23.08.2023
Kunning ikkinchi yarmida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va rafiqasi Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev va rafiqasi hamrohligida Shusha shahrining diqqatga sazovor joylari bilan tanishdilar.
Shusha “Qorabog‘ durdonasi”, “Kavkaz san’ati markazi” va “ozarbayjon musiqasi beshigi” nomlari bilan ma’lum. Shahar bir qator taniqli fan, madaniyat va san’at arboblari vatanidir.
2021-yildan buyon Shusha Ozarbayjonning madaniy poytaxti hisoblanadi, 2023-yilda esa turkiy dunyo madaniy poytaxti deb e’lon qilingan.
Joriy yilda Xiva shahri va Shusha shahri o‘rtasida birodarlik aloqalari o‘rnatildi.
Oliy martabali mehmonlar shahar bilan tanishuvni 1883-yilda barpo etilgan Soatli masjididan boshladilar.
So‘ng Ozarbayjon umummilliy yetakchisining yuz yillik yubileyiga bag‘ishlab o‘tkazilgan “Haydar Aliyev va Qorabog‘” fotoko‘rgazmasi bilan tanishildi.
Shushaning bosh maydoniga tashrif buyurildi. Bu yerda Ozarbayjon madaniyatining atoqli arboblari – Xurshidabonu Notavon, Bulbul, Uzeyir Xojibeyli byustlari o‘rnatilgan.
O‘zbekiston tomoni katta qiziqish bilan shahar aholisini ichimlik suvi bilan ta’minlab kelgan “Xon qizi” bulog‘i, Ozarbayjonning taniqli san’at arbobi Bulbulning uy-muzeyi, “Mehmondorovlar uyi” me’moriy yodgorligi hamda o‘tmishda otchoparlar o‘rtasida musobaqalar o‘tkazilgan mashhur Jidir tekisligi bilan tanishdilar.
Shu bilan Prezidentimizning Ozarbayjonga davlat tashrifi dasturidagi tadbirlar yakuniga yetdi. Davlatimiz rahbari Toshkentga jo‘nab ketdi.