21.06.2017
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori
Tashqi iqtisodiy faoliyatni yanada liberallashtirish, eksportga mahsulot yetkazib berishni ko‘paytirishni rag‘batlantirish, mahalliy eksport qiluvchi tashkilotlarning raqobatdoshligini va moliyaviy barqarorligini oshirish, ortiqcha va eskirgan ruxsat berish tartibotlarini bekor qilish orqali ishbilarmonlik muhitini takomillashtirish maqsadida:
1. 2017-yilning 1-iyulidan boshlab shunday tartib joriy etilsinki, unga muvofiq:
tadbirkorlik subyektlariga yangi meva-sabzavot, uzum va poliz mahsulotlari haqini oldindan 100 foiz to‘lash sharti bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar asosida eksport qilishga ruxsat etiladi;
o‘zi ishlab chiqargan tovarlarni xorijiy valyutaga ularning tannarxidan past narxlar bo‘yicha mustaqil ravishda yoki vazirliklar, idoralar va xo‘jalik birlashmalarining tashqi savdo tashkilotlari orqali eksport qiluvchi tashkilotlarga, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2012-yil 26-martdagi PQ-1731-sonli qarori bilan tashkil etilgan Mahsulotlarni jahon bozorida haqiqiy vujudga kelgan, shu jumladan, tannarxidan past narxlar bo‘yicha eksport qilish masalalarini ko‘rib chiquvchi maxsus ekspert komissiyasi qarorlari asosida, soliq solish maqsadida tovarlarni (ishlar, xizmatlarni) sotishdan olingan tushumlar miqdori tovarlarni (ishlar, xizmatlarni) sotishning haqiqiy narxidan kelib chiqqan holda aniqlanadi;
o‘zi ishlab chiqargan mahsulotlarni eksport qiluvchi tashkilotlar uchun amalda bo‘lgan imtiyozlar va preferensiyalar o‘zlari egasi bo‘lgan mahsulotlarni eksport qiluvchi tashkilotlarga tatbiq etiladi;
ilgari foydalanishda bo‘lgan mashinalar, asbob-uskunalar va mexanizmlarni ular tayyorlangan vaqtdan boshlab 5-yil o‘tgandan keyin eksport qilish O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining qarorlarisiz amalga oshiriladi;
keltirilayotgan va ishlab chiqarilayotgan tovarlarning muvofiqlik sertifikatini rasmiylashtirish muddatlari 3 ish kunigacha qisqartiriladi.
2. O‘zbekiston Respublikasi Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi xalqaro karantin qoidalarining o‘simliklar karantini sohasidagi milliy normativ hujjatlarga joriy etilishini ta’minlash bo‘yicha tadbirlar rejasini bir oy muddatda ishlab chiqsin va tasdiqlasin.
3. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2005-yil 11-martdagi "Eksport-import operatsiyalarini tartibga solish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi PQ-26-sonli qarorining 3-bandi quyidagi tahrirda bayon qilinsin:
"3. Belgilab qo‘yilsinki, qonun hujjatlarida belgilangan TN TIF kodlari guruhlariga mansub, ilgari foydalanishda bo‘lgan mashinalar, asbob-uskunalar va mexanizmlarni eksport qilish O‘zbekiston Respublikasi Hukumati qarorlari bo‘yicha amalga oshiriladi.
Bunda ilgari foydalanishda bo‘lgan mashinalar, asbob-uskunalar va mexanizmlarni eksport qilish ular tayyorlangan vaqtdan boshlab 5-yil o‘tgach O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining qarorisiz amalga oshiriladi".
4. O‘zbekiston Respublikasi Tashqi savdo vazirligi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda:
ilgari ishlatilgan mashinalar, asbob-uskunalar va mexanizmlarni eksport qilishga ruxsat berish to‘g‘risida qaror qabul qilish tartibi haqidagi Nizom loyihasini bir oy muddatda ishlab chiqsin va tasdiqlash uchun O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritsin;
ikki oy muddatda O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi bilan birgalikda qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
5. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.MIRZIYOYEV
Toshkent shahri, 2017-yil 21-iyun
2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini tatbiq etish doirasida tadbirkorlik subyektlarining eksport faoliyatini rag‘batlantirish va kengaytirish bo‘yicha sezilarli ishlar amalga oshirildi.
