27.07.2023
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining FarmoniRespublikada madaniyat va turizm sohasini jadal rivojlantirish bo‘yicha samarali ishlar bosqichma-bosqich amalga oshirilmoqda.
Shu bilan birga, mamlakatimizning turizm xizmatlarini diversifikatsiya qilish, ayniqsa, mahalliy va xorijiy turistlar uchun ekohududlar, tog‘ va cho‘l hududlari hamda suv obyektlarining suvni muhofaza qilish zonalarining imkoniyatlaridan yanada kengroq foydalangan holda ekoturizmni rivojlantirish ishlarini amalga oshirish zarur.
Qolaversa, madaniyat sohasida milliy madaniyatni yanada rivojlantirish, iste’dodli yosh ijodkorlarni izlab topish va qo‘llab-quvvatlash, shuningdek, o‘zbek mumtoz va folklor san’atining noyob namunalari va an’analarini yanada rivojlantirishni tizimli yo‘lga qo‘yish uchun barcha sharoitlarni yaratish lozim.
Mazkur vazifalarni tezkor hamda yangi yondashuv asosida sifatli tashkil etish hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 25-yanvardagi “Respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari faoliyatini samarali yo‘lga qo‘yishga doir birinchi navbatdagi tashkiliy chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PF–14-son Farmoni ijrosini ta’minlash maqsadida:
1. Quyidagilar:
a) Madaniyat va turizm vazirligi negizida:
Madaniyat vazirligi;
Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi huzurida Turizm qo‘mitasi;
b) Madaniyat va turizm vazirligining hududiy bo‘linmalari negizida:
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Madaniyat vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar madaniyat boshqarmalari, tuman (shahar) madaniyat bo‘limlari;
Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar turizm boshqarmalari tashkil qilinsin.
2. Belgilansinki, Madaniyat vazirligi va Qoraqalpog‘iston Respublikasi Madaniyat vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar madaniyat boshqarmalari, tuman (shahar) madaniyat bo‘limlari hamda Turizm qo‘mitasi va uning Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar boshqarmalari shtat birliklari Madaniyat va turizm vazirligining mavjud shtat birliklari hisobidan shakllantiriladi.
3. Quyidagilar:
Madaniyat vazirligi faoliyatining ustuvor yo‘nalishlari 1-ilovaga muvofiq;
Madaniyat vazirligi tizimidagi muassasalarni qayta tashkil qilish va qayta nomlash dasturi 2-ilovaga muvofiq;
Madaniyat vazirligi tizimida yangi tashkil qilinayotgan muassasalar ro‘yxati 3-ilovaga muvofiq;
Madaniyat vazirligining tashkiliy tuzilmasi 4-ilovaga muvofiq;
Kinematografiya agentligining tashkiliy tuzilmasi 5-ilovaga muvofiq;
Madaniyat va san’at sohasida islohotlarni chuqurlashtirish va tizim faoliyatini transformatsiya qilish bo‘yicha “yo‘l xaritasi” 6-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
4. Madaniyat va san’at sohasida ta’limni tizimli isloh qilish, milliy musiqa va teatr san’ati, ilmiy-tadqiqot ishlari va ijrochilik mahoratining yangi tizimini joriy qilish maqsadida quyidagi chora-tadbirlar belgilansin:
a) milliy musiqa san’ati klasteri yaratilib, sohada yuqori malakali kadrlar tayyorlash, ularni ish bilan ta’minlash hamda malakasini oshirish tizimli yo‘lga qo‘yiladi. Bunda:
milliy musiqa san’ati yo‘nalishida ta’lim va ilmiy-tadqiqot ishlari takomillashtirilib, ijrochilik mahorati maktablarining yaxlit tizimi joriy etiladi;
bastakorlar, hofiz va sozandalar, baxshichilik san’ati vakillarining noyob asarlari notalashtiriladi;
ta’lim jarayonining uzluksizligi va uzviyligi ta’minlanib, nazariy va amaliy bilimlarni integratsiya qilish orqali maqom, baxshi va doston ijrochiligi yo‘nalishlarida iste’dodli yoshlar seleksiyasi amalga oshiriladi;
b) davlat musiqali, drama hamda qo‘g‘irchoq teatrlarida yagona repertuar strategiyasi asosida g‘oyaviy, ma’naviy va badiiy jihatdan puxta yaratilgan sahna asarlarini namoyish etish, teatr va sirk san’ati ustalari tomonidan “ustoz-shogird” an’analari va mahorat maktablari asosida ta’lim berish tizimi yo‘lga qo‘yiladi;
v) nomoddiy madaniy merosni har tomonlama muhofaza qilish, keng jamoatchilikni jalb etgan holda uning namunalarini aniqlash, nomoddiy madaniy meros bo‘yicha xalqaro ro‘yxatlar va reyestrlarga kiritish, raqamlashtirish, targ‘ib qilish va saqlash bo‘yicha yangi tashabbuslar va loyihalar amalga oshiriladi hamda mazkur faoliyat bilan shug‘ullanuvchi davlat tashkilotlari faoliyati qo‘llab-quvvatlanadi.
