11.05.2023
Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 11-may kuni hududlarda energiya ta’minoti va qayta tiklanuvchi energiya manbalarini joriy etish masalalari muhokamasi bo‘yicha videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi.
Mamlakatimizda energiya manbalarini ko‘paytirish va ulardan tejab foydalanish davlat siyosati darajasiga ko‘tarilgan. Oxirgi olti yilda 5 ming megavattdan ziyod yangi elektr quvvatlari yaratilgan. Joriy yilning yanvar-aprel oylarida qo‘shimcha 726 million kilovatt soat elektr ishlab chiqarilgan.
Shu bilan birga, bu yil 3 milliard 400 million kilovatt soat elektr tanqis bo‘lishi, yozning issiq kunlarida unga kunlik talab hozirgi 195 million kilovatt soatdan 255 million kilovatt soatga yetishi mumkin.
Yig‘ilishda ushbu talabni qoplash, elektr tarmoqlarining uzluksiz ishlashini ta’minlash choralari muhokama qilindi.
Mutasaddilar joriy yilda 2 ming megavatt quvvatli quyosh va shamol elektr stansiyalarini ishga tushirish, korxona, xonadon va ijtimoiy obyektlarda 1 ming 200 megavattli quyosh panellari o‘rnatish yuzasidan axborot berdi.
Davlatimiz rahbari bu ishlardagi qoloqliklarni tahlillar asosida ko‘rsatib o‘tdi. Masalaning ichiga kirmagan, sustkashlikka yo‘l qo‘ygan ayrim tuman va shahar hokimlariga “hayfsan” berildi.
Bu sohaga rag‘bat berish maqsadida Prezidentning “Yashil energiya” sertifikatlari tizimini joriy etishga oid qarori imzolangani e’lon qilindi. Bunda 1 iyuldan gidro elektr stansiyalarida ishlab chiqarilgan elektr energiyasi uchun “yashil” sertifikat beriladi. Ushbu tizim 1 oktyabrdan boshlab, barcha qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan olingan elektr uchun joriy qilinadi.
Tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi tomonidan barcha savdo va servis korxonalariga quyosh panellari uchun kredit to‘lovlarining 4 foizi qoplab beriladi. Xalqaro moliya tashkilotlaridan 100 million dollar jalb qilinib, aholi va tadbirkorlarga maqbul shartlarda ajratiladi.
Mutasaddilarga ushbu tizimni joriy qilib, aholi va tadbirkorlarni rag‘batlantirish, ijtimoiy soha va davlat idoralarida kichik quyosh panellari o‘rnatish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.
Yig‘ilishda elektr tarmoqlarini ta’mirlash masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Bu borada Toshkent shahrida dastur qabul qilinib, ishlar boshlangan. Hozirga qadar 667 kilometr elektr tarmog‘i va 175 ta transformator yangilangan.
Viloyat hokimlariga elektr uskunalari va materiallar zaxirasini yaratish, bu yilga rejalashtirilgan ta’mirlash ishlarini 1 avgustgacha yakunlash vazifasi qo‘yildi. Buning uchun qo‘shimcha brigadalar tashkil etilib, malakali mutaxassislar jalb qilinadi.
Elektr ta’minotida uzilishlarning oldini olish uchun 1-iyundan boshlab, issiqlik elektr stansiyalariga bugungi kunga nisbatan 6 million kub metr ko‘p gaz yetkazib berilishi belgilandi. Sirdaryo viloyatida “ACWA Power” kompaniyasi tomonidan qurilayotgan elektr stansiyasining birinchi 500 megavatti ham yozda ishga tushiriladi.
Shu yil 13 fevralda O‘zbekiston Prezidentining “Yoqilg‘i-energiya resurslaridan foydalanish sohasida davlat nazorati samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” qarori qabul qilingan edi. Bu borada qonunchilikka rioya etilishiga mas’ul Bosh prokuror o‘rinbosari lavozimi joriy qilinib, yaxlit nazorat tizimi yaratildi. Bugungi kunga qadar 250 milliard so‘mlik energiya resurslar noqonuniy ishlatilgani aniqlanib, zarar undirilgan.
Davlatimiz rahbari bu ishlarni davom ettirib, noqonuniy iste’molga barham berish shartligini ta’kidladi.
Energiyani tejash, ko‘mir qazib chiqarishni ko‘paytirish masalalariga ham to‘xtalib o‘tildi.
Sohadagi yana bir muhim masala – benzin va dizel yoqilg‘isi ta’minoti. Yurtimizga bu mahsulotlarni olib kelishga cheklovlar olib tashlangan. Joylarda 1 million tonna yoqilg‘ini saqlash sig‘imlari mavjud. Bundan foydalanib, har bir hudud benzin va dizel zaxirasini shakllantirishi kerakligi qayd etildi.
So‘nggi paytlarda elektromobillar ommalashmoqda. Mamlakatimizga shu yilning o‘zida 5 mingga yaqin transport olib kelindi. Bunga sharoit yaratish uchun berilgan imtiyozlarni qo‘llab, joylarda quvvatlash qurilmalarini ko‘paytirish zarurligi aytib o‘tildi.