05.06.2017
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori
Jamiyatimizda sog‘lom turmush tarzini shakllantirish, aholining, ayniqsa, yosh avlodning jismoniy tarbiya va ommaviy sport bilan muntazam shug‘ullanishi uchun zamon talablariga mos shart-sharoitlar yaratish, sport musobaqalari orqali yoshlarda o‘z irodasi, kuchi va imkoniyatlariga bo‘lgan ishonchni mustahkamlash, mardlik va vatanparvarlik, ona Vatanga sadoqat tuyg‘ularini kamol toptirish, shuningdek, yoshlar orasidan iqtidorli sportchilarni saralab olish ishlarini tizimli tashkillashtirish hamda jismoniy tarbiya va ommaviy sportni yanada rivojlantirishga yo‘naltirilgan keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.
Yurtimiz vakillarining Olimpiya o‘yinlari, jahon chempionatlari, Osiyo o‘yinlari va chempionatlari hamda xalqaro musobaqalarda yuksak natijalarga erishayotgani, dunyoda O‘zbekistonning obro‘-e’tibori va sport salohiyati yanada oshayotgani, respublikamiz hududlarida jahon andozalariga mos muhtasham sport inshootlari barpo etilayotgani, o‘quvchi va talaba-yoshlar o‘rtasida uch bosqichdan iborat "Umid nihollari", "Barkamol avlod" va Universiada sport o‘yinlari ommalashib borayotgani, ayniqsa, e’tiborlidir.
Shu bilan birga, mamlakatimizning barcha hududlarida ommaviy sportning inson va oila hayotidagi muhim ahamiyati, uning jismoniy va ma’naviy sog‘lomlikning asosi ekanini targ‘ib-tashviq qilish, hayotga katta umid bilan kirib kelayotgan yoshlarni zararli odatlardan asrash, ularga o‘z qobiliyat va iste’dodlarini ro‘yobga chiqarishlari uchun zarur shart-sharoitlar yaratish, ular orasidan iqtidorli sportchilarni saralab olish hamda maqsadli tayyorlash tizimini takomillashtirish borasida muhim va dolzarb vazifalar turibdi.
O‘zbekiston Respublikasi hududlarida jismoniy tarbiya va ommaviy sportni yanada rivojlantirish, aholining barcha qatlamlari, ayniqsa, yoshlarni jismoniy tarbiya va sport bilan muntazam shug‘ullanishga jalb etish, mamlakatimizda bu borada yaratilgan sharoitlardan samarali foydalanish natijadorligini oshirish maqsadida:
1. O‘zbekiston Respublikasida jismoniy tarbiya va ommaviy sportni yanada rivojlantirish dasturi (keyingi o‘rinlarda Dastur deb ataladi) 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Quyidagilar Dasturning asosiy yo‘nalishlari etib belgilansin:
jismoniy tarbiya va sport sohasini tashkil etish va boshqarish tizimini rivojlantirishga yo‘naltirilgan qonunchilikni yanada takomillashtirish;
jismoniy tarbiya va sport sohasining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, zamonaviy sport komplekslarini qurish, ularni zamonaviy sport uskunalari va anjomlari bilan jihozlash, mazkur sohada xususiy sektorni rivojlantirish;
jismoniy tarbiya va sport sohasida kadrlar tayyorlash, ularni qayta tayyorlash va malakasini oshirish muassasalarini ilmiy-uslubiy jihatdan qo‘llab-quvvatlash hamda sport maktablarini yuqori malakali murabbiylar va tibbiyot xodimlari bilan ta’minlash;
ta’lim muassasalari o‘quvchi va talabalari, aholining keng qatlamlari o‘rtasida sog‘lomlashtirish, jismoniy tarbiya, ommaviy sport ishlarini tashkil etish, kompleks sport musobaqalarini o‘tkazish, yoshlar orasidan iqtidorli sportchilarni saralab olish va ularni maqsadli tayyorlash;
ommaviy axborot vositalari, internet tarmog‘ining imkoniyatlaridan faol foydalangan holda, aholi o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish, Dasturning mazmun-mohiyati hamda uni amalga oshirish jarayoni to‘g‘risida keng axborot-tushuntirish ishlarini olib borish.
