13.03.2023
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmoniVatan himoyasi va el-yurtimiz tinchligi yo‘lida halok bo‘lgan harbiy xizmatchilar va xodimlar oila a’zolari hamda ularning qaramog‘idagi shaxslarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularga g‘amxo‘rlik qilish va hurmat-ehtirom ko‘rsatish, shuningdek, jamiyatda ezgulik, hamjihatlik va insoniylik muhitini yanada mustahkamlash maqsadida:
1. Mudofaa vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Milliy gvardiya, Davlat xavfsizlik xizmati, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti davlat xavfsizlik xizmati, Bojxona qo‘mitasi va Elektron texnologiyalarni rivojlantirish markazining (keyingi o‘rinlarda – mas’ul vazirlik va idoralar) Vatan himoyasi va el-yurtimiz tinchligi yo‘lida yaralanganligi, kontuziya yoki mayib bo‘lganligi oqibatida halok bo‘lgan harbiy xizmatchilari va xodimlarining oila a’zolari hamda ularning qaramog‘idagi shaxslarga (keyingi o‘rinlarda – halok bo‘lgan harbiy xizmatchilar (xodimlar) quyidagi imtiyoz va kafolatlar berilsin:
a) 2023 yil 1 apreldan boshlab:
halok bo‘lgan harbiy xizmatchi (xodim) oila a’zolariga biryo‘la beriladigan nafaqa marhumning oxirgi egallagan lavozimi bo‘yicha maoshi va harbiy (maxsus) unvoni maoshi yig‘indisining 150 baravari miqdorida belgilansin;
harbiy xizmatchilarning (xodimlarning) davlat majburiy shaxsiy sug‘urtasi doirasida harbiy xizmatchi (xodim) halok bo‘lganda to‘lanadigan sug‘urta summasi bazaviy hisoblash miqdorining 200 baravari miqdorida belgilansin;
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar
va Toshkent shahri hokimliklariga ular tomonidan belgilangan miqdorlarda (mehnatga haq to‘lash eng kam miqdorining 50 foizigacha bo‘lgan summadan oshmagan holda) mahalliy byudjetlarning qo‘shimcha manbalari hisobidan halok bo‘lgan harbiy xizmatchilarning (xodimlarning) tegishli hududda istiqomat qiluvchi oila a’zolariga har oy to‘lanadigan nafaqa tayinlash tartibini belgilash huquqi berilsin;
b) 2023 yil 1 maydan boshlab:
oilaning mehnatga layoqatsiz har bir a’zosiga boquvchisini yo‘qotganlik pensiyasi pensiyani hisoblab chiqish uchun olinadigan pul ta’minotining (ish haqining) 50 foizi miqdorida belgilancin;
oila a’zolari (ota-onasi, turmush o‘rtog‘i, 23 yoshga to‘lmagan farzandlari) daromadlar qaysi oyda olingan bo‘lsa, o‘sha oyda har bir oy uchun mehnatga haq to‘lash eng kam miqdorining 3 baravari miqdoridagi daromadlar bo‘yicha jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘idan ozod etilsin;
belgilangan tartibda turarjoyga muhtoj deb tan olingan taqdirda, turarjoy bilan birinchi navbatdagi tartibda ta’minlansin;
qonunchilikda belgilangan harbiy xizmatchilarga (xodimlarga) turarjoy sotib olish (qurish) uchun uzoq muddatli imtiyozli ipoteka kreditlari berish tartibiga muvofiq uzoq muddatli imtiyozli ipoteka kreditlarini olish huquqi saqlab qolinsin;
halok bo‘lgan harbiy xizmatchining (xodimning) yangi nikohga kirmagan turmush o‘rtog‘i va (yoki) harbiy xizmatchining (xodimning) qaramog‘ida bo‘lgan ota-onasidan biriga O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarining harbiy xizmatchilariga turarjoyni ijaraga olganlik (ijarada turganlik) uchun har oylik pul kompensatsiyasini to‘lash tartibi tatbiq etilsin (mulkida turarjoy bo‘lmagan taqdirda).
2. Shunday tartib o‘rnatilsinki, unga muvofiq 2023 yil 1 iyundan boshlab:
a) halok bo‘lgan harbiy xizmatchining (xodimning) farzandlari maktabgacha ta’lim muassasalarida bepul tarbiyalanishi, shuningdek, professional va oliy ta’lim muassasalarida davlat granti asosida qo‘shimcha kvotalar bo‘yicha ta’lim olishi ta’minlanadi;
b) halok bo‘lgan harbiy xizmatchining (xodimning) ota-onalariga yiliga ikki marta temir yo‘l va havo yo‘lovchilar transportidan bepul foydalanish huquqi beriladi;
v) halok bo‘lgan harbiy xizmatchining (xodimning) oila a’zolariga:
ushbu halok bo‘lgan harbiy xizmatchilar (xodimlar) xizmatni o‘tagan mas’ul vazirlik va idoralarning tibbiyot muassasalarida bepul tibbiy yordam olish huquqi saqlab qolinadi, shuningdek, tibbiy yordamning kafolatlangan hajmlari doirasida tibbiy yordamni ustuvor ravishda olish va navbatdan tashqari shifoxonaga yotqizish imkoniyati yaratiladi;
yuqori texnologik ixtisoslashtirilgan tibbiy yordam ko‘rsatuvchi tibbiyot tashkilotlari tomonidan Davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan bepul tibbiy yordam ko‘rsatiladi;
navbatdagi yillik mehnat ta’tilidan qulay vaqtda foydalanish, shuningdek, yiliga ikki haftagacha muddatga ish haqi saqlanmaydigan qo‘shimcha ta’til olish huquqi beriladi.
