08.05.2023
2023-yil 8-may kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasini amalga oshirish bo‘yicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Farmoni qabul qilindi.
Yangi tahrirdagi Konstitutsiyada belgilangan suveren, demokratik, huquqiy, ijtimoiy va dunyoviy davlat ustuvor prinsiplaridan kelib chiqib, Farmonda yangi tahrirdagi Konstitutsiyani amalga oshirish bo‘yicha davlat organlari va tashkilotlari oldida turgan birinchi galdagi vazifalar belgilab berildi.
Farmonda Konstitutsiyani amalga oshirish yo‘nalishidagi faoliyatni muvofiqlashtirish tizimi, bir qator yangi moddalar bo‘yicha aniq va manzilli chora-tadbirlar, ularni amalga oshirish yuzasidan tashkiliy tadbirlar nazarda tutilgan.
Xususan, Farmon bilan davlat organlari va tashkilotlari,
shu jumladan sud va huquqni muhofaza qiluvchi organlar faoliyatida yangi tahrirdagi Konstitutsiyani amalga oshirish uchun qonunchilik hujjatlarining mavjud emasligi yoki qonunchilikka tegishli o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmaganligi vaji bilan uni qo‘llashni rad etish qat’iyan taqiqlandi.
Yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasidan kelib chiqadigan vazifalarni amalga oshirish bo‘yicha 100 ga yaqin aniq tadbirlarni o‘z ichiga oluvchi chora-tadbirlar dasturi tasdiqlandi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti rahbarligida Yangi tahrirdagi Konstitutsiyani amalga oshirish bo‘yicha davlat komissiyasi hamda Konstitutsiyadagi suveren, demokratik, huquqiy, ijtimoiy va dunyoviy davlat prinsiplarini izchil amalga oshirish bo‘yicha 5 ta ekspertlik kengashi tuzildi hamda ularning vazifalari belgilab berildi.
Shu bilan birga, Farmonda yangi tahrirdagi Konstitutsiya bo‘yicha davlat fuqarolik xizmatchilari va sud-huquq tizimi xodimlarini reja-grafik asosida o‘qitish bo‘yicha aniq chora-tadbirlar nazarda tutildi.
Farmon bilan Oliy Majlis palatalari va siyosiy partiyalarning Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va mahalliy Kengashlar deputatlari korpusini shakllantirishning majoritar-proporsional shakliga asoslangan saylov tizimini joriy etish haqidagi takliflari ma’qullandi.
Farmonda yangi tahrirdagi Konstitutsiyani amalda ro‘yobga chiqarish va qonunchilikning unga zid qoidalarini bekor qilish bo‘yicha bir qator kechiktirib bo‘lmaydigan quyidagi vazifalar ham nazarda tutilgan:
– erkin harakatlanish, turar va yashash joyini tanlashga bo‘lgan konstitutsiyaviy huquqlarni ta’minlashga to‘sqinlik qilib kelayotgan Toshkent shahri va Toshkent viloyatida doimiy ro‘yxatga olish bo‘yicha Qonunni o‘z kuchini yo‘qotgan deb topish hamda fuqarolarni yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatga olishda xabardor qilishning yangi tartibini joriy etish (Konstitutsiyaning 32-moddasi);
– mulkiy huquqlarning ishonchli himoyasiga, bank operatsiyalarining sir tutilishiga oid konstitutsiyaviy kafolatlarni ta’minlash maqsadida to‘lov xizmatlarini ko‘rsatuvchi tashkilotlar jismoniy shaxslar o‘rtasida pul o‘tkazmalari amalga oshirilganda, ularga ko‘rsatilgan xizmatlar uchun elektron hisobvaraq-fakturalar rasmiylashtirish tartibini bekor qilish (Konstitutsiyaning 41-moddasi);
– tadbirkorlik faoliyati erkinligiga oid normalarni to‘laqonli ro‘yobga chiqarish maqsadida har qanday turdagi chakana savdo va xizmat ko‘rsatish obyektlarining faoliyat ko‘rsatish vaqtiga nisbatan cheklovlarni bekor qilish (Konstitutsiyaning 65–67-moddalari);
– fuqarolarning sud himoyasida bo‘lishga oid konstitutsiyaviy huquqlarini to‘liq ta’minlash maqsadida ma’muriy sudlarga shikoyat qilishda davlat bojini oldindan undirmaslik, bunda davlat bojini ishni ko‘rib chiqish natijasi bo‘yicha aybdor tarafdan undirish tartibini joriy etish (Konstitutsiyaning 55-moddasi);
