01.06.2023
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining FarmoniSo‘nggi yillarda aholining ijtimoiy himoyasini kuchaytirish, davlat tomonidan fuqarolarga ijtimoiy xizmat ko‘rsatish ko‘lami va turlarini kengaytirish bo‘yicha tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.
Jumladan, ijtimoiy dasturlarni moliyalashtirish xarajatlari YAIMga nisbatan 2 baravarga oshib, kam ta’minlangan nafaqa oluvchi oilalar qamrovi 5 barobarga ko‘paydi hamda nogironligi bo‘lgan shaxslar va nogironligi bo‘lgan bolalarning parvarishi bilan band bo‘lganlar uchun yangi nafaqa turlari joriy etildi.
Yangi tahrirda qabul qilingan Konstitutsiyada mehnatga layoqatsiz va yolg‘iz keksalar, nogironligi bo‘lgan shaxslar hamda aholining ijtimoiy jihatdan ehtiyojmand boshqa toifalarining huquqlari davlat himoyasida bo‘lishining belgilanganligi mazkur sohani yagona yondashuv asosida isloh qilish zarurligini taqozo etmoqda.
Xususan, davlatning nogironligi bo‘lgan shaxslarning ishga joylashishi va ta’lim olishiga ko‘maklashishi bo‘yicha konstitutsiyaviy majburiyatlari bajarilishini ta’minlash maqsadida mazkur yo‘nalishda amalga oshirilayotgan chora-tadbirlarni samarali muvofiqlashtirish tizimi joriy etilishi talab etilmoqda.
Yangi tahrirdagi Konstitutsiyada e’lon qilingan ijtimoiy davlat tamoyillarini inobatga olgan holda, fuqarolarning ijtimoiy himoyaga oid huquqlarini va manfaatlarini so‘zsiz ta’minlash, aholiga ijtimoiy xizmatlarni ko‘rsatish sifatini tubdan oshirish hamda mazkur sohaga ilg‘or xalqaro standartlarga asoslangan mutlaqo yangi boshqaruv tizimini joriy etish maqsadida:
1. Quyidagilar davlat tomonidan aholini manzilli himoya qilishning asosiy yo‘nalishlari etib belgilansin:
kompleks yondashuv asosida professional ijtimoiy himoya tizimini joriy qilish;
ijtimoiy himoya tizimi samaradorligi va manzilliligini oshirish orqali aholining ko‘makka muhtoj qatlami ijtimoiylashuvini ta’minlash;
ijtimoiy himoyani mahalla darajasigacha tashkil etish, og‘ir hayotiy ahvolga tushib qolgan aholiga individual yondashuvga muvofiq ijtimoiy xizmat va yordam ko‘rsatishni yo‘lga qo‘yish;
aholining ijtimoiy sug‘urta mexanizmlari bilan qamrab olinishini kengaytirish;
xavf guruhlariga tushib qolgan oilalarni aniqlash va kompleks ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish orqali ularning og‘ir ijtimoiy ahvolga tushib qolishining oldini olish;
nogironligi bo‘lgan shaxslarning hayot kechirishi uchun qulay muhit yaratish.
2. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzurida Ijtimoiy himoya milliy agentligi (keyingi o‘rinlarda – Agentlik), shuningdek, uning Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar boshqarmalari hamda tuman (shahar)larda “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlari tashkil etilsin.