3. Mas’ul vazirlik va idoralar Davlat byudjetidan ularga ajratilgan mablag‘lar va byudjetdan tashqari manbalari hisobidan halok bo‘lgan harbiy xizmatchilar (xodimlar) oila a’zolari uchun ularning murojaatlariga asosan quyidagilarni ta’minlasin:
O‘zbekiston Respublikasi hududidagi sanatoriy-kurort muassasalari va bolalarni sog‘lomlashtirish oromgohlarida yiliga bir marta bepul sog‘lomlashtirish;
shifokorlarning retseptlariga asosan 3 oylik ehtiyojdan kelib chiqib dori vositalarini (yiliga bir marta), tibbiy va maxsus protez-ortopediya moslamalarini olib berish hamda jarrohlik amaliyotlarining xarajatlarini qoplash;
og‘ir tashxisli kasalliklari hamda nogironligi bo‘lganlarga shifokorlarning retseptlariga muvofiq, yiliga bir marta dori vositalarining 50 foizigacha bo‘lgan summasini kompensatsiya qilish.
4. Ushbu Farmonda (1-band “a” kichik bandining ikkinchi va uchinchi xatboshilaridan tashqari) belgilangan imtiyoz va kafolatlar 1991 yil 1 yanvardan boshlab mazkur Farmon kuchga kirgunga qadar halok bo‘lgan harbiy xizmatchilar (xodimlar) oila a’zolariga nisbatan ham tatbiq etilsin.
5. Mudofaa vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Milliy gvardiya, Davlat xavfsizlik xizmati, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti davlat xavfsizlik xizmati, Bojxona qo‘mitasi va Elektron texnologiyalarni rivojlantirish markazi har bir halok bo‘lgan harbiy xizmatchilar (xodimlar) oilasini otaliqqa olsin.
Bunda:
halok bo‘lgan harbiy xizmatchilarning (xodimlarning) oila a’zolaridan xabar olinishi, ularning uy-joy bilan ta’minlanish, ishga joylashish, ta’lim olish, tibbiy va ijtimoiy xizmatlardan foydalanish hamda boshqa dolzarb masalalari o‘rganilishi hamda mavjud muammolari hal qilinishi, mazkur Farmon va boshqa qonunchilik hujjatlarida belgilangan imtiyoz hamda kafolatlardan foydalanishda amaliy yordam ko‘rsatib borilishi ta’minlansin;
mas’ul vazirlik va idoralarning birinchi rahbarlari mazkur bandda belgilangan vazifalarning sifatli bajarilishiga shaxsan javobgar etib belgilansin;
mas’ul vazirlik va idoralarda umumiy shtatlar soni doirasida ularning birinchi rahbarlariga mazkur bandda belgilangan vazifalarni bajarishga ko‘maklashadigan maslahatchi lavozimi kiritilsin va halok bo‘lgan harbiy xizmatchilarning (xodimlarning) oilalari bilan doimiy aloqani o‘rnatish uchun ishonch telefonlari ishga tushirilsin;
mazkur band ijrosi natijalari to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga har oyda axborot kiritib borilsin.
6. Mudofaa vazirligi Ichki ishlar vazirligi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Milliy gvardiya, Davlat xavfsizlik xizmati, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti davlat xavfsizlik xizmati, Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda boshqa tashkilotlar bilan birgalikda ishchi guruhlar tuzgan holda:
ikki oy muddatda mazkur Farmonning 1, 2 va 3-bandlarida nazarda tutilgan har bir imtiyoz va kafolatni taqdim etish tartibini belgilovchi normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini;
2023 yil 1 dekabrga qadar “Faxriylar to‘g‘risida”gi, “Harbiy xizmatchilar maqomi va ularni ijtimoiy himoya qilish to‘g‘risida”gi va “Harbiy xizmatchilarning pensiya ta’minoti to‘g‘risida”gi qonun loyihalarini ishlab chiqib, Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
7. Iqtisodiyot va moliya vazirligi mazkur Farmon ijrosini ta’minlash uchun 2023 yilda vazirlik va idoralarga Davlat byudjetidan zarur mablag‘larni ajratsin, 2024 yildan boshlab Davlat byudjeti parametrlarini shakllantirishda zarur mablag‘larni nazarda tutsin.
8. Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi O‘zbekiston Milliy axborot agentligi va O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi bilan birgalikda ommaviy axborot vositalarida ushbu Farmonning mazmun-mohiyati va ahamiyati keng yoritilishini ta’minlasin.
9. Mazkur Farmon ijrosini samarali tashkil qilishga mas’ul va shaxsiy javobgar etib mudofaa vaziri B.N.Kurbanov, ichki ishlar vaziri P.R.Bobojonov, Davlat xavfsizlik xizmati raisi A.A.Azizov, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti davlat xavfsizlik xizmati raisi A.A.Usmanov va Milliy gvardiya qo‘mondoni R.M.Djurayev belgilansin.
Mazkur Farmon ijrosini har chorakda muhokama qilib borish, ijro uchun mas’ul idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Xavfsizlik kengashi kotibi V.V.Maxmudov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.MIRZIYOEV