01.12.2023
Hurmatli delegatsiya rahbarlari!
Bugungi tarixiy sammitga taklif etilganimiz hamda anjumanning yuqori darajada tashkil qilingani uchun Birlashgan Arab Amirliklari Prezidenti Muhammad bin Zoid Ol Nahayon A’lo Hazratlariga bildirilgan samimiy minnatdorchilik so‘zlariga qo‘shilaman.
Biz Amirliklarning iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashdagi global tashabbuslari va “yashil” taraqqiyotga qo‘shayotgan katta hissasini olqishlaymiz.
Fursatdan foydalanib, Birlashgan Arab Amirliklari xalqini Milliy bayrami bilan chin dildan qutlayman.
Hurmatli sammit ishtirokchilari!
Iqlim muammolari barqaror rivojlanish yo‘lida eng asosiy tahdidga aylanib ulgurdi.
Bu xavf-xatarlar hatto dunyo geosiyosiy arxitekturasiga ham ta’sir ko‘rsatmoqda.
Iqlim o‘zgarishining salbiy oqibatlari Orol fojiasi tufayli Markaziy Osiyoda ayniqsa jiddiy sezilmoqda.
Mintaqamizda havo haroratining oshishi jahondagi o‘rtacha ko‘rsatkichdan ikki baravar ko‘pdir. Favqulodda issiq kunlar soni 2 marta ortdi, muzliklar maydonining uchdan bir qismi yo‘qoldi.
Tuproq yemirilishi jarayonlari 30 million aholi turmush tarziga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Kuchli chang va qum bo‘ronlari odatiy holga aylandi. Ichimlik suvi taqchilligi, havo ifloslanishi, bioxilma-xillik yo‘qolishi, qishloq xo‘jaligi hosildorligi pasayishi kabi muammolar tobora avj olmoqda.
Bu global xavflar keng mintaqamizda xatarli nuqtaga yetib kelmoqda.
Hurmatli anjuman qatnashchilari!
“Yashil” iqtisodiyotga o‘tish va uglerod neytralligiga erishish Yangi O‘zbekistonning ustuvor strategik vazifasidir.
So‘nggi yillarda yurtimizda muqobil energiya ulushi ikki baravarga ko‘paydi.
Biz 2030-yilga borib 25 gigavatt qayta tiklanuvchi energiya quvvatlarini barpo etamiz. “Yashil” vodorod ishlab chiqarish bo‘yicha ilk amaliy qadamlarni tashladik.
“Yashil makon” tashabbusi doirasida mamlakatimizda 1 milliard tup ko‘chat ekilmoqda.
Orol dengizining qurigan tubida 2 million gektar maydonda o‘rmonlar barpo etdik.
Biz Iqlim o‘zgarishiga qarshi faqat birdamlik va keng xalqaro hamkorlik orqali samarali kurashishimiz mumkin.
Bu borada quyidagi takliflarni ilgari surmoqchiman.
Birinchidan, Parij shartnomasi doirasida Iqlim o‘zgarishiga moslashish sohasidagi Global hadli mexanizmni tezroq kelishish tarafdorimiz.
Biz Markaziy Osiyo iqlim muloqoti platformasida Adaptatsiya strategiyasini ishlab chiqmoqdamiz.
Kecha “Yo‘qotish va zararlar” jamg‘armasini tashkil etish bo‘yicha qabul qilingan muhim qarorni yuksak baholaymiz.
Ikkinchidan, global miqyosda kam uglerodli iqtisodiyotga o‘tish adolatli, shaffof va inklyuziv bo‘lishi zarur.
Bunda rivojlanayotgan davlatlarning manfaatlari albatta inobatga olinishi shart. Bu muammoni “Katta yettilik va yigirmalik” formatlarida doimiy ko‘rib chiqilishi maqsadga muvofiq.
Uchinchidan, biz Birlashgan Millatlar Tashkilotining rezolyutsiyasi asosida Orolbo‘yi hududini ekologik ofat zonasidan “innovatsiyalar, texnologiyalar va yangi imkoniyatlar mintaqasi”ga aylantirmoqchimiz.
Bu yerda Iqlim texnologiyalari xalqaro ekspo-xabini yaratishda yaqin hamkorlikka taklif etaman.
To‘rtinchidan, iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashda ilm-fan yutuqlaridan keng foydalanish lozim.
Toshkentdagi “Yashil universitet” negizidagi “Iqlim ilmiy forumi”da davlatlaringiz yetakchi olim va ekspertlarini ishtirok etishga chaqiraman.
Yer degradatsiyasi, suvdan foydalanish, oziq-ovqat xavfsizligi muammolari Forum kun tartibidan joy oladi, deb ishonaman.
Beshinchidan, BMT bilan 2024-yili O‘zbekistonda "Iqlim migratsiyasi" konferensiyasini o‘tkazish niyatidamiz.
Xalqaro mehnat tashkiloti bilan “Yashil bandlik” dasturi”ni ishlab chiqish va Modellashtirish markazini tashkil etishni taklif qilaman.
KOP Yoshlar konferensiyasini mamlakatimizda yuqori darajada tashkil etishga tayyormiz.
Hurmatli do‘stlar!
O‘zbekiston iqlim o‘zgarishiga qarshi kurash bo‘yicha umumbashariy g‘oyalarga doimo sodiqdir.
Bu ezgu maqsadda kelgusi yili Samarqand xalqaro iqlim forumini o‘tkazish va Birlashgan Millatlar Tashkilotining alohida rezolyutsiyasini qabul qilish tashabbusimizni qo‘llab-quvvatlashga chaqiraman.
Ishonchim komil, bugungi sammitimiz sayyoramizning yanada barqaror, farovon va xavfsiz kelajagini ta’minlash yo‘lida do‘st xalqlarimizni yaqinlashtirishga xizmat qiladi.
E’tiboringiz uchun rahmat.