3. Quyidagilar:
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi faoliyatining ustuvor yo‘nalishlari 1-ilovaga muvofiq;
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi tomonidan vazirlik va idoralarning muvofiqlashtiriladigan va monitoring qilinadigan faoliyat yo‘nalishlari 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
4. Quyidagilar Agentlik tuzilmasiga o‘tkazilsin:
a) 2023-yil 15-iyundan boshlab Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi tizimidan:
Tibbiy-ijtimoiy ekspertiza inspeksiyasi va uning hududiy bo‘linmalari;
Nogironligi bo‘lgan shaxslarni reabilitatsiya qilish va protezlash milliy markazi hamda uning hududiy markazlari;
Ayollarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish respublika markazi hamda uning hududiy bo‘limlari;
Odam savdosi jabrdiydalariga yordam berish bo‘yicha respublika reabilitatsiya markazi;
keksalar va nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun “Muruvvat” va “Saxovat” internat-uylari;
Urush va mehnat faxriylari uchun respublika pansionati;
keksalar, nogironligi bo‘lgan shaxslar, urush va mehnat faxriylari uchun sanatoriylar;
b) 2024-yil 1-yanvardan boshlab:
Sog‘liqni saqlash vazirligi tizimidan bolalar uylari;
Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tizimidan mehribonlik uylari;
mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari tizimidan voyaga yetmaganlar bilan ishlash sektorlari hamda oilaviy bolalar uylari;
v) 2024-yil 1-avgustdan boshlab:
Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tizimidan alohida ta’lim ehtiyojlari bo‘lgan bolalar uchun ixtisoslashtirilgan maktablar va maktab-internatlar ko‘p tarmoqli ixtisoslashtirilgan maktabgacha ta’lim tashkilotlari hamda ixtisoslashtirilgan o‘quv-tarbiya muassasalari;
Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi tizimidan imkoniyatlari cheklangan shaxslar uchun ixtisoslashtirilgan kasb-hunar maktablari;
g) 2025-yil 1-yanvardan boshlab:
Ichki ishlar vazirligi tizimidan muayyan yashash joyiga ega bo‘lmagan shaxslarni reabilitatsiya qilish markazlari;
Iqtisodiyot va moliya vazirligi tizimidan Ijtimoiy sug‘urta jamg‘armasi.
O‘zbekiston Milliy paralimpiya qo‘mitasining Paralimpiyachilarning matonat maktabini 2023-yil 15-iyundan Agentlik tuzilmasiga o‘tkazish hamda Paralimpiya sport turlari bo‘yicha mutaxassislarni tayyorlash institutining faoliyatini hamkorlikda muvofiqlashtirish bo‘yicha taklifi ma’qullansin.
Belgilansinki, mazkur bandda ko‘rsatilgan tashkilotlar va tarkibiy tuzilmalar amaldagi moliyalashtirish manbalari, shtat birliklari, huquq va majburiyatlari, mol-mulki hamda boshqa tovar-moddiy boyliklari bilan birgalikda to‘laligicha Agentlik tuzilmasiga o‘tkaziladi.
5. Ijtimoiy xizmatlarni mahalla darajasida tashkil etish maqsadida 2023-yil 1-iyuldan boshlab Agentlikning tuman (shahar)lardagi “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlarida ijtimoiy xodimlar guruhlari tashkil etilsin va quyidagilar ularning asosiy vazifalari etib belgilansin:
har bir xonadon ahvolini o‘rganib, oilalardagi haqiqiy holatni hamda ularning ijtimoiy xizmatlar va yordamga bo‘lgan ehtiyojini aniqlash;
oilalarning iqtisodiy-ijtimoiy holati va ehtiyojlarini o‘rganish natijasida ularning ijtimoiy pasportlarini shakllantirish;
ehtiyojmand aholi bilan, shu jumladan, keys-menejment usulini qo‘llagan holda samarali ish tashkil qilish, ulardan ijtimoiy xizmatlar va yordam olish bo‘yicha buyurtmalar qabul qilish, zaruratga qarab buyurtmalarni mas’ul vazirlik va idoralarga yuborish;
og‘ir ahvolga tushib qolgan va og‘ir ahvolga tushib qolish xavfi yuqori bo‘lgan oilalarni muntazam ravishda monitoring qilib borish, ular uchun ijtimoiy xizmat va yordamlarni tashkil etish.
6. Belgilansinki:
Agentlik aholini ijtimoiy himoya qilish va ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish sohasidagi yagona davlat siyosatini ishlab chiqish va amalga oshirish bo‘yicha vakolatli davlat organi hisoblanadi;
Agentlik o‘z faoliyatini boshqa davlat organlari va tashkilotlari, ularning mansabdor shaxslaridan mustaqil ravishda amalga oshiradi.
7. Agentlik huzurida quyidagilar tashkil etilsin:
Ijtimoiy inspeksiya hamda uning Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri boshqarmalari;
Ijtimoiy himoya tizimi xodimlarining malakasini oshirish markazi;
Ijtimoiy himoyani rivojlantirish instituti;
Tibbiy-ijtimoiy ekspertiza inspeksiyasi va uning bo‘linmalari negizida Agentlik markaziy apparati tarkibida Nogironligi bo‘lgan shaxslarning funksionalligini baholash boshqarmasi hamda uning hududiy bo‘limlari.
