05.06.2017
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori
Aholining oziq-ovqat mahsulotlariga bo‘lgan talabini to‘la qondirish, bozorlarda qishloq xo‘jaligi mahsulotlari narxlarining barqarorligini ta’minlash, qish-bahor oylari uchun mahsulotlar zaxirasini yaratish uchun 2017 yilda boshoqli don ekinlaridan bo‘shaydigan maydonlarga oziq-ovqat ekinlarining tezpishar navlarini takroriy ekin sifatida qisqa muddatlarda ekish, agrotexnika tadbirlarini o‘z muddatlarida o‘tkazish, ularga talab etiladigan moddiy-texnika resurslarini yetkazib berish va yetishtirilgan hosilni nes-nobud qilmasdan yig‘ib-terib olish maqsadida:
1. O‘zbekiston Respublikasi Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi, “Yergeodezkadastr” davlat qo‘mitasi, O‘zbekiston Fermerlari kengashi, “O‘zbekoziqovqatxolding” xolding kompaniyasi, “O‘zbekoziqovqatzaxira” uyushmasi hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklarining:
Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarda 2017 yilda boshoqli don ekinlaridan bo‘shaydigan maydonlarga takroriy ekinlarni turlari bo‘yicha joylashtirishning prognoz ko‘rsatkichlari 1-ilovaga muvofiq;
Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlar tumanlarida 2017 yilda boshoqli don ekinlaridan bo‘shaydigan maydonlarga takroriy ekinlarni turlari bo‘yicha joylashtirishning prognoz ko‘rsatkichlari 1a–1n-ilovalarga muvofiq;
Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarda 2017 yilda boshoqli don ekinlaridan bo‘shaydigan maydonlarga takroriy sabzavot va dukkakli ekinlarni turlari bo‘yicha joylashtirishning prognoz ko‘rsatkichlari
2-ilovaga muvofiq;
Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlar tumanlarida 2017 yilda boshoqli don ekinlaridan bo‘shaydigan maydonlarga takroriy sabzavot
va dukkakli ekinlarni turlari bo‘yicha joylashtirishning prognoz ko‘rsatkichlari 2a–2n-ilovalarga muvofiq;
Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarda 2017 yilda boshoqli don ekinlaridan bo‘shaydigan maydonlarga sabzavot ekinlarini ekish va ishlab chiqarilgan mahsulotlarni sotish prognoz ko‘rsatkichlari 3-ilovaga muvofiq;
Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarda 2017 yilda boshoqli don ekinlaridan bo‘shaydigan maydonlarga poliz ekinlarni ekish va ishlab chiqarilgan mahsulotlarni sotish prognoz ko‘rsatkichlari 4-ilovaga muvofiq;
Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarda 2017 yilda boshoqli don ekinlaridan bo‘shaydigan maydonlarga kartoshka ekish va ishlab chiqarilgan mahsulotlarni sotish prognoz ko‘rsatkichlari 5-ilovaga muvofiq;
Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarda 2017 yilda boshoqli don ekinlaridan bo‘shaydigan maydonlarga moyli (kungaboqar, soya) ekinlarni ekish va ishlab chiqarilgan mahsulotlarni sotish prognoz ko‘rsatkichlari 6-ilovaga muvofiq;
Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarda 2017 yilda boshoqli don ekinlaridan bo‘shaydigan maydonlarga takroriy ekinlarni ekish uchun talab etiladigan urug‘lik, mineral o‘g‘it va yonilg‘i-moylash mahsulotlari hajmlari 7-ilovaga muvofiq ma’qullansin.