Faqatgina joriy yilning o‘tgan davrida 360 dan ortiq yangi korxona eksport faoliyatiga jalb qilindi, 120 dan ortiq yangi mahsulotlarning eksport qilinishi o‘zlashtirildi, tayyor to‘qimachilik mahsulotlari, mineral o‘g‘itlar, yengil avtomobillar va tashqi bozorlarda talab yuqori bo‘lgan boshqa mahsulotlarning eksport hajmlari sezilarli darajada ortdi.
2016-yilda tashkil qilingan «O‘zagroeksport» ixtisoslashtirilgan tashqi savdo kompaniyasining mahalliy meva-sabzavot mahsulotlarini tashqi bozorlarga olib chiqish va yangi bozorlarni o‘zlashtirish bo‘yicha faoliyati sezilarli darajada faollashdi, natijada joriy yilning boshidan 230 ming tonnadan ortiq meva va sabzavotlar eksportga yetkazib berildi.
Shu bilan birga, meva-sabzavot mahsulotlari eksporti sohasidagi faoliyat tahlili foydalanilmayotgan katta salohiyat saqlanib qolinayotganligi va meva-sabzavot mahsulotlari ishlab chiqaruvchilari eksport faoliyatida keng ko‘lamda ishtirok etishlari uchun byurokratik to‘siq mavjudligini ko‘rsatmoqda.
Shu munosabat bilan, joriy yilning 21-iyunida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan qabul qilingan “Mahalliy eksport qiluvchi tashkilotlarni yanada qo‘llab-quvvatlash va tashqi iqtisodiy faoliyatni takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaror, avvalo, barcha meva-sabzavot mahsulotlari ishlab chiqaruvchilarning o‘z mahsulotlarini tashqi bozorlarga mustaqil yetkazib berishini qo‘llab-quvvatlash va shu asosda “O‘zagroeksport” AJ monopoliyasini bekor qilishga qaratilgan. Shu maqsadda 2017-yilning 1-iyulidan boshlab barcha tadbirkorlik subyektlariga yangi meva-sabzavot mahsulotlari, uzum va poliz mahsulotlarini to‘lovni oldindan 100 foiz amalga oshirish sharti bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar asosida eksport qilish huquqi berildi.
Ta’kidlash joizki, ushbu choralar meva-sabzavot mahsulotlarining eksportini kengaytirish bilan birgalikda dehqon va fermer xo‘jaliklarini tashqi bozorlarda talab yuqori bo‘lgan mahsulotlar ishlab chiqarish hajmini ko‘paytirish, yer resurslaridan samarali foydalanish, shu jumladan, takroriy ekinlar ekish hisobiga qishloq xo‘jaligi mahsulotlari hosildorligini oshirishga rag‘batlantiradi. Bu esa o‘z navbatida, ishlab chiqarilayotgan meva-sabzavot mahsulotlarining narxi va sifati bo‘yicha tashqi bozorlarda raqobatdoshligini oshirish imkonini beradi. Eng muhimi, dehqon va fermer xo‘jaliklari yetishtirgan mahsulotlarining haqiqiy egasi sifatida ulardan o‘z ixtiyoriga ko‘ra foydalanish, mustaqil eksport qilish, daromadlarini oshirish, oilasining moddiy farovonligini ko‘tarishlari mumkin bo‘ladi, qo‘shimcha valyuta tushumlari esa qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini ishlab chiqarishni kengaytirish va ularni chuqur qayta ishlash bo‘yicha yangi loyihalarni investitsiyalash uchun imkoniyat yaratadi.