2. O‘zbekiston Respublikasida jismoniy tarbiya va ommaviy sportni yanada rivojlantirish dasturi bajarilishini muvofiqlashtiruvchi respublika komissiyasi (keyingi o‘rinlarda Respublika komissiyasi deb ataladi) tarkibi 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Respublika komissiyasi (A.N.Aripov) vazifalari etib quyidagilar belgilansin:
Dasturda nazarda tutilgan barcha chora-tadbirlar to‘liq amalga oshirilishi yuzasidan mas’ul vazirliklar, idoralar va mahalliy davlat hokimiyati organlari faoliyatini muvofiqlashtirish;
bir hafta muddatda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar, Toshkent shahri, tumanlar va shaharlarda Dastur ijrosini ta’minlash bo‘yicha hududiy ishchi guruhlar tashkil etilishini ta’minlash;
ikki hafta muddatda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar, Toshkent shahar, tuman hokimliklari tomonidan ushbu qaror va dasturdan kelib chiqqan holda hududiy dasturlar ishlab chiqilishini ta’minlash;
bir oy muddatda O‘zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport davlat qo‘mitasining Sport va ommaviy jismoniy tarbiya tadbirlarining kalendar rejasiga kiritilgan barcha sport turlari bo‘yicha tegishli respublika va hududiy sport federatsiyalariga (uyushmalariga) biriktiriladigan homiy tashkilotlarning amaliy yordam berish bo‘yicha takliflari va tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlashga doir barcha masalalar hal etilishini ta’minlash;
ikki oy muddatda yoshlar orasidan iqtidorli sportchilarni saralab olish, ularni maqsadli tayyorlash ishlarini tizimli tashkillashtirish va nazorat qilish tartibini ishlab chiqish va tasdiqlash.
Respublika komissiyasi tomonidan amalga oshirilgan ishlarning natijalari muntazam ravishda hukumatning yarim yillik majlislarida muhokama qilib borilsin.
3. Dasturning moliyalashtirish manbalari etib quyidagilar belgilansin:
O‘zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport davlat qo‘mitasi huzuridagi Bolalar sportini rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘lari;
O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi Byudjetdan tashqari ta’lim va tibbiyot muassasalarining moddiy-texnik bazasini rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘lari;
O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti mablag‘lari;
Qoraqalpog‘iston Respublikasi byudjeti, viloyatlar, Toshkent shahar mahalliy byudjetlari, jamg‘armalar, sport federatsiyalari (uyushmalari), klublari, xorijiy investorlar, jismoniy tarbiya va sport jamiyatlari mablag‘lari, yuridik va jismoniy shaxslarning homiylik xayriyalari;
qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar.
4. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar, Toshkent shahar, tumanlar va shaharlar hokimliklari aholi, o‘quvchi va talabalarni sport musobaqalariga, respublika sport tadbirlariga yuborish uchun mablag‘lar Sport va ommaviy jismoniy tarbiya tadbirlarining kalendar rejasida nazarda tutilgan mablag‘lar doirasida asoslangan hisob-kitoblarga muvofiq ajratilishini ta’minlasin.
5. O‘zbekiston Respublikasi Davlat arxitektura va qurilish qo‘mitasi:
sport inshootlarini yangidan qurish, rekonstruksiya qilish va mukammal ta’mirlash ishlari bo‘yicha loyiha-smeta hujjatlarini belgilangan tartibda davlat ekspertizasidan o‘tkazilishini ta’minlasin;
Dasturni amalga oshirish doirasida bajariladigan loyihaviy va qurilish-montaj ishlari sifati, shaharsozlik normalari va qoidalariga rioya etilishi ustidan davlat arxitektura-qurilish nazoratini o‘rnatsin hamda buyurtmachi va pudratchi tashkilotlar tomonidan tuzilgan shartnomalar shartlari bajarilishi yuzasidan tizimli monitoring olib borsin.
