30.03.2023
Prezident Shavkat Mirziyoyev 30-mart kuni Nukus shahridagi Altin jag‘is mahallasida bo‘lib, aholi hayoti bilan yaqindan tanishdi.
Bu yerda 4 mingdan ziyod aholi istiqomat qiladi. Mahallalardagi manzilli ishlar Altin jag‘isda ham o‘z natijasini bermoqda. Yaqin-yaqingacha bu manzil transportlar borishi qiyin, kommunikatsiya tarmoqlari kamchil joy edi. O‘tgan yili bu yer “Obod mahalla” dasturiga kiritilib, keng ko‘lamli qurilish va obodonlashtirish ishlari olib borildi. Yo‘l, elektr energiyasi, ichimlik suvi hamda gaz tarmoqlari yangilandi.
Mahalla binosi yangidan qurilib, uning atrofida bolalar maydonchalari, tibbiyot punkti, tadbirkorlikka ko‘maklashuvchi markaz, savdo shoxobchasi tashkil etildi. Zamonaviy sport majmuasi qurib bitkazilmoqda. Bunday yaxlit majmua aholiga qulaylik yaratadi.
Davlatimiz rahbari mahalladagi o‘zgarishlarni ko‘zdan kechirdi, aholi bilan suhbatlashdi.
– Mahallangiz obod bo‘lganini, odamlar yuzidagi rozilikni ko‘rib xursandman. Buni hamma joyda davom ettiramiz. Qoraqalpog‘iston mahallalarini obod qilish, suv, yo‘l, elektr ta’minotini yaxshilash, maktab, bog‘cha va tibbiyot punktlarini qurish va ta’mirlash uchun bu yil 1,5 trillion so‘m berayapmiz. Bundan tashqari, Qoraqalpog‘istondagi 452 ta mahallaning har biriga to‘g‘ridan-to‘g‘ri 500 million so‘mdan qo‘shimcha mablag‘ ajratiladi. Muammoni mahallaning o‘zi ko‘tarsin, o‘ziga pul beraylik, o‘zi nazorat qilsin. Shunda sifat va manfaat bo‘ladi. Odamlar rozi bo‘ladi, – dedi Prezident.
Bu yerda ham tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlab, yangi ish o‘rinlari yaratishga e’tibor qaratilmoqda. Mahallaning yeri unumdor emas. Aholi asosan xizmat ko‘rsatish orqali daromad oladi. Mahallada maishiy xizmat shoxobchalari, tikuvchilik korxonalari, novvoyxona, mebelsozlik va texnik xizmat ustaxonalari bor. Kelgusida quyonchilik va baliqchilikni rivojlantirish rejalashtirilmoqda.
Mahalla bilan tanishish uzoq davom etdi. Davlat rahbari shu yerlik Quo‘anshbay Seytnazarov xonadonida iftorlik qildi.
Yurtimizni Navro‘z shukuhi hali tark etmagan. Prezidentimiz mahalla ahlining sumalak saylida ham ishtirok etdi.
Shavkat Mirziyoyev shu yerda ommaviy axborot vositalari vakillari bilan ham suhbatlashdi.