– huquqiy ta’sir choralarini qo‘llashda mutanosiblik prinsipidan kelib chiqib, ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi qonunchilikda shartnomaviy va boshqa fuqaroviy-huquqiy munosabatlardan kelib chiqadigan javobgarlik choralarini bekor qilish (Konstitutsiyaning
21-moddasi);
– fuqarolarning ta’lim olishga bo‘lgan konstitutsiyaviy huquqlarini to‘liq amalga oshirish uchun soliq to‘lovchilar tomonidan yoshidan qat’i nazar, farzandining maktabgacha, maktab va oliy ta’lim tashkilotida ta’lim olishi uchun to‘lovni soliq solinmaydigan daromadlar toifasiga kiritish (Konstitutsiyaning 50-moddasi);
– huquqbuzarlikdan jabrlanganlarga yetkazilgan zarar qoplanishida davlatning konstitutsiyaviy majburiyatlarini amalga oshirish maqsadida jinoyatdan jabrlanganlarga ko‘maklashishning aniq mexanizmini ishlab chiqish (Konstitutsiyaning 29-moddasi);
– shaxsiy daxlsizlikka bo‘lgan konstitutsiyaviy huquqlarni so‘zsiz ta’minlash maqsadida qamog‘ga olish tarzidagi ehtiyot chorasini qo‘llashda shaxsni hibsxonaga joylashtirishdan oldin majburiy tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish tartibini joriy etish (Konstitutsiyaning 26-moddasi);
– advokatlarning konstitutsiyaviy-huquqiy maqomini to‘laqonli realizatsiya qilish, jinoyat protsessida uning vakolatlarini prokuror bilan tenglashtirish (Konstitutsiyaning 142-moddasi);
– davlatning bolalarda xalqning boy madaniy va ma’naviy merosidan faxrlanishni, vatanparvarlik va Vatanga bo‘lgan mehr-muhabbat tuyg‘usini shakllantirish to‘g‘risida g‘amxo‘rlik qilish majburiyatini amalga oshirish maqsadida 18 yoshgacha bo‘lgan bolalarning madaniy meros obyektlariga to‘lovsiz kirishi tartibini joriy etish (Konstitutsiyaning 78-moddasi).
Farmonda qonunchilikni yangi tahrirdagi Konstitutsiyaga muvofiqlashtirish, uni amalga oshirish jarayonini axborot-tahliliy, ilmiy-ekspertlik jihatidan ta’minlash ishlarini tizimli tashkil etish bo‘yicha choralar ham belgilanmoqda.
Xususan, yangi tahrirdagi Konstitutsiyaning moddama-modda ilmiy-amaliy sharhini xalqchil va sodda tilda tayyorlash vazifasi qo‘yildi.
Shu bilan birga, barcha ta’lim turlari va bosqichlaridagi Konstitutsiyani o‘rganish bo‘yicha o‘quv rejalari va ta’lim dasturlarini qayta ko‘rib chiqish va ularni yangi tahrirdagi Konstitutsiya norma va qoidalariga moslashtirish, o‘quvchilarga, yosh xususiyatlarini hisobga olgan holda, yangi tahrirdagi Konstitutsiyani o‘rgatish bo‘yicha zamonaviy metodika asosida darsliklar, o‘quv qo‘llanmalari va maxsus adabiyotlarni yaratish topshirildi.
“Yangi O‘zbekiston Konstitutsiyasi” yagona milliy portali va uning mobil ilovasi ishga tushirilishi nazarda tutildi. Bunda, portal va uning mobil ilovasida fuqaro va tadbirkorlar uchun qonunchilikni yangi tahrirdagi Konstitutsiyaga muvofiqlashtirish, uni amalga oshirishda yuzaga kelayotgan muammolarni bartaraf etish bo‘yicha takliflarni taqdim etish imkoniyati bo‘ladi.
Farmonga muvofiq, qonunosti hujjatlarini xatlovdan o‘tkazish va Konstitutsiyaga zid normalar, shu jumladan inson huquq va erkinliklarini cheklovchi normalar aniqlangan taqdirda, ularni bekor qilish bo‘yicha takliflar kiritilishi belgilandi.
Mazkur Farmon yangi tahrirdagi Konstitutsiyani so‘zsiz va to‘liq amalga oshirish, unda mustahkamlangan ustuvor prinsiplarni Yangi O‘zbekiston ulug‘vor g‘oyasiga hamohang tarzda ro‘yobga chiqarish, davlat organlarining faoliyatini yangicha konstitutsiyaviy-huquqiy sharoitlarda yo‘lga qo‘yish, fuqarolar o‘z hayotida xalq Konstitutsiyasi ruhini yaqqol his etib turishini ta’minlashga qaratilgan.