga qo‘shimcha mablag‘ ajratilishi belgilandi. Ularga olib boruvchi ko‘chalarni ta’mirlash bilan birga, yo‘l bo‘ylarida savdo va servis shoxobchalarini joylashtirish vazifasi qo‘yildi.
Xorijda turistlar uchun zargarlik buyumlari savdosi ham keng yo‘lga qo‘yilgan. Mamlakatimizda buning uchun yetarli sharoit bo‘lsa-da, bunday buyumlar kam ishlab chiqariladi. Shu bois kelgusi yilda har bir hududda zamonaviy zargarlik majmualarini tashkil qilish bo‘yicha ko‘rsatma berildi.
Shuningdek, mamlakatimizda xalqaro “O‘zbekiston ipak matolari” moda haftaligini tashkil qilish taklifi bildirildi.
Bozorlarimizning turistlar uchun qulayligini oshirish lozimligi qayd etildi. Ularni sayyohlar kunlab vaqtini o‘tkazishi mumkin bo‘lgan majmualarga, madaniyatimizni aks ettiradigan “tashrif qog‘ozi”ga aylantirish muhimligi ta’kidlandi.
Bu chora-tadbirlar natijasida xizmatlar va turizm sohasida 2 milliondan ortiq aholi bandligini ta’minlash mumkinligi qayd etildi.
Yig‘ilishda tarmoq va hududlar rahbarlarining hisobotlari, tadbirkorlarning takliflari eshitildi.