2. Takroriy ekinlarni ekish, yetishtirish, olingan mahsulotlarni
qish-bahor mavsumiga zaxiraga g‘amlash hamda ichki va tashqi bozorlarga sotish ishlarini tashkil etish bo‘yicha Respublika komissiyasi tarkibi 8-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Respublika komissiyasi (Aripov):
takroriy ekinlarning ekilishini tizimli tashkil etish, agrotexnika tadbirlarini optimal muddatlarda bajarilishi, talab etiladigan yonilg‘i-moylash materiallari, mineral o‘g‘itlar va resurslarni o‘z vaqtida yetkazib berilishi, yetishtirilgan mahsulotni zaxiraga jamg‘arish, ichki va tashqi bozorlarga sotish hamda qilingan xarajatlarni qoplash ishlarini muvofiqlashtirib borish va nazorat qilishni;
takroriy ekindan olinadigan mahsulotlarni qish-bahor oylariga g‘amlash uchun sotib oluvchi buyurtmachilarni aniqlash va ular tomonidan fermer xo‘jaliklari bilan o‘zaro shartnoma tuzilishini, oldindan avans to‘lovlari va yakuniy to‘lovlarni amalga oshirishni;
takroriy ekinlardan olinadigan mahsulotlarni qish-bahor oylarida saqlash uchun sovutkichli omborxona ob’ektlarini aniqlab, ushbu ob’ektlarga mahsulotlar jamg‘arilishini;
qish-bahor oylari uchun jamg‘ariladigan mahsulotlarni 2018 yilning may oyigacha ichki bozorlarga reja asosida chiqarib, intervensiya qilish bo‘yicha reja-jadvallarni tasdiqlab, amalga oshirilishini;
har oyda ikki marta takroriy ekinlarni ekish, yetishtirish, olingan mahsulotlarni qish-bahor mavsumiga zaxiraga g‘amlash, ichki va tashqi bozorlarga sotish ishlarini tanqidiy muhokama qilib borishni ta’minlasin.
3. Takroriy ekinlarning ekilishini tizimli tashkil etish bo‘yicha ishchi guruhi tarkibi 9-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Ishchi guruhi (Mirzayev):
boshoqli don ekilgan va o‘rilgan maydonlarni peshma-pesh somondan tozalash, shudgorlash va takroriy ekinlarni optimal muddatlarda ekish ishlari tashkil etilishi;
ekilgan ekinlarni sug‘orish, parvarishlash, oziqlantirish, kasallik
va zararkunandalarga qarshi kurashish bilan bog‘liq agrotexnika tadbirlarini o‘tkazilishini doimiy ravishda nazorat qilish va monitoringini yuritish;
mahsulot yetishtiruvchilar bilan ta’minotchi, xizmat ko‘rsatuvchi va qayta ishlash korxonalari o‘rtasida shartnomalar tuzilishini va shartnoma shartlarining bajarilishi;
ajratilgan suv limiti, mineral o‘g‘itlar, kimyoviy vositalar,
yonilg‘i-moylash mahsulotlaridan qat’iy ravishda belgilangan maqsadlarda foydalanilishi;
o‘simliklar zararkunandalariga qarshi kurashish ishlarining tizimli tashkil etilishi, biomahsulotlar va zarur texnika bilan belgilangan muddatlarda ta’minlanishi;
yetishtirilgan hosilni o‘z vaqtida yig‘ib-terib olish, belgilangan yo‘nalishlar bo‘yicha tuzilgan shartnomalar asosida yetkazib berish va sotish ishlari tashkil etilishi ustidan nazorat o‘rnatsin.
4. Boshoqli don ekinlari o‘rniga ekilgan takroriy ekinlarning eksportbop turlarini aniqlab, ularni eksportyor korxonalar orqali tashqi bozorlarga sotilishini ta’minlash bo‘yicha ishchi guruhi tarkibi 10-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Ishchi guruhi (Rozuqulov):
joriy yilning 15 iyunigacha tumanlar hokimlarining qarori bilan tasdiqlangan takroriy ekinlarni ekish va yetishtirish prognozlarida eksportbop mahsulotlarni yetishtirish va eksportga chiqarishning aniq hajmlarini ishlab chiqish;
eksportyor korxonalar bilan fermer xo‘jaliklari o‘rtasida eksportbop mahsulotlar uchun shartnomalar tuzilishi, avans va yakuniy mablag‘lari to‘lanishini;
shartnoma asosida fermer xo‘jaliklari tomonidan belgilangan hajmlarda mahsulotlarni yetkazib berish va ushbu mahsulotlarni eksportga jo‘natish ishlarini tashkil etsin.
