20.09.2016
O‘zbekiston Prezidenti vazifasini bajaruvchi, Respublika Bosh vaziri Shavkat Mirziyoyev joylarda ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarning borishi, sanoat va ijtimoiy sohalarda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ishlar bilan yaqindan tanishish maqsadida shu yilning 20-sentabr kuni Angren shahriga tashrif buyurdi.
Mamlakatimizning Birinchi Prezidenti Islom Karimov tashabbusi bilan chet el investitsiyalarini keng jalb qilish maqsadida 2012-yilda tashkil etilgan «Angren» maxsus industrial zonasida keng ko‘lamli ishlar, jumladan, 11 yirik investitsiya loyihasi amalga oshirildi. Joriy yilning oxiriga qadar yana 7 ishlab chiqarish quvvatini foydalanishga topshirish rejalashtirilgan.
Shavkat Mirziyoyev O‘zbekistonning Birinchi Prezidenti Islom Karimovning 2015-yil 28-avgustdagi qaroriga muvofiq hayotga tatbiq etilayotgan «Angren» maxsus industrial zonasi hududida konveyyer lentalari, qishloq xo‘jaligi texnikasi va avtomobil shinalari ishlab chiqarishni tashkil etish» loyihasining amalga oshirilish jarayoni bilan tanishdi. Bu yerda yiliga 100 ming pogon metr konveyyer lentasi, qishloq xo‘jaligi texnikasi uchun 200 mingta shina, 3 million dona avtomobil shinasi ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish ko‘zda tutilgan. Mazkur yirik sanoat korxonasi mustaqilligimizning 26-yilligi arafasida ishga tushirilishi qayd etildi.
Ushbu loyihaning amalga oshirilishi 1 ming 200 ish o‘rni tashkil etish imkonini beradi.
Shu kuni Shavkat Mirziyoyev Angren IESda 2016-yilning avgust oyida ishga tushirilgan yangi energiya blokini ko‘zdan kechirdi. Zamonaviy texnologiyaning joriy etilishi natijasida yiliga 1 million tonna ko‘mirdan samarali foydalanishga erishiladi va bu orqali 840 million kVt/soat elektr energiyasi va 423 ming gigakaloriya issiqlik energiyasi ishlab chiqariladi. Yangi energiya blokining ishga tushirilishi yoqilg‘i sarfini kamaytirish, atmosferaga gaz chiqindilari chiqishini sezilarli ravishda qisqartirishni ta’minlaydi.
Shavkat Mirziyoyev «O‘zbekko‘mir» aksiyadorlik jamiyati faoliyati, Angren ko‘mir konida yoqilg‘i qazib olish va yetkazib berish ishlari, bu yerda amalga oshirilayotgan texnik qayta jihozlash jarayoni bilan ham tanishdi.
Joriy yil boshidan buyon konlarni qazish ishlari hajmi 15,4 million kub metrdan oshdi, 2,6 million tonna ko‘mir qazib olindi. 2016-yilning oxirigacha ko‘mir qazish hajmini 3,7 million tonnaga yetkazish rejalashtirilgan.
Tanishuv jarayonida mazkur sanoat korxonalari uchun o‘rta maxsus va oliy ta’lim muassasalarida yuqori malakali kadrlarni tayyorlash va qayta tayyorlash, mutaxassislarning yetakchi xorijiy kompaniyalarda malaka oshirishini tashkil etish masalalari ham ko‘rib chiqildi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti vazifasini bajaruvchi Shavkat Mirziyoyev Angren shahrida amalga oshirilayotgan obodonlashtirish, uy-joy va ijtimoiy soha obyektlarini kuz-qish mavsumiga tayyorlash ishlari bilan tanishdi. Xususan, maktabgacha ta’lim muassasasi, dehqon bozorini borib ko‘rdi.
Uchrashuvlarda aholi uchun qulay yashash sharoitlarini, ijtimoiy infratuzilmani yanada takomillashtirish, kommunal xizmatlarni yaxshilash, hududlarni obodonlashtirish, zamonaviy istirohat va dam olish bog‘larini barpo etish loyihalarini amalga oshirishga doir dolzarb masalalar muhokama qilindi.
Angren shahri rahbarlari va faollari ishtirokida o‘tkazilgan yig‘ilishda Toshkent viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish sohasida yirik loyihalarni boshlab bergan O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimovning faoliyati, ulkan xizmatlari alohida ta’kidlandi.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2016-yil 9-sentabrdagi «2016-2018-yillarda Toshkent viloyati shaharlari va tumanlarini kompleks rivojlantirish chora-tadbirlari dasturi to‘g‘risida»gi qarori poytaxt viloyatini har tomonlama rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etishi alohida qayd etildi.
Tanqidiy ruhda o‘tgan yig‘ilishda Angren shahri ijtimoiy infratuzilmasini modernizatsiyalash masalalari tahlil etildi. Shahar hokimi, tegishli vazirlik va idoralar rahbarlariga mavjud kamchiliklarni bartaraf etishga doir ko‘rsatmalar berildi.
Shavkat Mirziyoyev Toshkent viloyatiga tashrifi davomida paxta hosilini yig‘ib-terib olish va kuzgi ekin ishlarining borishi bilan ham tanishdi. Fermerlar, soha xodimlari bilan uchrashuv chog‘ida qishloq xo‘jaligi ishlarini qisqa muddatda uyushqoqlik bilan o‘tkazish masalasi atroflicha muhokama etilib, tegishli topshiriq va tavsiyalar berildi.