Shu bilan birga, mahalliy meva-sabzavot mahsulotlarini tashqi bozorlarga chiqarish uchun chet elda qabul qilingan me’yor va standartlarga mahsulotlarning muvofiqligini ta’minlash bo‘yicha tizimli ishlarni amalga oshirish talab etiladi. Shu maqsadda Prezident qarori bilan Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligiga bir oy muddatda milliy qonunchilik hujjatlariga xalqaro karantin qoidalarini tatbiq etish bo‘yicha aniq chora-tadbirlar rejasini ishlab chiqish va tasdiqlash topshirildi.
Qabul qilingan qarorning muhim jihatlaridan biri, nafaqat mahsulot ishlab chiqaruvchilarga, balki mahsulotlarni chet elga eksport qilishda mahalliy ishlab chiqaruvchilarga ko‘maklashadigan tashqi savdo tashkilotlariga ham eksport faoliyatini amalga oshirishda teng sharoitlar yaratildi. Bundan tashqari, ishlab chiqaruvchi-eksport qiluvchilar uchun qo‘llaniladigan amaldagi qonunchilikda ko‘zda tutilgan imtiyoz va qulayliklar endilikda mahalliy ishlab chiqaruvchilarning mahsulotlari eksporti bilan shug‘ullanadigan barcha tadbirkorlik subyektlariga tatbiq etiladi. Bu eksport bilan tegishli tajriba va zarur mablag‘larga ega, doimiy ravishda jahon bozori kon’yunkturasini kuzatib boradigan hamda tashqi bozorlarda ishonchli hamkorlari bor ixtisoslashgan kompaniyalarning mahsulotlar eksporti bilan shug‘ullanishi xalqaro amaliyotga to‘liq mos keladi.
Bundan tashqari, ushbu me’yorning tatbiq etilishi zamonaviy marketing usullaridan, shuningdek, tashqi savdo kompaniyalarining imkoniyat va afzalliklaridan maksimal foydalanish imkonini beradi, bu o‘z navbatida respublikamiz eksport salohiyatini sezilarli darajada kuchaytirishga, eksport geografiyasi va mahsulotlar eksporti nomenklaturasini kengaytirishga olib keladi.
Shuningdek, hujjatda tashqi iqtisodiy faoliyatni amalga oshiradigan tadbirkorlik subyektlarining ruxsat olish tartibidan o‘tishdagi, shu jumladan, mahsulotlarga muvofiqlik sertifikatlarini rasmiylashtirish muddatlarining cho‘zilib ketishi kabi ayrim qiyinchiliklar yuzasidan ko‘plab davlat organlariga murojaatlarning yechimi o‘z aksini topgan. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori bilan bundan buyon sertifikatlash idoralari tomonidan ishlab chiqariladigan va chetdan olib kiriladigan mahsulotlarga muvofiqlik sertifikatlari 3 ish kunidan ko‘p bo‘lmagan muddatda rasmiylashtirilishi qat’iy belgilab qo‘yilgan.
Shu bilan birga, qarorda tashqi bozorlardagi noqulay kon’yunktura sharoitida o‘zlari ishlab chiqargan mahsulotlarni tannarxidan past narxda eksport qilishga majbur bo‘lgan korxonalar uchun soliq yukini kamaytirish chorasi nazarda tutilgan. Shunday qilib, Maxsus ekspert komissiyasining xulosalari asosida tannarxidan past narxlarda eksport qilingan tovarlardan (ish, xizmat) tushum ularning amaldagi sotuv narxlaridan kelib chiqqan holda soliqqa tortiladi, bu ishlab chiqaruvchiga soliqdan ozod bo‘lgan mablag‘lar ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarning tannarxini yanada pasaytirish bo‘yicha choralarni amalga oshirish imkonini beradi.
Xulosa qilib aytganda, mazkur qaror me’yor va tartiblarining amalga oshirilishi respublikamizning eksport salohiyatini kuchaytirish, eksport geografiyasini kengaytirish va diversifikatsiya qilish, tashqi bozorlarga mahalliy mahsulotlarni olib chiqishda zamonaviy marketing usullaridan faol foydalanish, shuningdek, mahsulotlar eksporti bilan shug‘ullanuvchi korxonalar sonini ko‘paytirish hamda ularning moliyaviy barqarorligini oshirishga yo‘naltirilgan.