5. Takroriy ekinlarni ekish va yetishtirish uchun mineral o‘g‘it va yonilg‘i-moylash materiallarini yetkazib berish, hisob-kitobini amalga oshirish
va debitor qarzdorliklarni oshishini oldini olish bo‘yicha ishchi guruhi tarkibi 11-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Ishchi guruhi (Ibragimov):
fermer xo‘jaliklariga boshoqli don ekinlaridan bo‘shagan maydonlarda takroriy ekinlarni ekish va parvarishlash uchun mineral o‘g‘it, yonilg‘i-moylash materiallarini yetkazib berish;
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari bilan bir hafta muddatda fermer xo‘jaliklari tomonidan takroriy ekindan olingan mahsulotni sotish hisobidan yetkazib berilgan mineral o‘g‘it va yonilg‘i-moylash mahsulotlari uchun qarzdorliklarni
2018 yilning 1 apreliga qadar to‘liq qaytarish grafiklarini ishlab chiqish
va ijrosini ta’minlash;
qarzdorliklarni tizimli undirish maqsadida fermer xo‘jaliklariga “Agrobank” aksiyadorlik tijorat banki, “O‘zagrokimyohimoya” aksiyadorlik jamiyati, “O‘zkimyosanoat” aksiyadorlik jamiyati va “O‘zdonmaxsulot” aksiyadorlik kompaniyasidan vakillar biriktirish;
takroriy ekin turlari bo‘yicha aniqlangan talablar asosida mineral o‘g‘itlar bilan ta’minlash va maqsadli ishlatilishi ustidan nazorat o‘rnatish ishlarini tashkil etsin.
Takroriy ekin hisobidan olinadigan daromadlarni birinchi navbatda fermer xo‘jaliklarining ta’minotchi va xizmat ko‘rsatuvchi korxonalar oldidagi kreditorlik qarzlarini qoplashga yo‘naltirilishi belgilab qo‘yilsin.
6. Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarda takroriy ekinlarning ekilishini tizimli tashkil etish ishlarini muvofiqlashtirish bo‘yicha vazirlik va idoralardan hamda respublika tijorat banklaridan biriktirilgan ishchi guruhi tarkibi 12-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
7. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar
va tumanlar hokimliklariga:
joriy yilning 5 iyuniga qadar hududlarning tuproq-iqlim,
suv ta’minoti sharoitlarini inobatga olgan holda takroriy ekin turlarini fermer xo‘jaliklari kesimida joylashtirishni tumanlar hokimlari qarori bilan tasdiqlash;
g‘alladan bo‘shagan maydonlarni somondan tozalashni tashkil qilish,
ekin turlarini fermer xo‘jaliklari kesimida joylashtirish bo‘yicha Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisining hamda viloyatlar hokimlarining qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosarlari rahbarligida;
takroriy ekinlarni ekish uchun yerlarni shudgorlash, yer tayyorlash, ekish va parvarishlash ishlarini moddiy-texnika resurslari, shu jumladan urug‘lik, mineral o‘g‘it, yonilg‘i-moylash mahsulotlari va boshqa resurslar bilan ta’minlash masalalarini muvofiqlashtirish uchun Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisining hamda viloyatlar hokimlarining iqtisodiyot va tadbirkorlik masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosarlari rahbarligida ishchi guruhlar tashkil etish vazifasi yuklansin.
8. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi va viloyatlar hokimlarining fermer xo‘jaliklari kesimida takroriy ekinlardan ekib, olinadigan hosilni qish-bahor mavsumi uchun zaxiraga jamg‘arish, ichki bozorga sotish, eksportga sotish orqali valyuta tushumini ta’minlash hamda debitor qarzdorliklarni 2018 yil 1 aprelgacha yopish bo‘yicha bergan kafolatlari;
Toshkent shahri hokimining shahar aholisi uchun qish-bahor mavsumiga zahiraga jamg‘arish uchun respublika tumanlaridan fermer xo‘jaliklari bilan shartnoma tuzish, avans va yakuniy to‘lovlarni amalga oshirish hamda aniq muzlatkichli omborxonalarda jamg‘arish yuzasidan bergan kafolati inobatga olinsin.
9. Takroriy ekinlarni to‘liq hajmlarda ekilishi, ko‘zlangan hosilni olinishi hamda belgilangan maqsadlarda ishlatilishiga Respublika komissiyasi, ishchi guruhlar rahbarlari hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimi mas’ul ekanligi belgilab qo‘yilsin.
10. Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarda 2017 yilda suvni tejaydigan texnologiyalarni joriy qilish ishlarining asosiy ko‘rsatkichlari 13-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
O‘zbekiston Respublikasi Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va tumanlar hokimliklari bilan birgalikda suv ta’minoti og‘ir bo‘lgan hududlarda suvni tejaydigan texnologiyalarni to‘liq joriy qilinishini ta’minlasinlar.
O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankiga va tijorat banklariga suvni tejaydigan texnologiyalarni joriy qilishda talab etiladigan kredit mablag‘larini ajratish tavsiya etilsin.
11. Shunday tartib o‘rnatilsinki, unga ko‘ra “O‘zbekoziqovqatxolding” xolding kompaniyasi, “O‘zbekoziqovqatzaxira” uyushmasi hamda “O‘zagroeksport” aksiyadorlik jamiyati:
boshoqli don ekinlaridan bo‘shaydigan maydonlarda yetishtirilgan sabzavot, kartoshka va poliz mahsulotlarining davlat buyurtmasi asosida, dehqon va fermer xo‘jaliklari bilan kelishilgan bozor narxlarida xarid qilinishini va ularning eksport qilinishida amaliy yordam berishni;
fermer xo‘jaliklari bilan mahsulot yetkazib berish bo‘yicha kontraktatsiya shartnomalari tuzilishini;
shartnomalarga muvofiq fermer xo‘jaliklariga urug‘lik, mineral o‘g‘it
va yonilg‘i-moylash mahsulotlarining avans tariqasida yetkazib berilishini ta’minlaydilar.
12. O‘zbekiston Respublikasi Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi,
Adliya vazirligi, “O‘zbekoziqovqatxolding” xolding kompaniyasi, “O‘zbekoziqovqatzaxira” uyushmasi, “O‘zagroeksport” aksiyadorlik jamiyati, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va tumanlar hokimliklariga:
2017 yilning 5 iyunigacha bo‘lgan muddatda mahsulot yetishtiruvchi fermer xo‘jaliklari va buyurtmachilar o‘rtasida tuzilgan kontraktatsiya shartnomalarini ro‘yxatdan o‘tkazish;
2017 yilning 7 iyunigacha xo‘jaliklarga yuqori sifatli urug‘liklarni dorilangan va sertifikatlar mavjud bo‘lgan taqdirda kamida 50 foiz haqini oldindan to‘lash sharti bilan yetkazib berilishini ta’minlash;
2017 yil 20 iyungacha bo‘lgan muddatda fermer xo‘jaliklari bilan qayta ishlovchi, zaxiraga g‘amlash va eksport qiluvchi tashkilotlar o‘rtasida tuzilgan kontraktatsiya shartnomalariga muvofiq mahsulot yetishtiruvchilarga shartnoma qiymatining 40 foizidan kam bo‘lmagan miqdorda avans mablag‘larini to‘lab berish choralarini ko‘rish vazifasi yuklansin.
13. Fermer xo‘jaliklarining takroriy ekindan olinadigan daromadi
va manfaatdorligini ta’minlash maqsadida:
fermer xo‘jaliklarining kontraktatsiya shartnomasida belgilangan hajmlardan ortiqcha miqdorda yetishtirgan mahsulotlari ularning
o‘z ixtiyorida qolishi;
boshoqli don ekinlaridan bo‘shaydigan maydonlarga takroriy ekinlarni turlari bo‘yicha ekish, yetishtirish hamda olinadigan hosil uchun shartnomalarni tuzish va xarid narxlarini belgilashda fermer xo‘jaliklarining moliyaviy barqarorligini va manfaatdorligini ta’minlash nuqtai nazaridan yondashilishi qat’iy belgilab qo‘yilsin.
14. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va tumanlar hokimlari, “Yergeodezkadastr” davlat qo‘mitasi, “O‘zbekoziqovqatxolding” xolding kompaniyasi, “O‘zbekoziqovqatzaxira” uyushmasi, “O‘zagroeksport” aksiyadorlik jamiyati rahbarlariga takroriy ekinlarni o‘z vaqtida to‘liq ekish, agrotexnika tadbirlarini belgilangan muddatlarda sifatli o‘tkazish bo‘yicha shaxsiy mas’uliyat yuklansin.
