18.12.2023
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning taklifiga binoan Qatar Davlati Amiri shayx Tamim bin Hamad Ol Soniy 19-dekabr kuni Korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida yuksak xalqaro mukofotni tantanali topshirish marosimida ishtirok etish uchun amaliy tashrif bilan Toshkent shahrida bo‘ladi.
Qatar Amiri tashabbusi bilan ta’sis etilgan mukofot bilan 2016-yildan buyon har yili global miqyosda korrupsiyaga qarshi kurashga qo‘shgan hissasining e’tirofi sifatida taniqli jamoat arboblari, ekspertlar va jurnalistlar taqdirlab kelinmoqda.
Tashrif doirasida oliy darajadagi muzokaralar ham bo‘lib o‘tadi.
O‘zbekiston Prezidentining joriy yil 1-2-oktabr kunlaridagi Qatarga davlat tashrifi davomida, eng avvalo, siyosat, savdo-iqtisodiyot, investitsiya va madaniy-gumanitar sohalarda erishilgan kelishuvlarning amalga oshirilishi ko‘rib chiqiladi. Xalqaro va mintaqaviy kun tartibidagi masalalar yuzasidan ham fikr almashiladi.