30.06.2023
Qadrli o‘g‘il-qizlarim!
Avvalo, siz, azizlarni, sizlarning timsolingizda butun O‘zbekiston yoshlarini mamlakatimizda keng nishonlanayotgan qutlug‘ ayyom – Yoshlar kuni bilan chin qalbimdan muborakbod etaman.
Ushbu bayramni sizlar bilan birgalikda katta shodu xurramlik bilan o‘tkazayotgan ota-onalaringiz, ustoz-murabbiylaringizni, ko‘pmillatli butun xalqimizni samimiy qutlab, barchangizga o‘zimning yuksak hurmat-ehtiromim va ezgu tilaklarimni bildiraman.
Albatta, mana shunday quvonchli ayyomda yurtimiz kelajagi, umid va ishonchimiz ramzi bo‘lgan azmu shijoatli farzandlarimiz timsolida Vatanimiz naqadar ulkan imkoniyatlarga ega ekanini yanada chuqur his etamiz.
Bugungi kunda maktab, kollej, texnikum va oliygohlarda bilim olayotgan, o‘z shaxsiy ishini ochib, tadbirkorlik bilan shug‘ullanayotgan, Qurolli Kuchlarimiz saflarida yigitlik burchini sharaf bilan ado etayotgan, ishlab chiqarish, qurilish, ilm-fan, ta’lim, tibbiyot, madaniyat, adabiyot va san’at, sport sohalariga, zamonaviy IT-texnologiyalari yo‘nalishlariga dadil kirib borayotgan, katta orzu-umidlar bilan yashayotgan 18 milliondan ziyod o‘g‘il-qizlarimiz – bizning bebaho boyligimiz, oltin zaxiramizdir.
“Yangi O‘zbekiston bunyodkori bo‘laman!”, “Uchinchi Renessans poydevorini yaratishga munosib hissa qo‘shaman!”, degan yuksak maqsadlar farzandlarimiz qalbidan chuqur joy olib, ularning hayoti va faoliyati mazmuniga aylanib borayotgani bilan har qancha faxrlansak, arziydi.
Aziz yoshlar!
Navqiron avlodimizning huquq va manfaatlarini ta’minlash, o‘g‘il-qizlarimizning bilim olishi, mehnat qilishi, o‘z qobiliyat va iste’dodini ro‘yobga chiqarishi uchun barcha sharoitlarni yaratish so‘nggi yillarda O‘zbekistonda davlat siyosati darajasiga ko‘tarilgani va bu borada ulkan ishlar amalga oshirilayotgani sizlarga yaxshi ma’lum, albatta.
O‘tgan qisqa davrda ushbu yo‘nalishda 100 dan ortiq qonun hujjatlari qabul qilinib, izchil amalga oshirilayotgani buni yaqqol tasdiqlaydi. Ayniqsa, yangilangan Konstitutsiyamizda yosh avlodning huquq va manfaatlari aniq moddalar bilan muhrlab qo‘yilgani, hech shubhasiz, bu boradagi huquqiy bazani yanada kengaytirish, amaliy ishlarimizni yangi bosqichga ko‘tarish imkonini bermoqda.
Shu o‘rinda yangi tahrirdagi Asosiy qonunimiz loyihasini muhokama etish va umumxalq referendumi orqali qabul qilishda yoshlarimiz alohida faollik ko‘rsatganini minnatdorlik bilan ta’kidlab o‘tmoqchiman. Bu esa o‘g‘il-qizlarimizning Vatanimiz taqdiri va kelajagiga yuksak daxldorlik tuyg‘usi bilan yashayotgani, mamlakatimizdagi siyosiy-ijtimoiy jarayonlarga yangicha ruh va mazmun olib kirayotganidan dalolat beradi.
Ayni paytda bunday faol munosabat butun xalqimiz qatori yoshlarimiz bilan ham doimiy muloqotni yo‘lga qo‘yib, fikr va istaklarini eshitayotganimiz, barcha dastur va rejalarimizni amalga oshirishda o‘g‘il-qizlarimizni keng jalb etib, ularga ishonch bildirayotganimiz natijasi, desak, to‘g‘ri bo‘ladi.
Shu ma’noda, o‘tgan davrda yoshlar bilan ishlash bo‘yicha mutlaqo yangi – vertikal boshqaruv tizimi yaratildi.
