20.06.2017
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmoyishi
Xalqimiz siyosiy tafakkurining noyob namunasi bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi Vatanimiz mustaqilligi, xalqimizning tinch-osoyishta hayoti, fuqarolarimizning hukuq va erkinliklari hamda manfaatlarining mustahkam kafolati sifatida yurtimizda bozor munosabatlari va xususiy mulk ustuvorligiga asoslangan xukuqiy demokratik davlat, kuchli fuqarolik jamiyati barpo etish, O‘zbekistonning xalqaro maydonda munosib o‘rin egallashi borasida asosiy poydevor bo‘lib kelmokda.
Mamlakatimizda Konstitutsiyamizda belgilab berilgan qoida va tamoyillar negizida samarali milliy qonunchilik tizimi, davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, fuqarolik jamiyati institutlari shakllanib, hayotimizning barcha soha va tarmoqlarida keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilayotgani, davlatimizning ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy va harbiy salohiyati yuksalib, xalqimizning ongu tafakkuri tobora o‘sib borayotgani ayniqsa ahamiyatlidir.
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining hayotimizdagi o‘rni va ahamiyatini keng targib etish, yurtdoshlarimiz, ayniqsa, yoshlarimiz qalbida qonunga hurmat, Vatanga mehr va sadoqat tuygusini kuchaytirish, ularning huquqiy ongi va madaniyatini oshirish hamda Asosiy Qonunimiz qabul qilinganining yigirma besh yillik sanasini keng nishonlash maqsadida:
1. Quyidagilar:
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganining yigirma besh yilligini nishonlashga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bo‘yicha asosiy tadbirlar dasturi (keyingi o‘rinlarda - Dastur) 1-ilovaga muvofiq;
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul kilinganining yigirma besh yilligini nishonlashga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bo‘yicha respublika tashkiliy qo‘mitasi (keyingi o‘rinlarda - Tashkiliy qo‘mita) tarkibi 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Tashkiliy qo‘mitaning asosiy vazifalari etib quyidagilar belgilansin:
Dasturda ko‘zda tutilgan tadbirlarning mamlakatimizdagi barcha davlat va nodavlat tashkilotlarini, keng jamoatchilikni faol jalb etgan holda, yukori saviyada o‘tkazilishini ta’minlash;
davlat idoralari va muassasalari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, fuqarolik jamiyati institutlari va ommaviy axborot vositalarining Dasturda ko‘zda tutilgan tadbirlarni amalga oshirishga doir faoliyatini tashkil etish va muvofiqlashtirish;
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining norma va tamoyillari hayotga tatbiq etilishini, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli demokratik, sotsial-iktisodiy, ijtimoiy-siyosiy islohotlarga huquqiy zamin bo‘lib xizmat kilayotgan Asosiy Qonunimizning ahamiyatini hayotiy misollar bilan ochib berishga bag‘ishlangan turkum tadbirlarni tashkil etish va bu borada amalga oshirilayotgan salmoqli ishlar ommaviy axborot vositalarida keng yoritilishini ta’minlash.
3. Tashkiliy qo‘mita:
O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi bilan birgalikda Dasturni amalga oshirishni moliyalashtirish manbalari va hajmini belgilasin;
o‘n kun muddatda Dasturda belgilangan tadbirlarni o‘z vaqtida va yuqori saviyada amalga oshirish uchun tegishli ishchi guruhlar tarkibi, kompleks chora-tadbirlar rejasini tasdiqlasin va amalga oshirishga kirishsin.
4. O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, O‘zbekiston Milliy axborot agentligi va boshqa ommaviy axborot vositalariga O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganining yigirma besh yilligiga bagishlangan tadbirlarni keng yoritish tavsiya etilsin.
5. Mazkur farmoyishning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.Aripov va O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchisi O.Murodov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi
Prezidenti Sh.Mirziyoyev