12.06.2017
Toshkent shahrida 12-iyun kuni videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda joriy yilning birinchi yarim yilligi bo‘yicha kutilayotgan natijalarni oldindan tahlil qilish, mavjud kamchiliklarni tezkorlik bilan bartaraf etgan holda, barcha soha va tarmoqlarda belgilangan prognoz ko‘rsatkichlari va maqsadli parametrlarga erishishni ta’minlash borasidagi vazifalar muhokama qilindi.
Yig‘ilishda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri va uning o‘rinbosarlari, Prezidentning Davlat maslahatchilari, vazirlik va idoralar, xo‘jalik birlashmalari rahbarlari ishtirok etdi. Videokonferensiya aloqasi orqali yig‘ilishda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi va Vazirlar Kengashi raislari, viloyat, shahar va tuman hokimlari, vazirlik va idoralarning hududiy bo‘linmalari, joylardagi korxonalarning rahbarlari, jamoatchilik vakillari va tadbirkorlar qatnashdi.
Yig‘ilishni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev boshqardi.
Yig‘ilishda mamlakatimiz taraqqiyotini yangi bosqichga ko‘tarish bo‘yicha belgilab olingan strategik vazifalarni amalga oshirish yuzasidan joriy yilning o‘tgan davrida erishilgan ijobiy natijalar e’tirof etilib, bugungi islohotlar jarayonidagi kamchilik va muammolar, ularni hal etish yo‘llari, ijro intizomini mustahkamlash masalalari atroflicha tahlil qilindi. Jumladan, davlat boshqaruvi organlari tizimida to‘planib qolgan muammolarni hal etish, ushbu tizimni tubdan takomillashtirish va samarasini oshirish bo‘yicha keyingi paytda keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilayotgani ta’kidlandi. Bu borada, ayniqsa, 22 vazirlik, davlat qo‘mitasi, kompaniya, uyushma va boshqa tuzilmalar yangidan yoki qayta tashkil etilgani, Vazirlar Mahkamasi komplekslari tarkibidagi o‘nlab idoralar tuzilmasi o‘zgartirilib, ularning asosiy vazifa va funksiyalariga aniqliklar kiritilgani muhim amaliy qadam sifatida qayd etildi.
Ayni paytda mazkur o‘zgarishlar hamma sohada ham kutilgan natijalarni bermayotgani, ba’zi yangi vazirlik va idoralar o‘z faoliyatini hanuzgacha samarali yo‘lga qo‘ymagani, bu esa 2017-yil uchun belgilangan dasturlar ijrosini ta’minlashga salbiy ta’sir ko‘rsatayotgani tanqid qilindi. Jumladan, tashkil etish to‘g‘risida qaror qabul qilinganiga bir necha oy o‘tganiga qaramasdan, “O‘zagroeksportbank” va “Poytaxtbank”ning muassislari tomonidan ushbu banklarning faoliyatini yo‘lga qo‘yish haligacha ta’minlanmagani sabablari chuqur tahlil qilinib, ularni bartaraf etish bo‘yicha aniq topshiriqlar berildi.
Yig‘ilishda, ayniqsa, iqtisodiyotni boshqarish sohasida eski qolipdagi, real hayotdan uzoq, yuzaki yondashuvlarga yo‘l qo‘yib bo‘lmasligi, bugungi shiddatli taraqqiyot hamma sohalarda vaziyatni tanqidiy baholab, ularni rivojlantirishda yangicha usul va samarali tizimlarni, zamonaviy boshqaruv usullarini joriy etishni, yuksak mas’uliyat va tashabbuskorlikni talab etishiga alohida e’tibor qaratildi.
Davlatimiz rahbari Hukumatning shu davrdagi faoliyatini tahlil qilib, hududlar bilan ishlash, har bir muammoni joylarga borgan holda, chuqur va puxta o‘rganib, izchil hal etish, samara va natijadorlik Vazirlar Mahkamasi komplekslari, vazirlik va idoralar, mahalliy hokimiyat organlari rahbarlari faoliyatini baholashda muhim mezon bo‘lishini ta’kidladi.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev iqtisodiyotning ayrim soha va tarmoqlarida birinchi yarim yillik yakuni bo‘yicha kutilayotgan natijalar haqida so‘z yuritib, bu borada qator komplekslar, vazirlik va tarmoqlar rahbarlariga jiddiy e’tirozlar borligini qayd etdi. Masalan, “O‘zbekneftgaz” milliy xolding kompaniyasining qo‘shma korxonalarida gaz qazib chiqarishda qoloqlikka yo‘l qo‘yilmoqda. Yengil, oziq-ovqat, charm-poyabzal sanoatining ayrim korxonalarida mahsulot ishlab chiqarish hajmini ko‘paytirish yetarli darajada ta’minlanmagan.
