15.04.2023
15-aprel kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Turkman xalqining milliy yetakchisi, Turkmaniston Xalq Maslahati Raisi Gurbanguli Berdimuhamedov bilan telefon orqali muloqoti bo‘lib o‘tdi.
Dastlab davlatimiz rahbari Gurbanguli Berdimuhamedovga og‘ir judolik - onasi Ogulabat edje Berdimuhamedova olamdan o‘tgani munosabati bilan chuqur hamdardlik va taskin-tasalli so‘zlarini izhor etdi, unga va barcha yaqinlariga sabr-toqat va bardosh tiladi.
Suhbatda ikki tomonlama kun tartibidagi dolzarb masalalar yuzasidan fikr almashildi.
Oliy darajadagi kelishuvlar ijrosining borishi muhokama qilindi. Yil boshidan buyon o‘tgan ikki tomonlama muloqotlar – Hukumatlararo komissiya yig‘ilishi, siyosiy maslahatlashuvlar, transport va madaniyat vazirlarining uchrashuvlari, diplomatik munosabatlar o‘rnatilgani 30 yilligi munosabati bilan o‘tkazilgan boshqa tadbirlarning samarali natijalari mamnuniyat bilan qayd etildi.
Savdo-iqtisodiy, energetika va suv xo‘jaligi sohalaridagi hamkorlik masalalari muhokama qilindi.
Bundan tashqari, Markaziy Osiyoda mintaqaviy hamkorlikning amaliy jihatlari ko‘rib chiqildi.
O‘zbekiston-Turkmaniston strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlash bo‘yicha faol almashinuvlarni davom ettirishga kelishib olindi.
Telefon muloqoti yakunida yetakchilar bir-birini va qardosh mamlakatlarimiz xalqlarini yaqinlashib kelayotgan Ramazon hayiti bilan dildan qutladilar.