05.10.2023
Rasmiy tashrif bilan Rossiya Federatsiyasida bo‘lib turgan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Qozondan Moskvaga keldi.
Rossiya poytaxtining “Vnukovo-2” aeroportida davlatimiz rahbarini Rossiya Federatsiyasi Hukumati Raisining o‘rinbosari – sanoat va savdo vaziri Denis Manturov va boshqa rasmiy shaxslar kutib oldi.
Oliy martabali mehmon sharafiga O‘zbekiston va Rossiya davlat bayroqlari ko‘tarildi, faxriy qorovul saf tortdi.
Tashrif dasturiga muvofiq, 6-oktabr kuni ikki mamlakat yetakchilari tor va kengaytirilgan tarkibda muzokara o‘tkazadilar. O‘zbekiston bilan Rossiya o‘rtasidagi keng qamrovli strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini yanada mustahkamlash masalalari muhokama qilinadi.
Siyosiy, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, transport-kommunikatsiyaviy, madaniy-gumanitar va boshqa ustuvor yo‘nalishlarda har tomonlama hamkorlikning holati va istiqbollarini ko‘rib chiqish rejalashtirilgan. Mintaqaviy va xalqaro kun tartibidagi dolzarb masalalar yuzasidan fikr almashiladi.
O‘zbekiston Prezidenti Rossiya Federatsiyasi Hukumati Raisi Mixail Mishustin bilan ham muzokara o‘tkazadi.