17.10.2023
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 17-oktabr kuni Xitoyga amaliy tashrif doirasida Vetnam Sotsialistik Respublikasi Prezidenti Vo Van Txiong bilan uchrashdi.
Ikki mamlakat o‘rtasida, eng avvalo, savdo-iqtisodiy sohadagi o‘zaro manfaatli hamkorlikni kengaytirish masalalari ko‘rib chiqildi.
Ta’kidlash joizki, Vetnam O‘zbekistonning Osiyo-Tinch okeani mintaqasidagi muhim an’anaviy hamkoridir. Keyingi yillarda turli darajalardagi muloqotlar faollashdi, o‘zaro savdo hajmi va qo‘shma korxonalar soni oshib bormoqda. Qishloq xo‘jaligi va baliqchilik sohalarida loyihalar amalga oshirilmoqda.
Yetakchi kompaniyalarimiz neft-gaz majmuasida, mashinasozlik, elektrotexnika, kimyo, to‘qimachilik, poyabzal, mebelsozlik, oziq-ovqat va boshqa tarmoqlarda, shu jumladan maxsus iqtisodiy zonalar va industrial parklar doirasida kooperatsiya qilishlari uchun imkoniyatlar mavjudligi qayd etildi.
Shuningdek, O‘zbekiston va Vetnam yetakchilari madaniyat, ta’lim va turizm sohalarida almashinuvni rivojlantirish muhim ekanini ta’kidladilar.