04.10.2023
Prezident Shavkat Mirziyoyev 4-oktabr kuni professional ta’lim sifatini oshirish hamda aholini kasb-hunarga o‘qitish bo‘yicha yangi tashabbuslar taqdimoti bilan tanishdi.
Iqtisodiyotni rivojlantirishda professional ta’lim alohida o‘rin tutadi. Xususan, taraqqiy etgan davlatlarda o‘quvchilarning 75 foizigacha kasbiy ta’lim bilan qamrab olingan.
Mamlakatimizda ham bu soha mehnat bozori talablari asosida rivojlantirib kelinmoqda. O‘rta bo‘g‘in mutaxassislari, asosan, ikki yo‘nalishda – Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi tizimidagi kasb-hunar maktablari va texnikumlar hamda Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligiga qarashli monomarkazlarda tayyorlanmoqda.
Bugungi kunda 689 ta professional ta’lim muassasasida 714 ta kasb va mutaxassislik hamda 20 ta “Ishga marhamat” monomarkazida aholiga 54 ta kasb va 6 ta xorijiy til o‘rgatilmoqda.
O‘quvchilarga bir vaqtda ham o‘qish, ham ishlab daromad topish imkonini beradigan “dual ta’lim” shakli joriy etildi. Bu tizim samarasida 2 ming korxona bilan birgalikda 6 ming yigit-qiz o‘qitilmoqda. Shuningdek, yoshlarga 9-sinfdan keyin kasb-hunar maktabi, 11-sinfdan esa kollej va texnikumda turli mutaxassisliklar o‘rgatilmoqda.
Shu bilan birga, sohada muayyan bo‘shliqlar ham bor. Ayrim ta’lim dasturlari hayot talabi bilan bog‘lanmagan. Professional ta’lim maktab o‘quvchilarini o‘ziga jalb qila olmayapti. Oqibatda mavjud quvvatlar to‘la ishlatilmayapti.
Monomarkazlar o‘rta bo‘g‘in kadrlariga bo‘lgan ehtiyojni to‘liq qondira olmayapti. Bitiruvchilarga malaka razryadi berish joriy etilmagani sababli ular qo‘shimcha imtihon topshirayapti. Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi bilan professional ta’lim o‘rtasida hamkorlik yo‘q. Chet tillarini o‘rgatish va tasdiqlovchi hujjat berish bo‘yicha ishlar yetarli emas.
Ushbu kamchiliklarni bartaraf etib, kasbga o‘qitish sifatini oshirish maqsadida tegishli vazirliklar tomonidan yangi takliflar ishlab chiqilgan. Taqdimotda mutasaddilar shu borada atroflicha axborot berdi.
Mazkur takliflarda xorijiy ta’lim dasturlarini joriy etish, bitiruvchilar malakasining ichki va tashqi bozorda tan olinishini ta’minlash, o‘quvchilarni kollej va texnikumlarga kengroq jalb etish, monomarkazlarda kasbga o‘qitish sifatini yaxshilash chora-tadbirlari nazarda tutilgan.
Davlatimiz rahbari ushbu takliflarni takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha topshiriqlar berdi. Aholi bandligi eng muhim masala ekani, yoshlarga kasb-hunarlarni tumanlar ixtisoslashuvidan hamda korxonalar ehtiyojidan kelib chiqib, aniq yo‘nalishlar bo‘yicha o‘rgatish kerakligi ta’kidlandi.
Kasblar va professional ta’lim klassifikatorlarini bosqichma-bosqich yangilab, xalqaro standartlarga muvofiqlashtirish, professional ta’lim muassasalarini maktab va oliy o‘quv yurtlari bilan uzviy bog‘lash muhimligi aytildi. Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi barcha kasb-hunar ta’limi muassasalarini yaxlit tizim sifatida muvofiqlashtirishi belgilandi.
Kelgusi o‘quv yilidan har bir viloyatda dunyo tan olgan dastur asosida kasb-hunarga o‘qitish yo‘lga qo‘yiladi. Ularning bitiruvchilari xalqaro malaka va xorijiy til sertifikatiga ega bo‘ladi. Shuningdek, ilg‘or kasbiy ta’lim va kasbga o‘qitish sifatini ta’minlash mezonlari tatbiq etiladi.
Monomarkazlarda kasblar ish beruvchilarning buyurtmasi asosida o‘qitiladi, bu bitiruvchilarning ishga joylashishida muhim omil bo‘ladi.
Mutasaddilarga professional ta’lim tizimini rivojlantirishning yilma-yil dasturini ishlab chiqish vazifasi qo‘yildi.