6. O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi va Jismoniy tarbiya va sport davlat qo‘mitasi tomonidan bildirilgan hududiy ko‘p tarmoqli tibbiyot markazlarida sport tibbiyoti bo‘limlarini tashkil etish va ularning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash to‘g‘risidagi takliflar ma’qullansin.
7. O‘zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport davlat qo‘mitasiga:
Dastur va uning asosida ishlab chiqilgan hududiy dasturlarda belgilangan barcha chora-tadbirlar ijrosi o‘z muddatida sifatli amalga oshirilishi yuzasidan tegishli vazirlik va idoralar, mahalliy davlat hokimiyati organlari va hududiy ishchi guruhlarga tashkiliy-uslubiy yordam ko‘rsatish;
O‘zbekiston terma jamoalari sportchilarining o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlari, jahon birinchiliklari, Osiyo o‘yinlari va chempionatlari, xalqaro musobaqalarda muvaffaqiyatli ishtirok etishlarini ta’minlash maqsadida musobaqalar yakunlarida erishilgan natijalarni chuqur tahlil qilish va tizimli monitoringini olib borish;
yoshlar orasidan iqtidorli sportchilarni saralab olish, jismoniy tarbiya va sportga ixtisoslashgan sport maktablariga, ta’lim muassasalari va sport klublariga iqtidorli sportchilarni qabul qilish jarayonlarining shaffofligi va xolisligini ta’minlash yuzasidan doimiy ravishda ta’sirchan choralar ko‘rish hamda har chorak yakunlari bo‘yicha qo‘mitaning majlislarida tanqidiy-tahliliy muhokamadan o‘tkazish vazifalari yuklansin.
8. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar, Toshkent shahar hokimliklari:
sport inshootlari yil davomida uzluksiz faoliyat yuritishini ta’minlash, ulardan samarali foydalanish, moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, ehtiyojga ko‘ra sport inshootlarini muqobil energiya manbalari bilan jihozlash choralarini ko‘rsin;
tegishli hududda sport federatsiyalariga (uyushmalariga) biriktiriladigan homiy tashkilotlarning amaliy yordam berish turlari (bino va inshootlardan bepul foydalanish, mablag‘lar hamda sport anjomlari bilan ta’minlash va h.k.) bo‘yicha takliflari va tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlashga doir barcha masalalar hal etilishini ta’minlasin;
sport ta’lim muassasalari va majmualari ixtiyoridagi yer maydonlarini (ochiq va yopiq turdagi sport inshootlarini) tasarruf etish O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi qarorlari asosida amalga oshirilishiga qat’iy rioya qilinsin.
9. O‘zbekiston Milliy axborot agentligi, O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, O‘zbekiston matbuot va axborot agentligi, O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi Dasturning mazmun-mohiyati hamda uning doirasida tashkillashtiriladigan tadbirlarni ommaviy axborot vositalarida, shu jumladan, internet tarmog‘i orqali aholi orasida muntazam va keng yoritilishini ta’minlasin.
10. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov va O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchisi A.N.Yunusxodjayev zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.MIRZIYOYEV
Toshkent shahri, 2017-yil 3-iyun
Mamlakatimizda mustaqillik yillarida aholining, ayniqsa, yosh avlodning jismoniy tarbiya va ommaviy sport bilan muntazam shug‘ullanishi uchun zamon talablariga mos shart-sharoitlar yaratildi, sport musobaqalari orqali yoshlarda o‘z irodasi, kuchi va imkoniyatlariga bo‘lgan ishonchni mustahkamlash, mardlik va vatanparvarlik, ona Vatanga sadoqat tuyg‘ularini kamol toptirish, ular orasidan iqtidorli sportchilarni saralab olish va maqsadli tayyorlash ishlarini tizimli tashkil etish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirildi.