8. O‘z vazifalarini amalga oshirishda Agentlikka quyidagi huquqlar berilsin:
vakolatli davlat organlariga aholini ijtimoiy himoya qilish bo‘yicha dasturlar talablarini bajarmaganligi uchun qonunchilik hujjatlarida belgilangan chora-tadbirlarni qo‘llash bo‘yicha taqdimnomalar kiritish;
o‘z vakolatlari doirasida umummajburiy bo‘lgan normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilish;
o‘z vakolati doirasida ma’muriy javobgarlikni keltirib chiqaradigan holatlar yuzasidan ma’muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risida bayonnomalar tuzish;
o‘ziga yuklatilgan vazifalarni amalga oshirish uchun davlat organlari va tashkilotlarining ma’lumotlar bazasidan real vaqt rejimida foydalanish;
davlat organlari va tashkilotlaridan zarur statistik, tahliliy hamda boshqa ma’lumotlarni so‘rash va olish;
ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlam vakillari uchun davlat oliy ta’lim muassasalariga davlat granti asosida imtiyozli tarzda o‘qishga qabul qilish parametrlarini belgilash;
o‘z vakolatlari doirasida maslahat-kengash organlari va ekspert komissiyalarini tashkil etish;
o‘ziga yuklatilgan vazifalarni amalga oshirish maqsadida maxsus kasbiy bilimlarni talab etadigan masalalarni ko‘rib chiqish uchun davlat organlari va tashkilotlarining mutaxassislarini jalb etish;
ijtimoiy himoya tizimini rivojlantirish bo‘yicha xalqaro hamkorlar, xalqaro tashkilotlar va ekspertlar bilan hamkorlik yuzasidan va boshqa shartnomalarni tuzish.
9. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi tuzilmasiga:
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining ijtimoiy himoya masalalari bo‘yicha maslahatchisi – O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi direktori lavozimi kiritilsin;
Ijtimoiy himoya masalalari bo‘yicha sho‘ba tashkil etilsin.
10. Agentlik:
a) 2023-yil 15-iyulga qadar YUNISЕFning ekspertlarini jalb qilgan holda va ularning dasturlariga muvofiq ijtimoiy xodimlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish tizimini yo‘lga qo‘ysin.
Bunda, xorijiy va mahalliy malakali ekspertlarni jalb qilgan holda aholiga mahalla darajasida professional ijtimoiy xizmat ko‘rsatish mutaxassislarini tayyorlashga e’tibor qaratsin;
b) 2023-yil 1-avgustga qadar Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi bilan birgalikda oliy ta’lim muassasalarining bakalavriat va magistraturasida ijtimoiy xodimlarni o‘qitish dasturlarini qayta ko‘rib chiqsin;
v) 2023-yil 15-avgustga qadar aholini ijtimoiy xizmatlar va ijtimoiy yordam ko‘rsatish dasturlari bo‘yicha, shu jumladan, ularning mobil aloqa vositalariga ma’lumot yuborish orqali xabardor qilish amaliyotini joriy etsin;
g) 2023-yil 1-sentabrga qadar nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun qulay muhitni tashkil qilish bo‘yicha taklif kiritsin;
d) quyidagilarni:
2023-yil 1-iyulga qadar aholiga ijtimoiy xizmatlar va yordam ko‘rsatish vazifalari Agentlikka o‘tkazilishi munosabati bilan boshqa vazirlik va idoralar, shu jumladan, mahalla darajasida faoliyat yuritayotgan tuzilmalarning takrorlovchi funksiyalarini bekor qilishga oid normativ-huquqiy hujjat loyihasini;
2023-yil 1-avgustga qadar Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi hamda Iqtisodiyot va moliya vazirligi bilan birgalikda aholining ijtimoiy muammolarini mahalla darajasida hal etishga qaratilgan professional xizmat ko‘rsatish tizimini joriy etish bo‘yicha chora-tadbirlar dasturini;
2023-yil 1-sentabrga qadar manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda Agentlik tuzilmasiga o‘tkazilgan ijtimoiy muassasalar va tashkilotlarning faoliyatini takomillashtirish hamda rivojlantirish bo‘yicha takliflarni;
2024-yil 1-yanvarga qadar mehnatga layoqatli aholini ijtimoiy sug‘urta mexanizmlari bilan qamrab olish darajasini oshirishga oid takliflarni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga kiritsin;
e) 2024-yil 1-yanvarga qadar:
davlat tomonidan kafolatlangan ijtimoiy xizmatlarni ko‘rsatish standartlarini hamda ularning ijrosini monitoring qilish mezonlarini;
nogironligi bo‘lgan shaxslarni uyda parvarishlash bilan band bo‘lgan oila a’zolariga ko‘maklashish bo‘yicha ijtimoiy himoya mexanizmlarini ishlab chiqsin;
j) nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari bilan hamkorlikda ijtimoiy sheriklik loyihalari amalga oshirilishini yo‘lga qo‘ysin;
z) ijtimoiy himoya sohasidagi muammo va takliflarni muhokama qilish, yangi loyihalarni ishlab chiqish bo‘yicha jamoatchilik vakillaridan iborat kengash tashkil etsin.
