19.05.2023
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev davlat tashrifining tadbirlarga boy dasturi o‘z nihoyasiga yetdi.
Sian shahrida davlatimiz rahbari Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpin bilan muzokara o‘tkazdi, yakunda yetakchilar Qo‘shma bayonotni imzoladilar va 2023-2027-yillarga mo‘ljallangan yangi davrdagi har tomonlama strategik sheriklikni rivojlantirish dasturini qabul qildilar.
Tashrif doirasida jami 41 ta ikki tomonlama hujjat imzolandi, umumiy qiymati 25 milliard dollardan ziyod bo‘lgan yangi yuqori texnologik sanoat, savdo va investitsiya loyihalarini amalga oshirish yuzasidan kelishuvlarga erishildi.
Shuningdek, O‘zbekiston-Xitoy hamkorligi ko‘rgazmasi bilan tanishildi, yangi qo‘shma loyihalar ishga tushirildi va Xitoy ishbilarmon doiralari vakillari bilan uchrashuv o‘tkazildi.
Shu bilan birga, davlatimiz rahbari “Markaziy Osiyo – Xitoy” birinchi sammitida ishtirok etib, mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha muhim taklif va tashabbuslarni ilgari surdi.
Aeroportda O‘zbekiston yetakchisini XXR madaniyat va turizm vaziri Xu Xepin, Shensi muzofoti gubernatori Chjao Gan va faxriy qorovul kuzatib qo‘ydi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev Toshkentga jo‘nab ketdi.