5. Belgilansinki:
a) 2023-yil 1-sentabrdan boshlab, aholining madaniy hayotini yanada mazmunli tashkil etish, ayniqsa, yoshlarni madaniyat va san’atga keng jalb qilish uchun madaniyat markazlarida:
bosqichma-bosqich zamonaviy jihozlangan kutubxonalar va kinoteatrlar tashkil etiladi;
musiqa cholg‘uchiligi va ashula ijrochiligi bo‘yicha pullik maxsus kurslarda o‘qitish tizimi joriy etiladi;
b) 2024–2026-yillarda xalqaro festivallar, forumlar va respublika darajasidagi madaniy-ommaviy tadbirlarni tashkil etish va o‘tkazish ishlari bosqichma-bosqich xususiy sektorga o‘tkaziladi.
6. Madaniyat va san’at sohasida axborot texnologiyalarini rivojlantirish va boshqaruvni raqamlashtirish orqali xizmat ko‘rsatish jarayonlarini soddalashtirishga qaratilgan quyidagilarni nazarda tutuvchi “ERP madaniyat” yagona boshqaruv tizimi joriy qilinsin:
madaniyat markazlari, bolalar musiqa va san’at maktablari, ixtisoslashtirilgan madaniyat va san’at maktablari hamda maktab-internatlar, texnikumlar faoliyatida boshqaruv va tashkiliy jarayonlarni raqamlashtirish bo‘yicha axborot tizimlari ishlab chiqiladi, ariza topshirish hamda bitirganlik to‘g‘risidagi guvohnomalarni olish bo‘yicha davlat xizmatlari Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali va davlat xizmatlari markazlari axborot tizimlari bilan integratsiya qilinadi;
madaniyat markazlari va ko‘zi ojizlar uchun adabiyotlarni buyurtma asosida yetkazishga mo‘ljallangan axborot tizimlari, aholiga audiovizual asarlarni taqdim qilishga mo‘ljallangan maxsus video platforma hamda yoshlarga milliy musiqa cholg‘ulari to‘g‘risida dastlabki ta’limni berishga mo‘ljallangan “Cholg‘u.uz” mobil ilovasi ishlab chiqiladi;
Madaniyat vazirligi tizimidagi tashkilotlarda tushumlarni onlayn monitoring qilishga mo‘ljallangan axborot tizimi ishlab chiqiladi hamda “UzASBO” avtomatlashtirilgan dasturiy majmuasi bilan integratsiya qilinadi.
7. “O‘zbekteatr” hamda “Madaniyat ta’limi markazi” davlat muassasalari tashkil etilsin. Bunda, “O‘zbekteatr” va “Madaniyat ta’limi markazi” davlat muassasalarining shtat birliklari 7 va 8-ilovalarda keltirilgan tashkilotlarning umumiy shtat birliklarini maqbullashtirish hisobiga shakllantiriladi hamda ularni saqlash bilan bog‘liq xarajatlar Davlat budjetidan Madaniyat vazirligiga ajratilgan mablag‘lar doirasida moliyalashtiriladi.
8. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim hujjatlariga 9-ilovaga muvofiq o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilsin.
9. Madaniyat vazirligi hamda Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda uch oy muddatda qonunchilik hujjatlariga ushbu Farmondan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
10. Mazkur Farmonning ijrosini samarali tashkil qilishga mas’ul va shaxsiy javobgar etib madaniyat vaziri hamda ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vaziri belgilansin.
Farmon ijrosini muhokama qilib borish, ijro uchun mas’ul tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. Mirziyoyev