10.07.2023
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 10-iyul kuni Shanxay hamkorlik tashkilotining Prezident sayloviga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazishni kuzatish bo‘yicha missiyasi boshchiligida mamlakatimizda bo‘lib turgan SHHT bosh kotibi Chjan Minni qabul qildi.
Bosh kotib davlatimiz rahbarini saylov muvaffaqiyatli o‘tkazilgani va unda ishonchli g‘alaba qozonilgani bilan samimiy qutladi.
SHHTga a’zo davlatlar o‘rtasidagi ko‘p tomonlama hamkorlikni yanada rivojlantirish hamda Tashkilotning 2022-2023-yillardagi Samarqand va Dehli sammitlarida ilgari surilgan tashabbuslarni amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.
Iqtisodiyot, innovatsiya va yuqori texnologiyalar, transport jihatidan o‘zaro bog‘liqlik, oziq-ovqat va energetika xavfsizligi, ekologiya va “yashil” texnologiyalar, turizm va madaniyat sohalarida hamda SHHT doirasida xavfsizlikni ta’minlash borasidagi qo‘shma dastur va loyihalarni ilgari surish muhimligi ta’kidlandi.
SHHTni modernizatsiya qilish, Tashkilot tuzilmalari faoliyatini takomillashtirish, shuningdek, keng mintaqamizda o‘zaro ishonch va sheriklikni mustahkamlashga qaratilgan chora-tadbirlarni qabul qilishga alohida e’tibor qaratildi.