15. O‘zbekiston Respublikasi Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi, Markaziy bank va tijorat banklari Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari bilan birgalikda o‘n kun muddatda takroriy ekinlarni ekish va uning agrotexnikasini amalga oshirish uchun talab qilinadigan mablag‘larni shakllantirish choralarini ko‘rsinlar.
Belgilab qo‘yilsinki, boshoqli don ekinlaridan bo‘shagan maydonlarga ekiladigan takroriy ekinlarni ekish va parvarishlash ishlari fermer xo‘jaliklari tomonidan paxta va g‘alladan tashqari alohida ochilgan
hisob-raqam orqali amalga oshiriladi.
16. “O‘zkimyosanoat” aksiyadorlik jamiyati, “O‘zagrokimyohimoya” aksiyadorlik jamiyati, “O‘zneftmahsulot” aksiyadorlik kompaniyasi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklariga o‘n kun muddatda boshoqli don ekinlaridan bo‘shaydigan maydonlarga takroriy ekinlarni ekish uchun talab etiladigan yonilg‘i-moylash mahsulotlari va mineral o‘g‘itlarni davlat ehtiyojlari uchun qishloq xo‘jalik korxonalariga beriladigan narxlarda yetkazib berish vazifasi yuklatilsin.
Boshoqli don ekinlaridan bo‘shaydigan maydonlarga takroriy ekinlarni ekish va ularni parvarishlash uchun yonilg‘i-moylash mahsulotlari respublikada shakllangan narxlarga 10 foizgacha ustama qo‘yilishi orqali ta’minlab berilishiga rozilik berilsin.
18. “Yergeodezkadastr” davlat qo‘mitasi 2017 yilning 1 iyuligacha hududiy boshqarmalarni jalb qilgan holda boshoqli don ekinlaridan bo‘shagan maydonlarga ekilgan takroriy ekinlarni instrumental o‘lchovdan o‘tkazsin.
19. O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki va tegishli tijorat banklariga:
oziq-ovqat mahsulotlarini yetishtirish uchun talab etiladigan kredit mablag‘larini mahsulot yetishtiruvchi va xarid qiluvchi tashkilotlarga Markaziy bankning qayta moliyalash stavkasidan yuqori bo‘lmagan foiz stavkalarda ajratish;
chet eldan olib kelinadigan urug‘lik, o‘simliklarni himoya qilish vositalari hamda ekish, yig‘ishtirib olish va parvarishlash uchun talab qilinadigan maxsus texnika vositalarini xarid qilish uchun mablag‘larni
o‘z vaqtida konvertatsiya qilish tavsiya etilsin.
20. “O‘zbekoziqovqatxolding” xolding kompaniyasi, “O‘zbekoziqovqatzaxira” uyushmasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari bilan birgalikda 2017 yil 1 sentyabrgacha oziq-ovqat mahsulotlarini saqlashga mo‘ljallangan omborxona va muzlatkichlarni foydalanishga tayyor holatga keltirish va belgilangan hajmda mahsulotlarni jamg‘arish choralarini ko‘rsinlar.
21. O‘zbekiston Respublikasi Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi huzuridagi O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi ilmiy-ishlab chiqarish markazi, “O‘zagrokimyohimoya” aksiyadorlik jamiyati, “O‘zbekoziqovqatxolding” xolding kompaniyasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi hamda viloyatlar hokimliklari bilan birgalikda o‘n kun muddatda:
respublika hududlarining tuproq-iqlim sharoitlarini inobatga olgan holda sabzavot, poliz, kartoshka, dukkakli va moyli ekinlar navlarini joylashtirish va parvarishlash agrotexnikasi bo‘yicha ilmiy asoslangan tavsiyalarni ishlab chiqsin va joylarga yetkazsinlar;
oziq-ovqat ekinlarini ekish va yetishtirish agrotexnikasi bo‘yicha ko‘rgazmali-amaliy o‘quv-seminarlarini tashkil etsinlar.
22. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchisi O.B. Murodov va O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori I.B. Abdullayev zimmalariga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi
Prezidenti Sh.Mirziyoyev
Toshkent shahri, 2017 yil 1 iyun