Yurtimizdagi barcha mahallalarda yoshlar yetakchisi lavozimi joriy etilib, bu vazifaga tashkilotchilik qobiliyatiga ega, tashabbuskor yigit-qizlar tanlab olindi. Mahallada bu tizim orqali yoshlarga 100 dan ortiq imkoniyatlar yaratildi.
“Yoshlar daftari” tizimi yo‘lga qo‘yilib, so‘nggi ikki yilda 798 ming nafarga yaqin yoshlarga qariyb 1 trillion so‘mlik yordamlar ko‘rsatildi. Jumladan, 53 ming nafar ehtiyojmand oilaga mansub talabaga o‘qish uchun kontrakt pullari to‘lab berildi.
Oliy ta’lim muassasalari soni salkam uch marta ko‘payib, 210 taga, qamrov darajasi esa 9 foizdan 38 foizga yetgani zamonaviy ilm va kasb sohalarini egallashda o‘g‘il-qizlarimiz uchun yangi imkoniyatlar ochmoqda.
Oxirgi uch yilning o‘zida 250 ming nafar yoshga 6 trillion so‘mdan ziyod imtiyozli kreditlar ajratildi. Mamlakatimiz bo‘yicha 210 ta “Yoshlar sanoat va tadbirkorlik zonalari” tashkil etilib, 4 trillion so‘mlik 2,5 mingta loyiha amalga oshirildi. Natijada, yosh tadbirkorlar soni 2 karra ko‘payib, 200 mingdan oshdi.
Biz nafaqat yoshlarimiz, balki butun jamiyatimiz hayotini tubdan o‘zgartirishga xizmat qilayotgan ana shunday ezgu ishlarimizni bundan buyon ham izchil davom ettiramiz. Shu borada yoshlarimizni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, siz, azizlarning salohiyat va iqtidoringizni rivojlantirish va ro‘yobga chiqarish uchun imkoniyat va sharoitlarni yanada kengaytiramiz.
Qadrli o‘g‘il-qizlarim!
Yurtimiz yoshlari yaratilayotgan imkoniyatlardan unumli foydalanib, turli sohalarda dastlabki umidbaxsh natijalarni qo‘lga kiritayotgani albatta barchamizni xursand qiladi.
O‘zbekistonlik o‘quvchilar o‘tgan yili xalqaro fan olimpiadalarida 7 ta oltin, 36 ta kumush va 38 ta bronza medalini qo‘lga kiritdilar.
Yosh sportchilarimiz esa xalqaro musobaqalarda muvaffaqiyatli ishtirok etib, bu yil 247 ta oltin, 119 ta kumush, 110 ta bronza medal sohibiga aylandilar.
Keyingi yillarda Vatanimiz ravnaqiga munosib hissa qo‘shib kelayotgan ana shunday yoshlarning 758 nafari davlat mukofotlariga sazovor bo‘ldilar.
Albatta, biz aziz farzandlarimizning orzu-intilishlari, ilg‘or g‘oya va tashabbuslarini ro‘yobga chiqarish bo‘yicha boshlagan ishlarimizni davom ettirib, ularni yangi, yanada yuksak bosqichga olib chiqamiz.
Ishonchim komil, jonajon Vatanimizga mehr va sadoqat bilan yashayotgan, ilm-fan va kasb-hunarlarni puxta egallab, hozirgi murakkab zamondagi keskin raqobatga tayyor bo‘lib voyaga yetayotgan yoshlarimiz har qanday baland marrani egallashga qodir.
Siz, azizlarni bugungi yoshlik, baxt va nafosat ayyomi bilan yana bir bor chin dildan tabriklab, barchangizga sihat-salomatlik, ulkan yutuq va omadlar tilayman.
Hech qachon unutmang, g‘alaba va baxt – astoydil intilganniki!
Sizlarning yutug‘ingiz – bu butun el-yurtimizning yutug‘i.
Xalqimiz sizlarga ishonadi, sizlarga tayanadi, sizlardan kuch-g‘ayrat, ruh va ilhom oladi.
O‘z oldingizga ulug‘ maqsadlar qo‘yib yashashdan aslo charchamang!
Yangi O‘zbekistonni albatta sizlar bilan, butun mamlakatimiz yoshlari bilan birga barpo etamiz.
Barchangizga bayram muborak bo‘lsin, qadrli o‘g‘il-qizlarim!
Shavkat Mirziyoyev,
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti