21.06.2017
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori
O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Majburiy ijro byurosi (keyingi o‘rinlarda Byuro deb yuritiladi) faoliyatiga ilg‘or axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etish maqsadida, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 29 maydagi “Elektr energiyasi va tabiiy gaz yetkazib berish hamda iste’mol qilish sohasida to‘lov intizomini yanada mustahkamlash, shuningdek, ijro ishi yuritish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF-5059-son Farmoniga asosan:
1.Quyidagilar tashkil etilsin:
Byuroning tuzilmasida 25 ta shtat birligidan iborat bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Majburiy ijro byurosining Axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish markazi (keyingi o‘rinlarda Markaz deb yuritiladi);
Byuro hududiy boshqarmalarining tuzilmasida 42 ta shtat birligidan iborat bo‘lgan Axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish bo‘limlari (keyingi o‘rinlarda Markazning hududiy bo‘limlari deb yuritiladi).
2.Quyidagilar Markazning asosiy vazifalari etib belgilansin:
Byuroning avtomatlashtirilgan axborot tizimlari, resurslari va ma’lumotlar bazalarini yaratish, rivojlantirish va yuritish bo‘yicha yagona siyosatni ishlab chiqish hamda amalga oshirish, axborot xavfsizligini ta’minlash;
elektr energiyasi va tabiiy gazni avtomatlashtirilgan elektron hisobga olish va nazorat qilish tizimini ishlab chiqish hamda yuritishda ko‘maklashish;
elektr energiyasi va tabiiy gazdan foydalanish, sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish sohasida suiiste’molchilik, talon-toroj holatlari hamda boshqa huquqbuzarliklarni samarali oldini olish imkonini beruvchi ilg‘or axborot texnologiyalari va dasturiy mahsulotlarni ishlab chiqish hamda joriy etish;
Byuroning axborot tizimlari, resurslari va ma’lumotlar bazalarini rivojlantirish, ularni boshqa davlat organlarining tizimlari bilan integratsiya qilish;
Byuroning axborot xavfsizligiga taxdidlarni o‘z vaqtida aniqlash va ularga qarshi kurashish, axborot xavfsizligi talablariga rioya etilishi ustidan nazorat va monitoringni amalga oshirish, axborot tizimlari, resurslari va ma’lumotlar bazalarini himoya qilish bo‘yicha texnik infratuzilmalarni joriy etish hamda rivojlantirish;
axborot tizimlari, resurlari va ma’lumotlar bazalaridan foydalanish, axborot xavfsizligini ta’minlash sohasida Byuro xodimlarining malakasini oshirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirish.
3.Belgilab qo‘yilsinki:
Markaz Byuroning mustaqil boshqarmasi huquqi bilan yuridik shaxs maqomisiz tashkil etiladi;
Markazga Byuro direktorining takdimnomasi bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori tomonidan lavozimga tayinlanadigan va lavozimdan ozod etiladigan direktor rahbarlik qiladi;
Markazning hududiy bo‘limlari o‘z faoliyatida Byuroning hududiy boshqarma boshliqlari va Markaz direktoriga bo‘ysunadi;
Markaz va uning hududiy bo‘limlarining ta’minoti Majburiy ijro byurosini rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi.
4.Quyidagilar:
Markazning tuzilmasi 1-ilovaga muvofiq;
Markaz va uning hududiy bo‘limlari xodimlarining Yagona tarif setkasi bo‘yicha mehnatga haq to‘lash razryadlari 2 va 3-ilovalarga muvofiq;
Markaz va uning hududiy bo‘limlari xodimlarining shtatlar jadvali 4 va 5-ilovalarga muvofiq tasdiqlansin.
5.Belgilab qo‘yilsinki:
ushbu qaror bilan tasdiqlangan Yagona tarif setkasi bo‘yicha mehnatga haq to‘lash razryadlariga ko‘ra Markaz va uning hududiy bo‘limlari xodimlarining lavozim maoshini aniqlashda tarif koeffitsiyentlari ikki baravar miqdorda qo‘llaniladi;
Markaz va uning hududiy bo‘limlarining boshqaruv xodimlariga alohida mehnat sharoitlari uchun ularning lavozim maoshiga 100 foiz miqdorida oylik ustama to‘lanadi. Bunda ushbu ustama qonun hujjatlarida belgilangan rag‘batlantiruvchi qo‘shimcha haq va ustamalarni hisoblashda Markaz va uning hududiy bo‘limlari xodimlarining lavozim maoshi tarkibiga kiritiladi;
Markaz va uning hududiy bo‘limlari xodimlariga ushbu qaror talablarini hisobga olgan holda Byuro xodimlari uchun nazarda tutilgan imtiyozlar, moddiy va ijtimoiy himoya choralari qo‘llaniladi.
6. O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuroriga Markaz va uning hududiy bo‘limlari tuzilmasiga belgilangan umumiy shtatlar soni doirasida o‘zgartirishlar kiritish huquqi berilsin.
Byuro direktoriga:
Markaz va uning xududiy bo‘limlariga axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, shuningdek, boshqa mutaxassislik sohasida oliy ma’lumotga, zarur bilim va ish tajribasiga ega bo‘lgan malakali kadrlarni ishga qabul qilish;
Markazga boshqa mutaxassislarni (dasturchilar, kompyuter tizimlari va tarmoqlari xavfsizligi, avtomatlashtirilgan tizimlarda ma’lumotlarni himoya qilish bo‘yicha mutaxassislar, kompyuter muhandislari, veb-dizaynerlar va boshqalar) shartnomaviy-huquqiy asosda jalb etish huquqi berilsin.
7.Byuro bir oy muddatda:
Markaz to‘g‘risidagi nizomning tasdiqlanishini;
Markaz va uning hududiy bo‘limlarini zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan professional darajada foydalanish qobiliyatiga ega malakali mutaxassislar bilan to‘ldirilishini;
O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi bilan birgalikda Markaz hamda uning hududiy bo‘limlarini zamonaviy kompyuter texnikasi, aloqa, mebel hamda ishni samarali tashkil etish uchun zarur bo‘lgan boshqa moddiy-texnika vositalari bilan jihozlanishini ta’minlasin.
8.O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi, Ichki ishlar vazirligi, Moliya vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi, Adliya vazirligi, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, Davlat soliq qo‘mitasi, Davlat bojxona qo‘mitasi, Davlat statistika qo‘mitasi, “Yergeodezkadastr” davlat qo‘mitasi, Markaziy bank, Intellektual mulk agentligi, Davlat personallashtirish markazi, Davlat raqobat qo‘mitasi huzuridagi Qimmatli qog‘ozlar bozorini muvofiqlashtirish va rivojlantirish markazi, boshqa vazirliklar hamda idoralar ikki oy muddatda Markazga o‘zlarining ma’lumotlar bazalari va axborot tizimlaridan to‘laqonli foydalanish imkoniyatini ta’minlasin.
9.O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 30 maydagi “O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Majburiy ijro byurosi faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida”gi PQ-3016-son qaroriga 6-ilovaga muvofiq o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilsin.
10.O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi va Moliya vazirligi ikki hafta muddatda ushbu qaror talablariga muvofiq Byuroning shtatlar jadvali va xarajatlar smetasiga o‘zgartishlar kiritsin.
11.Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov va O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori I.B.Abdullayev zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi
Prezidenti Sh.Mirziyoyev
Toshkent shahri