Yurtimizda o‘quvchi va talaba-yoshlar o‘rtasida tobora ommalashib borayotgan, ta’lim muassasalarida tahsil olayotgan navqiron o‘g‘il-qizlarimiz uchun chinakam chiniqish va mahorat maktabiga, katta hayot yo‘liga parvoz maydonchasiga aylanib ulgurgan “Umid nihollari”, “Barkamol avlod”, Universiada sport musobaqalarini o‘zida mujassamlagan uch bosqichdan iborat yaxlit tizim yaratildi. Mazkur tizim orqali bugungi kunda nufuzli xalqaro maydonlarda Vatanimiz bayrog‘ini baland ko‘tarib kelayotgan mashhur sportchilar yetishib chiqmoqda. Eng muhimi, ushbu musobaqalar yoshlarimizni ommaviy tarzda sportga, sog‘lom turmush tarziga oshno qilish vositasiga aylandi.
Faqat so‘nggi besh yil ichida respublikamizda jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirish, shuningdek, uning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash uchun byudjetdan 1 trillion 230 milliard so‘m mablag‘ ajratildi.
Shu bilan birga, bugungi kunda aholining barcha qatlamlarini jismoniy tarbiya va ommaviy sport bilan qamrab olish, mamlakatimizning barcha hududlarida jismoniy tarbiya va ommaviy sportning inson va oila hayotidagi muhim ahamiyati, uning jismoniy va ma’naviy sog‘lomlik hamda yetuklikning asosiy shartlaridan biri ekanligini faol targ‘ib etish, yoshlarga o‘z qobiliyat va iste’dodlarini ro‘yobga chiqarishlari uchun zarur shart-sharoitlar yaratish, ular orasidan sport sohasida alohida iqtidor egalarini saralab olish va maqsadli tayyorlash tizimini takomillashtirish kabi masalalar tizimli asosdagi yechimini kutmoqda. Qator sport muassasalarining moddiy-texnik bazasi zamon talablariga javob bermaydi, sport inshootlaridan samarali foydalanish darajasi pastligicha qolmoqda.
Mazkur sohada to‘planib qolgan muammolarni hal etish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Jismoniy tarbiya va ommaviy sportni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
Ushbu qaror bilan O‘zbekiston Respublikasida jismoniy tarbiya va ommaviy sportni yanada rivojlantirish dasturi tasdiqlanib, unga muvofiq keng ko‘lamli, aniq maqsadli ishlar amalga oshirilishi ko‘zda tutilgan. Jumladan, dasturga muvofiq:
jismoniy tarbiya va sport sohasini tashkil etish va boshqarish tizimini rivojlantirishga yo‘naltirilgan qonunchilikni yanada takomillashtirish;
jismoniy tarbiya va sport sohasining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, zamonaviy sport komplekslarini qurish, ularni zamonaviy sport uskunalari va anjomlari bilan jihozlash, mazkur sohada xususiy sektorni rivojlantirish;
jismoniy tarbiya va sport sohasida kadrlar tayyorlash, ularni qayta tayyorlash va malakasini oshirish muassasalarini ilmiy-uslubiy jihatdan qo‘llab-quvvatlash, sport maktablarini yuqori malakali murabbiylar va tibbiyot xodimlari bilan ta’minlash;
ta’lim muassasalari o‘quvchi va talabalari, aholining keng qatlamlari o‘rtasida sog‘lomlashtirish, jismoniy tarbiya, ommaviy sport ishlarini tashkil etish, kompleks sport musobaqalarini o‘tkazish, yoshlar orasidan iqtidorli sportchilarni saralab olish va ularni maqsadli tayyorlash kabi yo‘nalishlarda kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirish nazarda tutilgan.
Dastur ijrosi doirasida sport turlari bo‘yicha Respublika oliy sport mahorati maktablari va bolalar-o‘smirlar sport maktablarining shtatlar jadvaliga “Sportchi” lavozimi joriy etilishi O‘zbekiston milliy terma jamoalari a’zolarini moddiy qo‘llab-quvvatlash tizimini yanada mustahkamlashga yo‘naltirilgan muhim qadam vazifasini o‘taydi.
