27.10.2023
Prezident Shavkat Mirziyoyev 27-oktabr kuni geologiya ishlarini kengaytirish, foydali qazilmalarning istiqbolli konlarini aniqlash va o‘zlashtirish rejalariga bag‘ishlangan taqdimot bilan tanishdi.
Mamlakatimizda sanoatni rivojlantirish bo‘yicha qo‘yilgan katta marralarga erishishda iqtisodiyotni mineral resurslar bilan ta’minlash muhim ahamiyatga ega. Keyingi yillarda yurtimizda geologiya sohasini transformatsiya qilish doirasida uning moddiy-texnik bazasi mustahkamlandi, ilmiy izlanishlar va kadrlar tayyorlash kuchaytirildi.
Taqdimotda sohada qilingan ishlar, foydali qazilmalarni aniqlash va o‘zlashtirishga xorijiy hamkor va investorlarni jalb qilish rejalari ko‘rib chiqildi.
Ta’kidlanganidek, keyingi yillarda geologiya-qidiruv ishlari oldingi davrga nisbatan 3 barobar oshdi. 3D seysmorazvedka, aerogeofizika, kosmogeologiya, raqamli geologiya kabi ilg‘or usullarni joriy etish boshlandi. Geologiya fanlari universiteti tashkil etilib, hozirgi kunda 1,5 ming nafar yoshlar zamonaviy bilim va ko‘nikmalarni egallamoqda.
Shuningdek, geologiya ishlari sohasidagi loyihalarga xususiy investitsiyalarni keng jalb qilish uchun qonunchilik bazasi takomillashtirildi va boshqa zarur sharoitlar yaratildi.
Buning hisobiga konlarni izlash va o‘zlashtirish bilan shug‘ullanayotgan tadbirkorlar soni 4 barobarga oshdi. Joriy yilning o‘zida geologiya ishlariga 180 million dollar xorijiy investitsiyalar kiritildi, amalga oshirilayotgan loyihalarning umumiy qiymati esa 2 milliard dollardan oshdi.
Davlatimiz rahbari hisobotni tinglab, kelgusi yilda geologiya-qidiruv sohasida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan vazifalarni belgilab berdi.