Yig‘ilishda ta’kidlanganidek, joylarga borib, har bir viloyatning o‘zida qo‘shimcha rezerv va imkoniyatlar izlab topish, shu asosda istiqbolli loyihalar ishlab chiqish amaliyoti ijobiy natija bermoqda. Bugungi kungacha umumiy qiymati 23 trillion so‘mdan ortiq 1260 loyihani ishlab chiqish va amalga oshirish bo‘yicha yangi imkoniyatlar mavjudligi aniqlandi. Shu bilan birga, hududlarni rivojlantirish, ichki bozorni mahsulotlar bilan to‘ldirish, eksport hajmini ko‘paytirishga, eng muhimi, odamlarni ish bilan ta’minlash, ularning hayot darajasi va sifatini oshirishga yo‘naltirilgan ushbu muhim loyihalarni amalga oshirishda ham, afsuski, oqsoqlik va kamchiliklarga yo‘l qo‘yilmoqda.
Prezidentimiz hududlarni rivojlantirish borasida davlat organlarining o‘rni va mas’uliyati haqida so‘z yuritar ekan, o‘tgan haftada Samarqand viloyatiga tashrifi davomida ayrim rahbarlarning befarqligi va harakatsizligi oqibatida bu hududda juda ko‘plab jiddiy muammolar to‘planib qolgani ma’lum bo‘lganini qattiq tanqid qildi. Ayniqsa, viloyat hokimi va uning o‘rinbosarlari, shahar va tumanlar hokimlari, viloyat idoralari rahbarlari o‘rtasida amaliy va sog‘lom munosabatga putur yetgani Samarqandning bugungi taraqqiyotiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda.
Viloyat hokimining jamoatchilik va rahbarlar fikrini inobatga olmasdan ish tutishi, ijrochilar oldiga sayoz o‘ylangan vazifa va topshiriqlarni qo‘yishi, unda jur’at va tashabbuskorlik, mas’uliyatni dadillik bilan o‘ziga olish fazilatlari yetishmasligi hozirgi vaqtda viloyatda o‘ta jiddiy va dolzarb vazifalarni hal etish imkonini bermayapti. Xalq bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqot mavjud emas, ommaviy axborot vositalari bilan aloqalarda uzilish paydo bo‘lgan.
Mazkur hududda barpo etilayotgan obyektlarni qurish, investitsiya mablag‘larini o‘zlashtirish ishlari oqsamoqda, eksportga chiqariladigan mahalliy mahsulotlar hajmini ko‘paytirish ta’minlanmayapti. Shahar va tumanlarda obodonchilik, odamlar uchun qulay, toza-ozoda muhit yaratish masalalari ham o‘z holiga tashlab qo‘yilgan. Viloyat moliya va soliq idoralari soliq bazasini kengaytirish imkoniyatlarini izlash va ularni to‘liq ishga solish ishlari bilan yetarli darajada shug‘ullanmayapti. Ana shu muammolarni hal etish, bu yo‘lda butun Samarqand ahlini birlashtirish va o‘z ortidan ergashtirish uchun viloyat hokimi H.Oqbo‘tayevda bilim va salohiyat, rahbarlik tajribasi yetishmadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan Samarqand viloyati hokimi H.Oqbo‘tayev ish faoliyatida yo‘l qo‘ygan ana shunday jiddiy kamchilik va nuqsonlar uchun egallab turgan lavozimidan ozod qilindi.
Yig‘ilishda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan barcha islohot va davlat dasturlarining pirovard maqsadi aholi turmush darajasi va sifatini oshirishga, ularning og‘irini yengil qilish va xalq dasturxonining to‘kin-sochin bo‘lishini ta’minlashga yo‘naltirilgani alohida ta’kidlandi. Shuning uchun ham joylarda xalq bilan muloqot, aholini o‘ylantirayotgan tashvish va muammolarni har tomonlama o‘rganish asosida qabul qilinayotgan har bir qonun, farmon va qaror ijrosi qattiq nazoratga olinishi va so‘zsiz bajarilishi lozimligi uqtirib o‘tildi.
– Bu bizning doimiy, qat’iy siyosatimiz va uni albatta oxiriga yetkazamiz, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Yig‘ilishda kun tartibidagi masalalar yuzasidan Vazirlar Mahkamasi komplekslari, vazirlik va idoralar, xo‘jalik birlashmalari rahbarlari, viloyatlar, tuman va shaharlar hokimlarining hisobotlari atroflicha muhokama etilib, tegishli qarorlar qabul qilindi.