10.05.2023
Prezident Shavkat Mirziyoyev 10-may kuni kambag‘allikni qisqartirish va bandlikni oshirish chora-tadbirlari taqdimoti bilan tanishdi.
Ma’muriy islohotlar doirasida bu sohalarga mas’ul vazirlik tashkil etilib, barcha huquqiy-tashkiliy asoslar yaratildi. Yurtimizda ilk bor minimal iste’mol xarajatlari qiymati joriy etildi.
Aholi bandligini ta’minlash uchun oilaviy tadbirkorlikka 15 trillion so‘m imtiyozli kredit va subsidiyalar, dehqonchilik uchun 200 ming gektar yer ajratildi. Shu davrda 300 mingga yaqin tadbirkorlik subyekti tashkil qilinib, 20 mingta korxona faoliyati kengaytirildi. O‘tgan yili 1 million nafar aholi kambag‘allikdan chiqarildi.
Yaqinda qabul qilingan Konstitutsiyamizda ham kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha davlat o‘ziga majburiyatlar oldi.
Shu bois yig‘ilishda bu boradagi ishlarni yangi bosqichga olib chiqish choralari muhokama qilindi. Avvalo, Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi hududlarda yangicha ishlashi kerakligi ta’kidlandi.
Salohiyatli tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlab, yangi ish o‘rni yaratishga rag‘batlantirish masalasi ko‘rib chiqildi. Buning uchun ular bilan malakali ishchi tayyorlash bo‘yicha shartnoma tuziladi. Ya’ni, korxonalarda ko‘plab “amaliy monomarkaz”lar tashkil qilinadi. Davlat bunga zarur mablag‘lar ajratish bilan birga, infratuzilma, kredit, soliq va boshqa masalalar bo‘yicha yengilliklar beradi. Tadbirkor esa kambag‘al aholini daromadli ish bilan ta’minlaydi.
Mutasaddilarga ushbu tizimni barcha tuman va shaharlarda joriy qilish bo‘yicha ko‘rsatma berildi.
Ma’lumki, kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha Xitoyning tajribasi e’tiborga molik. Buni o‘rganish va yangi yondashuvlarni ishlab chiqish uchun yaqinda mamlakatimiz delegatsiyasi Xitoyda bo‘lib qaytdi. Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligiga u yerdan ekspertlar jalb qilindi.
Endi Xitoy tajribasi asosida har bir viloyatda bittadan tumanni kambag‘allikdan chiqarish bo‘yicha alohida dastur amalga oshirilishi belgilandi. Bunda kambag‘allik yuqori bo‘lgan tumanlarda yo‘l-transport, elektr, aloqa va turizm infratuzilmasini yaxshilash, kichik va o‘rta shaharlarni rivojlantirish, mahallalarni sanoatlashtirishga e’tibor qaratiladi.
Bosh vazir o‘rinbosariga buning uchun zarur infratuzilma masalasini hal qilish vazifasi qo‘yildi.
Joriy yilda oilaviy tadbirkorlikka 13 trillion so‘m kredit va 1,5 trillion so‘m subsidiyalar ajratilayapti. Shuningdek, kambag‘allikni qisqartirish va bandlikni ta’minlash bo‘yicha 37 turdagi subsidiyalar mavjud. Lekin ularni ajratish shartlari oilalarning ijtimoiy-iqtisodiy holati, loyihaning o‘zini o‘zi oqlash muddatidan qat’iy nazar, barcha uchun deyarli bir xil. Shu bois kredit va subsidiyalarni har bir kambag‘al oilaga alohida yondashuv asosida taqdim etish taklifi bildirildi.
Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligini xalqchil tizimga aylantirish, 100 dan ortiq ijtimoiy xizmatlarni bevosita mahallaning o‘zida yo‘lga qo‘yish bo‘yicha topshiriqlar berildi.