Dasturda, shuningdek, barcha ta’lim muassasalari sport inshootlarida darsdan so‘ng o‘quvchi va talabalar uchun sport to‘garaklari hamda sport klublari faoliyatini tizimli tashkil etish va boshqarishni yo‘lga qo‘yish maqsadida sport turlariga ixtisoslashtirilgan bolalar-o‘smirlar sport maktablarida hamda bolalar-o‘smirlar sport maktablarida “Sport to‘garagi va seleksiya bo‘yicha trener” lavozimini kiritish belgilangan. Mazkur lavozimni joriy etish orqali ta’lim muassasalarida tashkil etiladigan sport to‘garaklari bilan qo‘shimcha ravishda minglab o‘quvchi va talabalarni qamrab olishga erishiladi va ularga sport bilan muntazam ravishda shug‘ullanishlariga qulay imkoniyatlar yaratiladi.
Bundan tashqari, dasturda jismoniy tarbiya va sportga ixtisoslashgan ta’lim muassasalari va sport klublari faoliyatini olimpiya, milliy va boshqa sport turlari kesimida reyting baholash tizimini joriy etish belgilangani ularning faoliyatini sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarish, Jismoniy tarbiya va sport davlat qo‘mitasining “Jismoniy tarbiya va sport a’lochisi” ko‘krak nishonining ta’sis etilishi esa soha fidoyilari mehnatini yanada munosib rag‘batlantirishga xizmat qiladi.
Dasturga ko‘ra, o‘quvchi va talaba-yoshlar o‘rtasida o‘tkaziladigan uch bosqichdan iborat "Umid nihollari", "Barkamol avlod" va Universiada sport o‘yinlari dasturlarini sportning ommaviy turlari hisobiga kengaytirish, nufuzini oshirish va musobaqa g‘oliblarini munosib rag‘batlantirish tizimini tubdan takomillashtirish nazarda tutilgan.
Yoshlar orasidan iqtidorli sportchilarni saralab olish, ularni maqsadli tayyorlash ishlarini tizimli ravishda tashkil etish va nazorat qilish bo‘yicha Respublika va hududiy kengashlar faoliyatining tashkil etilishi, jismoniy tarbiya va sportga ixtisoslashgan ta’lim muassasalari va sport klublariga iqtidorli sportchilarni saralab olish va qabul qilish jarayonida shaffoflik va xolislikni ta’minlash choralarining amalga oshirilishi pirovardida xalqaro musobaqalarda sportchilarimiz yutuqlari salmog‘ini oshirishga xizmat qilishi shubhasizdir.
Qarorda o‘z yechimini topgan muhim masalalardan yana biri –hududiy ko‘p tarmoqli tibbiyot markazlarida sport tibbiyoti bo‘limlarining tashkil etilishi va ularning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash belgilab qo‘yilganidir.
Dastur doirasida rejalashtirilgan chora-tadbirlarni amalga oshirish uchun, 2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasida jismoniy tarbiya va ommaviy sportni yanada rivojlantirish maqsadida jami 995,2 milliard so‘mdan ziyod mablag‘ sarflanishi nazarda tutilgan bo‘lib, shundan 706,2 milliard so‘mdan ortiq qismi ushbu yillarda jami 167 ta sport inshooti, jumladan, 90 ta sport majmuasi va 77 ta suzish havzasini qurish, rekonstruksiya qilish va kapital ta’mirlash hamda jihozlash va qayta jihozlashga yo‘naltiriladi.
Qaror va dastur doirasida belgilangan chora-tadbirlarning amalga oshirilishi jismoniy tarbiya va ommaviy sportning jamiyatimiz hayotidagi rolini yanada kuchaytirish, aholining barcha qatlamlari orasida sog‘lom turmush tarzini shakllantirish, yoshlarga o‘z qobiliyat va iste’dodlarini ro‘yobga chiqarishlari uchun barcha shart-sharoitlarni yaratish orqali ularni ommaviy tarzda sportga, sog‘lom turmush tarziga oshno qilish, qolaversa, nufuzli xalqaro maydonlarda Vatanimiz bayrog‘ini baland ko‘tarib kelayotgan mashhur sportchilarimiz saflarini tobora kengaytirishga xizmat qiladi.