06.12.2023
6-dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Qirg‘iz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov bilan telefon orqali muloqoti bo‘lib o‘tdi.
Suhbat avvalida davlatimiz rahbari Qirg‘iziston Prezidentini tavallud kuni bilan samimiy qutlab, unga mustahkam sog‘lik, farovonlik va katta muvaffaqiyatlar, qardosh qirg‘iz xalqiga tinchlik-osoyishtalik va ravnaq tiladi.
Muloqotda ikki tomonlama munosabatlarning dolzarb masalalari muhokama qilindi, bo‘lajak tadbirlar rejasi ko‘rib chiqildi.
Yetakchilar mustahkam do‘stlik rishtalari, yaxshi qo‘shnichilik va strategik sheriklik aloqalariga asoslangan O‘zbekiston-Qirg‘iziston munosabatlari bugun yuqori sur’atda rivojlanib borayotganini mamnuniyat bilan qayd etdilar.
Turli darajalarda faol muloqotlar va samarali almashinuvlar davom etmoqda. Tovar ayirboshlash hajmi oshmoqda. Mashinasozlik, elektrotexnika, to‘qimachilik, qishloq xo‘jaligi va boshqa tarmoqlarda qo‘shma kooperatsiya loyihalari amalga oshirilmoqda. O‘zbekiston-Qirg‘iziston fondining faoliyati doirasida 11 ta istiqbolli biznes loyihalari moliyalashtirildi.
Hududlararo va madaniy-gumanitar hamkorlik kengayib bormoqda.
Davlat rahbarlari mintaqaviy hamkorlik masalalari yuzasidan ham fikr almashib, infratuzilmaviy loyihalarni jadallashtirish muhimligini ta’kidladilar.