11. Agentlik Raqamli texnologiyalar vazirligi, Adliya vazirligi, Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi, Sog‘liqni saqlash vazirligi hamda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi bilan birgalikda 2023-yil 1-oktabrga qadar “Yagona milliy ijtimoiy himoya” axborot tizimini ishga tushirsin, uning zarur idoraviy axborot tizimlari va ma’lumotlar bazalari bilan integratsiyasini va doimiy takomillashtirib borilishini ta’minlasin.
12. Belgilansinki:
a) 2023-yil 1-oktabrdan boshlab:
“Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimi Agentlik tasarrufiga o‘tkaziladi;
aholiga ko‘rsatiladigan barcha turdagi ijtimoiy xizmatlar va yordamlar, shu jumladan, kam ta’minlangan oilalar bolalari uchun nafaqa va moddiy yordamlar bo‘yicha arizalar “Yagona milliy ijtimoiy himoya” axborot tizimi orqali qabul qilinadi;
b) “Yagona milliy ijtimoiy himoya” axborot tizimini joriy etish doirasida:
Agentlik so‘roviga asosan “Raqamli O‘zbekiston – 2030” strategiyasini amalga oshirish bo‘yicha muvofiqlashtirish komissiyasi tomonidan vazirlik va idoralarning elektron ma’lumotlar bazalari integratsiyasi ta’minlanadi;
aholiga ijtimoiy xizmatlar va yordam ko‘rsatish, fuqarolardan murojaatlarni qabul qilish, ko‘rib chiqish uchun elektron tarzda mutasaddi vazirlik va idoralarga yuborish hamda jarayonni monitoring qilish asosida amalga oshiriladi;
mazkur bandda nazarda tutilgan elektron axborot bazalari ma’lumotlari asosida har bir fuqaroning iqtisodiy-ijtimoiy holati, ehtiyojlari va mavjud imkoniyatlarini aks ettiradigan ijtimoiy pasportlar joriy etiladi;
2024 yil 1 yanvardan boshlab “Mehr daftari”, “Saxovat va ko‘mak”, “Yoshlar daftari” va “Ayollar daftari” orqali ko‘rsatiladigan ijtimoiy yordam va ko‘maklar qamrab olinadi.
13. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzurida Ijtimoiy himoya milliy agentligi faoliyatini tashkil etish hamda ijtimoiy xizmatlar va yordam ko‘rsatish tizimini rivojlantirish bo‘yicha 2023-2025-yillarga mo‘ljallangan chora-tadbirlari dasturi 3-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
14. Har haftaning juma kuni “Mehr va saxovat kuni” sifatida belgilanib, barcha davlat organlari va tashkilotlari ehtiyojmand aholi, nogironligi bo‘lgan shaxslar hamda yolg‘iz keksalar holidan xabar olish, ularga g‘amxo‘rlik qilish hamda xayriya tadbirlarini o‘tkazsin.
15. Agentlik huzurida 2023-yil 1-oktabrdan boshlab Ijtimoiy himoya davlat jamg‘armasi tashkil etilsin hamda jamg‘arma mablag‘larining xarajatlari yo‘nalishlari 4-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
16. Agentlik 2023-yil 1-sentabrga qadar Ijtimoiy himoya davlat jamg‘armasi to‘g‘risidagi Nizomni tasdiqlash uchun Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
Bunda, Ijtimoiy himoya davlat jamg‘armasi mablag‘larini oluvchilar hamda moliyalashtirish manbai kesimida ma’lumotlar shakllanishi va xarajat qilinishining ochiqligi va shaffofligini ta’minlash mexanizmini joriy etish ko‘zda tutilsin.
17. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim farmonlariga 5-ilovaga muvofiq qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritilsin.
18. Mazkur Farmonning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari S.U.Umurzakov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoyev